Barcha budjet tashkilotlarini ham «Vaqf»ni so‘roq qilgandek so‘roq qila olamizmi?
«Vaqf» fondi rahbarlaridan biri xayriya uchun yig‘ilgan pullardan «Malibu» olib, minib olganida, butun internet portlagandi. Aslida pul o‘g‘irlanmagan, shunchaki, bemaqsad ishlatilganining o‘zi ham, juda katta noroziliklar uchun yetarli bo‘lgandi. Axir bu pullar umuman boshqa maqsadlarda, muhtojlarning og‘irini yengil qilish, kimlargadir yordam berish uchun yig‘ilgan-ku, deyildi. Albatta, to‘g‘ri aytilgan hammasi.
Ammo men e'tiborni boshqa jihatga qaratmoqchiman. Qarang, dindorlar unaqa, bunaqa, deymiz-u, aynan mana shu yerda aslida, xalq bu toifaga ko‘proq ishonishi ma'lum bo‘lib qolyapti. Ishonch emas, shunchaki, boshqa so‘z bilan aytganda, xalq ulardan halol ishlashni, to‘g‘ri ishlashni ko‘proq talab qilar ekan. Boshqachasini hazm qila olmas ekan. Axir dindor bo‘lib turib, yolg‘on gapirasanmi? Dindor bo‘lib turib, pul o‘g‘irlaysanmi, pora olasanmi, bemaqsad hashamatga berilasanmi? Ya'ni bu e'tirozlar o‘z-o‘zidan dindorlardan talab yuqori ekanini, dindorlar yaxshi odam bo‘lishi kerakligini ham isbotlab qo‘yadi, go‘yoki.
Endi, dinni bir chetga surib turaylik. Budjetdan, ya'ni asosan soliqlar va davlat (xalq) boyliklaridan moliyalashtiriladigan qator tashkilotlar, organlar, vazirliklar bor. Aslini olganda, xuddi «Vaqf» fondi singari, u yerda ishlaydigan amaldorlar ham aslida, biz yig‘ib bergan pullarni ishlatishadi, oylik olishadi. Budjet ham katta bir FOND aslida, oddiy qilib aytganda, biz ularni pul yig‘ib, yollaganmiz - ana shu biz bergan pullarni to‘g‘ri sarflash, to‘g‘ri yo‘naltirish, o‘g‘irlik qilmaslikka mas'ul ular. «Vaqf» fondidagi pullar qanday sarflanishi bizni (o‘sha fondga pul bermagan bo‘lsak ham) qanchalik qiziqtirsa, u yerdagi xatolar bizni qanchalik xafa qilsa, budjet ham shunaqa, hatto undan ham muhimroq – chunki bu yerda hamma pul beradi, hamma haqdor bo‘ladi, faqat ehson qiluvchilar emas.
Ammo negadir, unaqa emas, qiziq, biz u yerlarda ko‘proq pullar o‘zlashtirilishini bilamiz, ko‘proq xatolar bo‘lishini, poraxo‘rliklarni ham bilamiz, lekin shunaqa bo‘lishi kerakdek, xotirjam qabul qilamiz. «Ey, bu bizning pullar, to‘g‘ri sarfla, o‘g‘irlama», deyish o‘rniga, «o‘sha pullarni ishlatish imkoniyatigacha yetib boribdimi, ko‘tarilibdimi, qandini ursin», deymiz. Havas qilamiz. Farzandlarimizni xalqqa xizmat qilish uchun emas, xalqning pullaridan ishlatish imkoniyati borligi uchun amaldor qilgimiz, amaldorga yaqinlashtirgimiz keladi...
Ha, «Vaqf» fondidagilar, musulmon, ular halol bo‘lishi kerak, boshqalarning pulini yemasliklari kerak, to‘g‘ri, lekin yana dinni bir chetga qo‘yib turaylik, boshqa sohadagilarda ham shunday mas'uliyat, majburiyat borku? Biz ularni avvalo, xalqimiz boyligiga, to‘planadigan soliqlarga omonatdor qilib yollamaganmizmi? Ularning halol bo‘lishi, yaxshi odam bo‘lishi hayotimizga ko‘proq ta'sir qilmaydimi, aslida? Shunday bo‘lishni ulardan ko‘proq talab qilishimiz, shunday bo‘lishga ularni ko‘proq majburlashimiz muhimroq emasmi?
Bir necha yil oldin, navbatdagi olimpiadadan so‘ng, Britaniyada mamlakat sharafini turnirda himoya qilgan sportchilar haqida turli masalalar ko‘tarilgan. Hatto «ular bizning soliqlarimiz evaziga shug‘ullanishdi va medalli bo‘lishdi» degan masala ham ko‘tarilgan, sportchilar xalqdan qarzdor ekanini aytganlar bo‘lgan ekan. Shu yo‘nalishda pul sarflash kerakmi yoki yo‘qmi, deb bahslashishgan ham. «Yurtimizni dunyoga tanitishdi, rahmat, ularga mashinalar va mukofotlar berilsa arziydi» qabilidagi fikrlarning g‘irt teskarisi. Men bu bilan sportchilarni mukofotlashga qarshilik qilmayapman, shunchaki, ba'zida masala mohiyatini to‘g‘ri qo‘yish ham juda zarurdir.
Bu holat g‘arb va sharq mentalitetidagi farqlar, bizda boshqaruvchilarga «podshoh»dek qarash lozimligi haqidagi fikrlar bilan inkor etilishi ham noto‘g‘ri.
Bolqon mamlakatlaridan biridagi bir amaldor chet elga xizmat safariga chiqadi va aeroportda kiyimlari solingan sumkani yo‘qotib qo‘yadi. Magazindan dress kod uchun kostyum shim sotib olishga majbur bo‘ladi. U qaytib kelgach, jamoatchilik savolga tutadi – nega falon dollarlik kiyimi olish o‘rniga, ellik dollarga qimmatini olding? Amaldor cheklarni ko‘rsatib, o‘sha ortiqcha qismi shaxsiy plastigidan qoplanganini ko‘rsatgachgina, hamma tinchiydi. Bu qaysi mentalitet? Sizga sharqning odil hukmdorlaridan biri haqidagi rivoyat – Hazrat Umar va sham voqeasini eslatmayaptimi? Ya'ni adolat, omonatdorlik ma'lum mentalitetning mevasi emas, umuminsoniy qadriyat hisoblanadi va kim bu qadriyatlarni faoliyat markaziga qo‘ysa, rivojlanaveradi.
Oshkoralik – yaxshi ne'mat. Agar savollar to‘g‘ri qo‘yilsa, masalaning mohiyatiga ko‘proq e'tibor berilsa, juda samarali qurolga aylanadi.
Qahramon Aslanov
Mavzuga oid
17:40 / 24.12.2024
Bayden 2025 yil uchun rekord darajadagi AQSh mudofaa budjetini tasdiqladi
17:14 / 01.12.2024
Rossiyada urush xarajatlari rekord darajada ko‘p bo‘lgan budjet tasdiqlandi
13:32 / 22.11.2024
Duma 2025 yilgi budjetni urushga rekord xarajatlar bilan qabul qildi
13:44 / 21.11.2024