Jahon | 08:10 / 23.06.2019
36426
3 daqiqa o‘qiladi

«Eronni yanada kuchli qilaylik!». Tramp yangi sanksiyalar haqida e'lon qildi

Foto: Reuters

AQSh Eron bilan munosabatlarda jiddiy qo‘shimcha sanksiyalar qo‘llashga tayyorlanmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp tvitterida Eronning yadro dasturiga xalal berish maqsadida yangi sanksiyalar kiritishi haqida ma'lum qildi. 

Trampning aytishicha, yangi sanksiyalar 24 iyundan kiritiladi. 

«Biz qo‘shimcha sanksiyalar joriy etamiz. Nima bo‘lganida ham biz tezroq harakat qilishimiz zarur», degan Tramp. U yangi sanksiyalar nimalarda ko‘rinishiga aniqlik kiritmagan.

AQSh prezidenti Eronga qarshi sanksiyalar tez orada bekor qilinishi, bu esa mamlakatga yana «sermahsul va farovon davlatga aylanishiga» imkon berishini ham aytgan.

«Agar Eron badavlat mamlakatga aylanishni istasa, men bunga qarshi bo‘lmayman. Ammo agar ular 5-6 yildan keyin yadro quroliga ega bo‘lish uchun harakatlarini davom ettirishsa bunday bo‘lmaydi», deya qo‘shimcha qilgan amerikaliklar prezidenti.

«Keling, Eronni yanada buyuk qilaylik», degan Tramp.

Prezident yangi sanksiyalarni Eron rahbariyatining yadro dasturi bo‘yicha rejalariga bog‘lagan. 

15 may kuni Erondan tahdid xavfi bo‘lgani sababli AQSh armiyasi o‘zining Iroqdagi harbiylarini yuqori darajadagi tayyorgarlikka keltirgan edi. Shu kuni Eron yadro dasturiga oid Umumiy keng ko‘lamli harakatlar rejasi (Joint Comprehensive Plan of Action)da nazarda tutilgan yadroviy dastur bo‘yicha ayrim majburiyatlarni bajarishni rasman to‘xtatgan.

Shundan so‘ng Tehron uranni boyitish bo‘yicha ishlarni davom ettirishi va uni chetga sotishi, shuningdek, Arak shahrida joylashgan og‘ir suvda ishlaydigan reaktor modernizatsiyasini to‘xtatishi mumkin. Eron rahbariyati agar bitimning boshqa ishtirokchilari 60 kun mobaynida kelishuv shartlariga erishmasa, shunday yo‘l tutishini ma'lum qilgan.

17 iyun kuni rasmiy Tehron boyitilgan uranni ishlab chiqarish hajmini oshirishini ma'lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, may-iyun oylarida bu ikki mamlakat o‘rtasidagi ziddiyat yanada kuchaydi. 13 iyun kuni AQSh Eronni Ummon ko‘rfazidagi tankerlarga hujum qilishda aybladi.

20 iyun kuni AQSh tomonidan terrorchilik tashkiloti deb e'lon qilingan Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi amerikaliklar dronini urib tushirganini e'lon qildi. Amerikalik harbiylar RQ-4 Global Hawk rusumli uchuvchisiz uchish qurilmasi Hurmuz bo‘g‘ozi ustida harakatlanayotganida urib tushirilganini tasdiqladi.

21 iyun kuni New York Times nashri Oq uydagi manbasiga tayanib, dron yo‘qotilishidan keyin Tramp harbiylarga Erondagi pozitsiyalar bo‘ylab raketa zarbalari berishga buyruq bergani, ammo keyin hujumga 10 daqiqa qolganida qarorini bekor qilgani haqida xabar tarqatdi.

Mavzuga oid