O‘zbekiston | 16:30 / 26.06.2019
96906
6 daqiqa o‘qiladi

«Qodirov ishi». Sobiq bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari Ulug‘bek Sunnatov 19 yilga qamaldi

Bugun, 2019 yil 26 iyun kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi, Yunusobod tuman sudi binosida, O‘zbekiston Respublikasining sobiq Bosh prokurori Rashid Qodirov va boshqalarga oid (jami 13 nafar shaxs) jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmi e'lon qilindi

Sud hukmi bilan, 2000-2015 yillarda prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda katta lavozimlarda ishlagan Mirag‘lam Mirzayev, Jamshid Fayziyev, Ulug‘bek Sunnatov, Ramazon Po‘latov, Aziz Musashayxov, Ulug‘bek Xurramov, Yusuf G‘oipov, Abdurashid Mirzayev, Muhabbat Mirzayeva, fuqarolar S. Kosimov, A. Ikramov va X. Axmedjanov bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib pora olish (Jinoyat kodeksi 210-moddasi 3-qismining «a» bandi), pora berishga dalolat qilish (JK 28,211-moddasi 3-qismining «a» bandi), firibgarlik (JK 168-moddasi 3-qismining «a» bandi), soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash (JK 184-moddasining 3-qismi), tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish (JK 236-moddasining 2-qismi), jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (JKning 243-moddasi) kabi, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi.

Qariyb olti oy davom etgan, O‘zbekiston Respublikasi JPK (jinoyat-protsessual kodeks)ning 19-moddasi, shuningdek «Davlat sirlari to‘g‘risida»gi Qonuni talablariga muvofiq, yopiq tarzda o‘tkazilgan sud tergovi jarayonida barcha sudlanuvchilarning ko‘rsatuvlari birma-bir atroflicha tekshirildi, 200ga yaqin guvohlarning ko‘rsatuvlari tinglanib, ish bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertiza va xizmat tekshiruvlari xulosalari, shuningdek jinoyat ishida to‘plangan dalillar, ularning qonuniyligi va asosliligi nuqtai nazaridan taftish qilindi.

Sudning hukmi bilan aybli deb topilgan jinoyatlari uchun sobiq bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari Ulug‘bek Sunnatov 19 yilga, MXXning (hozirgi DXX) Toshkent shahar boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi sobiq boshlig‘i Abdurashid Mirzayev 15 yilga, Bosh prokuratura huzuridagi Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Ulug‘bek Xurramov 14 yilga, Toshkent viloyatining sobiq prokurori Jamshid Fayziyev 13 yilga, Toshkent shahar prokuraturasining korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasining sobiq boshlig‘i Aziz Musashayxov 13 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. 

Qolgan sudlanuvchilarga (Toshkent shahar prokurorining sobiq birinchi o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzayev, uning rafiqasi, «Yunusobod advokatlar kollegiyasi»si sobiq rahbari Muhabbat Mirzayeva, Mirzayevning jiyani, MXX Toshkent viloyati boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi sobiq boshlig‘i Mansur Mirzayev, Toshkent viloyati prokurorining sobiq o‘rinbosari Yusuf G‘oipov, Iqtisodiy jinoyatlar va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasining sobiq boshlig‘i Ramazon Po‘latov) ham qilgan qilmishlariga yarasha qonun doirasida jazolar tayinlanib, ularning barchasi qo‘shimcha jazo tariqasida muayyan muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq bo‘lgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindi.

Bundan tashqari, sud og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun sudlangan Mirag‘lam Mirzayev, Abdurashid Mirzayev, Jamshid Fayziyev, Ulug‘bek Sunnatov, Ramazon Po‘latov, Yusuf G‘oipov va Ulug‘bek Xurramovni (JKning 52-moddasi) maxsus unvon va davlat mukofotlaridan mahrum qilish haqida taqdimnoma kiritishga qaror qildi.

Sudlanganlar aybli deb topilgan jinoyatlari oqibatida yetkazilgan moddiy zararlar, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida topshirilgan pul va xatlangan mol-mulklar hisobidan qoplanishi belgilandi. 

Shuningdek, sud tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 298-moddasiga asosan, jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish masalasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga xususiy ajrim chiqarildi.

Sud hukmi e'lon qilingach raislik etuvchi sud protsessi ishtirokchilariga hukmning mazmun-mohiyatini batafsil izohlab berib, shikoyat qilish muddatlari va tartibini tushuntirdi.

Ma'lumot uchun, Jamshid Fayziyev o‘z vaqtida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning huquq-tartibot organlari va kuch ishlatar tizimlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi bo‘lgan. Muqaddam bosh prokuror o‘rinbosari bo‘lgan Fayziyev 2013 yil 19 martida shu lavozimga tayinlanib, 9 oy ishlagach, yil oxirida, 25 dekabrda Toshkent viloyati prokurorligiga o‘tkazilgandi.

Ulug‘bek Sunnatov 2014-2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari bo‘lgan, 2017 yil kuzida Toshkent viloyatiga Jamshid Fayziyev o‘rniga prokuror etib tayinlangan, ammo 2018 yil yanvarida ishdan ketgandi.

Bundan avvalroq sobiq bosh prokuror Rashid Qodirov 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid