Jahon | 08:35 / 15.06.2019
20807
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng katta samolyot 400 mln dollarga sotilishi mumkin – OAV

Foto: Stratolaunch

Microsoft kompaniyasining marhum hamasoschisi Pol Allenning Vulcan xolding kompaniyasi dunyodagi eng katta samolyot Stratolaunch bilan bog‘liq loyihani 400 mln dollarga sotmoqchi. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbalarga iqtibos keltirgan holda CNBC telekanali xabar berdi.  

Stratolaunch samolyot-tashuvchisi 9,1 ming metr balandlikdan orbitaga raketalar uchirish uchun mo‘ljallangan. Dastlab Stratolaunch Systems aerokoinot kompaniyasi samolyotdan sun'iy yo‘ldoshlarni yer atrofi orbitasiga uchirishga mo‘ljallangan Pegasus XL qanotli raketasini uchirishni rejalashtirmoqda. Kelgusida samolyot o‘z bortiga 3 tagacha raketa olishi mumkin.

Aprel o‘rtalarida Stratolaunch ilk parvozini amalga oshirgandi. Samolyot Moxava cho‘lidagi (Kaliforniya) poligondan havoga ko‘tarilib, 5 kmdan ko‘proq balandlikda 304 km/soat tezlik bilan 2,5 soat parvoz qilgan. Ushbu parvoz davomida samolyotning uchish-texnik ko‘rsatkichlari baholangan. 

Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, loyiha uchun so‘ralayotgan narx ichiga samolyotga egalik qilish huquqi, intellektual mulk va loyiha bilan bog‘liq infratuzilma kiradi.

Ma'lum qilinishicha, kompaniya britaniyalik milliarder Richard Brensonga loyihani Virgin Group kompaniyasiga sotish taklifi bilan murojaat qilgan, biroq milliarder go‘yoki loyiha uchun ramziy 1 dollar taklif qilgan. 

Telekanalning ta'kidlashicha, Stratolaunch ham, Vulcan ham samolyotning sotilishi haqidagi axborotga izoh bermagan, biroq kompaniya vakili samolyot foydalanishga tayyorligini ma'lum qilgan.

Mavzuga oid