Jamiyat | 16:10 / 25.06.2019
9529
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud: 151 nafar sudyaga turli choralar ko‘rildi, 11 nafarining vakolati tugatildi

Bugun, 25 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oliy sud rahbariyati va jurnalistlar ishtirokida «Sud-huquq sohasidagi islohotlar» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Oliy sud raisining jinoyat, fuqarolik, ma'muriy, iqtisodiy, murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosarlari va matbuot xizmati boshliqlari ishtirok etishdi.

Tadbirda Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtalib o‘tdi.

Bugungi kunda respublikamiz bo‘yicha 607ta sud faoliyat ko‘rsatmoqda. Prezident qarori bilan sudlar ixtisoslashdi. Jinoyat, fuqarolik sudlari bilan bir qatorda ma'muriy va iqtisodiy sudlar ish olib bormoqda.

Statistik ma'lumotlarga qaraganda, jami ko‘rilgan ishlarning 54,2 foizi sayyor sudlarda ko‘rilgan. 2018 yil birinchi yarmida jami sudlarda 817 ming 656ta ish ko‘rilgan bo‘lsa, 2019 yil 5 oyida 461 ming 100ta ish ko‘rib tamomlangan.

Sudlarda oqlov hukmlari ham ko‘paymoqda. Misol uchun, birgina 2018 yilda 867 nafar shaxs oqlangan. 2019 yil 5 oyida 298 nafar shaxs aybi sudda isbotlanmagani uchun oqlandi, reablitatsiya qilindi.

O‘tgan 5 oyda 51 ming 541ta jinoyat ishi birinchi instansiyada ko‘rilgan. Shundan atigi 25 foizi (3616ta) ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazo tayinlangan. 9722tasi (67 foizi) ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.

Yarashtiruv harakatlariga qaramay 2019 yilning o‘tgan 5 oyida 10 mingdan ziyod oilaning nikohi bekor qilindi.

Tadbirda sudyalar tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bo‘yicha ham alohida to‘xtalindi. Korrupsiya masalasida alohida respublika ishchi guruhi tuzilgan va u guruh muntazam faoliyat olib bormoqda.

Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov bergan ma'lumotlarga ko‘ra yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun 151 nafar sudyaga turli choralar ko‘rilgan, 11 nafarining vakolati muddatidan oldin tugatilgan.

Oliy sudda ishlarning uzoq muddat ko‘rilayotgani, ba'zan noroziliklar paydo bo‘layotganini izohlarkan X. Yodgorov shunday dedi: «Hozirgi paytda Oliy sudning bir nafar sudyasi qo‘lida 150tagacha turli darajadagi murakkab ishlar bor. Bu juda katta hajm. Xorijga borganimizda aynan mana shu yuklama qanday bajarilishi bilan qiziqdik. Masalan, AQSh sudlari bunday vaziyatda ishlarni tanlab-tanlab olisharkan. Biz buni hatto tasavvur ham qila olmaymiz va barchasini to‘liq ko‘rib chiqamiz»

Mavzuga oid