Sport | 09:30 / 27.06.2019
6170
2 daqiqa o‘qiladi

«Atletiko» Felishni transfer qiladi, taklif qiymati - 126 mln yevro

Foto: EPA-EFE/ANTONIO COTRIM

«Benfika»ning yosh hujumkor yarimhimoyachisi Joau Felish katta ehtimol bilan faoliyatini «Atletiko»da davom ettiradi.

Chorshanba oqshomida Lissabon klubi tomonidan Portugaliya fond birjasiga chiqarilgan ma'lumotda madridliklar Felish uchun 126 mln yevro taklif qilgani aytilgan.

«Mazkur taklif hozirda o‘rganib chiqilmoqda», – deyiladi rasmiy axborotda.

Hozircha ikkala klub matbuot xizmati ham bu haqda biror ma'lumot berganicha yo‘q.

BBC`ning qayd etishicha, 19 yoshli Joauning shartnomasida tovon puli 120 mln yevro deb ko‘rsatilgan, ammo «Atletiko» pulni bo‘lib-bo‘lib to‘lamoqchiligi bois 126 mln yevro taklif jo‘natgan.

Agar transfer shu narxda amalga oshsa, u holda Felish – «Atletiko» tarixidagi eng qimmat xarid, jahon futbolida esa beshinchi eng qimmatbaho futbolchiga aylanadi. Hozirgacha Neymar, Kilian Mbappe, Filippe Koutino va Usmon Dembele bundan balandroq qiymatda transfer qilingan.

Bir hafta oldin Marca nashri o‘z manbalariga tayanib, portugaliyalik yosh yulduz Madridga kelgani va «Atletiko»da tibbiy ko‘rikdan o‘tib, shartnoma imzolagani va fotosessiyada ham qatnashgani haqida xabar bergan edi.

Ma'lumot uchun, Felish shu oy Portugaliya milliy jamoasida debyut qilib, Millatlar ligasida g‘olib chiqdi. U kattalar futboliga o‘tgan yilning avgustida kirib kelgan va mavsum davomida 20ta gol urishga muvaffaq bo‘lgandi.

Mavzuga oid