O‘zbekiston | 20:20 / 24.06.2019
12589
2 daqiqa o‘qiladi

Transport vaziri o‘rinbosari: «Yuk tashuvchi mashinalar og‘irlashmoqda, mavjud yo‘llar esa bunga moslashmagan»

Milliy yuk tashuvchilarning raqobatbardoshligini, ularning tizimdagi ulushini oshirish Transport vazirligining yuk tashish masalasidagi hal qilinishi kerak bo‘lgan ishlaridan biridir. Bu haqida Transport vazirligi mas'ullari ishtirokida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tgan brifingda so‘z bordi.

«Bevosita mavzuga aloqador bo‘lgani uchun aytish joizki, bugun yo‘l sifati bo‘yicha fuqarolardan juda ko‘p shikoyatlar tushyapti. E'tirozlarning bitta sababi ishlab chiqarilayotgan yuk tashuvchi mashinalarning hajmi ortib boryapti, biroq qurilayotgan yo‘llarimiz bunday vaznga moslashmagan», deya Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Mahkamovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masalaning yechimi sifatida transport vositalarining og‘irlik va gabarit parametrlarini aniqlash uchun avtomatlashtirilgan og‘irlik va gabarit statsionar va ko‘chma shoxobchalarini tashkil etish choralari ko‘rilmoqda.

«Yo‘l qurilishini amalga oshirishda o‘ziga xos metodlar ham muhim hisoblanadi. Masalan, bugungi kunni oladigan, bo‘lsak, 24 soatda 2 xil temperaturani kuzatish mumkin. Yarim tun va kunduzning o‘rtasida 10-15 daraja farq bor. Qish oylarida esa kunduzi plyus, kechasi minus temperatura kuzatiladi. Bularning hammasiga mos ilmiy yondashuv bilan iqlimi o‘xshash davlatlar, masalan, Janubiy Koreya yoki qo‘shni mamlakatlar tajribasidan foydalanib, me'yoriy standartlarimizni ishlab chiqishimiz zarur», deya qurilishning nazariy tomonlari haqida ham ma'lumot berdi Ilhom Mahkamov.

Shuningdek, uning fikricha, davlat budjeti ajratgan pullar bilan avtomobil yo‘llarini butunlay qurish yoki ta'mirlashning iloji yo‘q. Bu borada ham xalqaro moliya institutlarining mablag‘i zarur.

Mavzuga oid