O‘zbekiston | 15:30 / 20.06.2019
5276
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston delegatsiyasi Gaaga konferensiyasining diplomatik yig‘ilishida ishtirok etmoqda

O‘zbekiston adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Gaaga (Niderlandiya) shahrida bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga konferensiyasining yigirma ikkinchi diplomatik sessiyasida kuzatuvchi sifatida ishtirok etmoqda. Sessiya 24 iyunga qadar davom etadi.

Adliya vazirligining bildirishicha, O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibiga, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy sud, Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Toshkent xalqaro arbitraj markazi vakillari ham kirgan. 

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Sessiya 2019 yilgi Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga konferensiyasining Fuqarolik va tijorat masalalari bo‘yicha sud qarorlarini e'tirof etish va ijroga yo‘naltirish to‘g‘risidagi Konvensiyaga doir muzokaralarni yakunlash va uni qabul qilishga qaratilgan.

Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga konferensiyasi (XXHGK) xalqaro xususiy huquqni rivojlantirish sohasidagi nufuzli xalqaro tashkilotlardan biri hisoblanadi. XXHGK xalqaro shaxsiy huquq sohasidagi xalqaro munosabatlarni kodlash va unifikatsiya qilish, shuningdek milliy qonunlar, ma'muriy hamkorlik, yurisdiksiya va amaldagi huquqqa doir nizolar, xizmat ko‘rsatish, fuqarolik mavqei, bolalarni himoya qilish va xalqaro farzandlikka olishga doir masalalar bilan shug‘ullanadi. Gaaga konferensiyasi doirasida 38 ta konvensiya qabul qilingan. Hozirgi vaqtda Gaaga konferensiyasida 83ta, jumladan 82 davlat va yakka ishtirokchi sifatida YeI a'zo.

O‘zbekiston tashkilot a'zosi hisoblanmaydi, biroq XXHGK konvensiyasini imzolovchi mamlakatlar sirasiga kiradi.  

Gaagaga tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasining Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga konferensiyasi va Haqamlik sudi doimiy palatasi rahbariyati bilan uchrashuvi rejalashtirilgan.

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Hakamlik sudi doimiy palatasi (HSDP) xalqaro hamjamiyatga bahslarni hal qilishda ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan hukumatlararo tashkilot hisoblanadi. HSDP ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda kuchga tayanib ish ko‘rishning oldini olish orqali tinchlikni saqlashga qaratilgan ikki hujjat – 1899 va 1907 yillarda qabul qilingan Xalqaro bahslarni tinch yo‘l bilan hal qilish to‘g‘risidagi konvensiyalar asosida ish yuritadi.

Uchrashuvlar chog‘ida O‘zbekiston Respublikasining yuqorida qayd etilgan nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro xususiy huquqni rivojlantirish, xalqaro standartlarga muvofiq yuridik kadrlar tayyorlash bo‘yicha tajriba almashish kabi sohalardagi hamkorligini kengaytirish istiqbollari muhokama qilinadi.

Mavzuga oid