O‘zbekiston | 16:09 / 01.07.2019
16554
11 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston dori bozori xususiyatlari: yillik 10 trln so‘mlik iste'molning 80 foizi import

Zamonaviy dunyo axborotning ulkan oqimiga beqiyos darajada bog‘langan. Har qanday xabar, yangilik ommaning diqqat markazida bo‘ladi va uzluksiz izohlar bilan baholanib boriladi. Ayniqsa ma'lumot butun bir davlat, xalq manfaatlariga daxldor bo‘lsa. So‘nggi paytlarda qattiq muhokama, bahs-u munozaralarga sabab bo‘lgan mavzulardan biri bu 2019 yil 10 aprelda imzolangan dori vositalari xaridiga oid maxsus farmon bo‘yicha bo‘ldi. Mazkur farmonning asl mohiyatini xalqimizga yetkazish maqsadida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev bilan suhbatlashdik.

– Assalomu alaykum. Suhbatimizni oddiy, lekin ko‘pchilik uchun qiziqarli bo‘lgan savol bilan boshlasak: shaharlarimizning biror ko‘chasi yo‘qki, dorixona bo‘lmasa. Ayrim ko‘chalarda o‘nlab dorixonalar qatorasiga joylashgan. Hattoki xorijliklar «Doriksona» qanday brend?» degan savol berganlari to‘g‘risida hazilomuz gaplar yuradi. Albatta, bu savolga javob faqat sizning vakolatingizda emas, lekin baribir qiziq – O‘zbekiston ahli ko‘proq kasallanadimi yoki bizda farmbiznesning boshqa o‘ziga xos jihatlari bormi?

– Bu savol ko‘pchilikni qiziqtiradi. Ayrim xorijiy davlatlarda dorixonalar bo‘yicha maxsus talablar bor – faqat aholi soni bo‘yicha yoki har 500 metrdagina ochish mumkin. Bizda esa bu borada cheklovlar yo‘q, bir ko‘chada o‘nlab dorixonalarni uchratish mumkin. Buning ijobiy jihatlari ham bor — raqobat bo‘ladi, narx oshmaydi, taklif ko‘payadi. Salbiy jihatlari haqida biror fikr bildira olmayman, bu ham tadbirkorlikning bir ko‘rinishi. Tadbirkorlik esa qo‘llab-quvatlanadi.

Video: Youtube

 Video: Mover (tas-ix)

–  Prezident imzolagan Farmonga ko‘ra, bu yildan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini davlat tomonidan xarid qilishda mahsulotning ikki va undan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchisi mavjud bo‘lsa, chet el ishlab chiqaruvchilarining dori vositalari va tibbiyot buyumlari bo‘yicha taklifini inobatga olmaslik sharti belgilab qo‘yilgan. Demak, davlat tibbiyot muassalarida endi asosan mahalliy dori vositalaridan foydalaniladi. Shu o‘rinda doimiy dilemma yuzaga chiqmaydimi – mahalliy vositalarning sifati ko‘zda tutilgan talabni bajara olarmikan?

– Bir narsani aniq bilib olaylik – bu farmon xorijdan kirib keluvchi dorilarni cheklamaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu noto‘g‘ri muhokama qilinmoqda. Sohani monopoliyada ayblaganlar bo‘ldi, hattoki sanoatimizni avtosanoatga qiyosladilar. Bu noto‘g‘ri. Sababi avtosanoatdan farqli ravishda O‘zbekistonda hozir 160dan ortiq ishlab chiqaruvchilar faoliyat olib bormoqda, yana 20dan ortig‘i ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishmoqchi.

Endi mavzuga uzil-kesil aniqlik kiritsam – kim import mahsulot iste'mol qilsa, qaysidir xorijiy doriga ehtiyoji bo‘lsa, dorixonalardan bemalol xarid qilaveradi. Ularning kirib kelishiga ham, sotuviga ham hech qanday cheklov qo‘yilmaydi.

Bu farmon faqat davlat xaridlarini nazarda tutadi va dori vositalari bo‘yicha davlat xaridlari umumiy bozorning faqat 10 foizini tashkil qiladi. Demak farmon mohiyatini to‘g‘ri tushunib olishimiz lozim.

Endi sifat masalasiga kelsak – aytishim mumkinki, mahalliy mahsulotlar ham xorijniki bilan aynan bir xil mahsulotlardan tayyorlanadi, bir xil sifat tekshiruvlaridan o‘tgandan keyingina taqdim etiladi. Qolaversa, yuqorida aytilganidek 160dan ortiq ishlab chiqaruvchilarning o‘zi ham anchagina yirik ko‘rsatkich, shiddatli ichki raqobat sifatsiz mahsulotni chetga chiqarib qo‘yadi.

Shu o‘rinda davlat xaridlariga oid ayrim ma'lumotlarni keltirib o‘tsam: Davlat tibbiyot muassasalari ehtiyojlari uchun 2015 yilda 219 mlrd so‘mlik dori vositalari sotib olingan bo‘lsa, qabul qilingan dastur ijrosi bo‘yicha bu ko‘rsatkich 2016 yilda 4 foizga, 2017 yilda 65 foizga,

2018 yilda esa 143 foizga oshib, 2018 yilda shu maqsad uchun sarflangan mablag‘ 914 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

– O‘zbekistonda bir qarashda dori vositalari ishlab chiqarishda katta ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsada, tan olishimiz kerakki mahsulotlarimiz oddiy dori vositalari darajasida qolmoqda. Shu fikrga qanday qaraysiz?

– Bu fikringizga qo‘shilmagan bo‘lardim, sababi O‘zbekiston farmsanoati rivojlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha ko‘plab davlatlar bilan raqobatlasha oladi. Misol uchun, ancha rivojlangan davlat bo‘lgan qo‘shni Qozog‘istonda 20ta atrofida ishlab chiqarish korxonalari mavjud, bizda esa 160dan ortig‘i ishlayapti, 24tasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish arafasida, yana bir nechtasi bu bo‘yicha investitsiya kiritmoqchi. Mahsulotlarning katta qismi eksportga yo‘naltirilmoqda.

Endi farmsanoatimiz murakkab jarayonlarni o‘tkazganiga ham sabablar bor – sobiq ittifoq davrida farmatsevtika sanoati asosan Rossiya, Ukraina kabi respublikalar hududida bo‘lgan. Bizda esa faqat ikkitagina zavod ishlagan. Bu tabiiyki ehtiyojni qondira olmaydi.

Hozirgi kunda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga dori vositalarini zamonaviy dunyo standartlariga mos ishlab chiqarishning to‘liq siklini yaratish vazifasi yuklatilgan. Buning uchun kadrlash tayyorlash, maxsus klasterlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalari ishlab chiqilgan. O‘ylaymanki, tez orada bu harakatlar o‘z natijasini beradi.

«Har yili O‘zbekistonda 10 trln so‘mdan ortiq miqdordagi turli dori vositalari iste'mol qilinadi. Shu dori vositalarining 8 trln so‘mlik qismi xorijdan kirib keladi». Bu ma'lumotdagi raqamlar mutanosibligi qoniqarli darajada deb o‘ylaysizmi?

– Albatta yo‘q. Lekin bir jihatga e'tibor berish lozim – dunyoning biror davlati o‘zini dori vositalari bilan to‘liq ta'minlamagan, hamisha importga ehtiyoj bo‘ladi. Ammo bu raqamni o‘z foydamizga o‘zgartirish bo‘yicha ishlashimiz shart. Yuqoridagi farmon ham aynan mana shu borada ishlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan. Unga ko‘ra ishlab chiqaruvchilarga qator imkoniyatlar beriladi – garovga mulki yetmasa, kredit olish uchun maxsus fond kafolati, standartlardan o‘tish, yangi dorilarning klinikasini o‘tkazish uchun qilingan xarajatlarning ma'lum qismlarini qoplash shular jumlasidandir.

Lekin bu farmondan sinov tariqasida, ishlab chiqaruvchilarimizga ma'lum muddat imkoniyat berish maqsadi ko‘zlangan. Agar narx borasida o‘zgarishlar bo‘lsa, ya'ni salbiy jihatlar kuzatilsa, bu sinovdan voz kechish mumkin. Lekin o‘zi shu sohaning ko‘p yillik vakili sifatida aytamanki, bu farmon narx oshishiga yoki tanqisliklarga olib kelmasligi kerak. Sababi ishlab chiqarish salohiyatimiz yuqori.

– O‘zbekistonda shifokorlar va dori sotuvchilar o‘rtasida rag‘batlantirishga asoslangan uzviy bog‘liqlik borligi hech kimga sir emas va bu jarayon taxminan 20 yillik tarixga, o‘ziga xos an'analarga ega bo‘lib, oddiy hol sifatida qabul qilinadigan darajaga yetdi. Shu tizimga qisqa muddatda to‘la-to‘kis barham berilsa, fikringizcha O‘zbekiston farmbozori qanday holatga tushadi?

– To‘g‘ri aytasiz, bu holat hech kim sir emas. Ammo bunday tizim faqat O‘zbekistonda emas, dunyoning ko‘plab davlatlarida bor. Ko‘pchilik bunga qarshi kurashishga harakat qilgan, yutuqqa erishganlar ham bor, samara bo‘lmay o‘z holiga tashlab qo‘yganlar ham bor. Lekin bir narsani aytishim kerak, hozirgi kunda Vazirlar Mahkamasiga bir qaror loyihasi kiritilgan. Unga ko‘ra, shifokor bemorga dori buyurganda uning xalqaro patentlanmagan nomini yozib berishi, bemor mahsulotni xoh mahalliy, xoh xorijiy bo‘lsin, o‘zi tanlashi lozim. Shuningdek bu qarorga ko‘ra retseptli dorilarni retsepsiz sotgan dorixona dastlab katta jarimaga tortiladi, agar bu holat takrorlansa, litsenziyadan mahrum qilish ko‘zda tutilgan.

– O‘zbekiston farmsanoati rivojiga nimalar to‘sqinlik qilmoqda, nimalar turtki bo‘lmoqda? Sanoat konvertatsiyaga juda ta'sirchanligi tufayli ko‘p yillar rivojlanishdan orqada qoldi. So‘nggi yillardagi islohotlar import bo‘yicha ko‘rsatkichlarimizga qanday ta'sir qildi?

– O‘zim ham ishlab chiqarishdagi 15 yillik tajribamdan kelib chiqib aytamanki, farmsanoatimiz rivojidagi asosiy muammolardan biri bu malakali kadrlarning yetishmasligi. To‘g‘ri, farmatsevtika institutimiz bor, ammo uni bitirayotganlarning mutlaq ko‘pchiligi dorixonada ishlab ketadi. Tadqiqotlar, ishlab chiqarish sohasiga bormaydi yoshlar. Endi konvertatsiya masalasiga kelsak, haqiqatan ham bu muammo sohamizning og‘riqli nuqtasi edi. Juda ko‘p korxonalar o‘z ishlab chiqarish hajmiga chiqa olmadilar, xomashyo olib kirishga qiynalishdi. Bu masalaning hal etilishi ko‘rib turganingizdek kompaniyalarimiz rivojiga xizmat qilmoqda.

– O‘zbekiston tabiati rang-barang, tabobat katta tarixga ega. Lekin xalq tabobatiga asoslangan dori vositalari ishlab chiqarish nihoyatda kam. Buning sabablari nimada?

– To‘g‘ri aytasiz, O‘zbekiston flora va faunasi juda noyob, dorivor o‘simliklar ko‘p. Bu borada ham alohida ishlar qilinmoqda. Uchta ilmiy-tadqiqot muassasalari bor va ularning hammasida doimiy ravishda ish olib borilmoqda. Yaqin yillarda buning ham natijasini ko‘ramiz – dorixonalarda aynan mahalliy dorivor o‘simliklardan tayyorlangan mahsulotlar alohida taqdim etiladi.

Suhbatdosh Abror Zohidov,

tasvirchi Muhammadjon G‘aniyev.

Mavzuga oid:

* 3 yil davomida tibbiyot muassasalarining dori-darmon bilan ta'minlanganlik darajasi 4 marotaba oshgan;

* 2 200ta ijtimoiy dorixonalar tashkil etilib, ularning har biri kuniga o‘rtacha 7 mln so‘mlik sifatli va arzon dori vositalari bilan aholini ta'minlamoqda.

* Davlat xaridlari uchun joriy qilingan elektron auksion va do‘kon tizimlaridagi narxlar pasaytirilishi mexanizmi natijasida yil davomida 14 foiz inflatsiya kuzatilganiga qaramasdan, 2018 yilda mablag‘larning 2017 yilga nisbatan 12 foizga, ya'ni 162 mlrd so‘mga, 2019 yil birinchi choragida esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11 foizga, ya'ni 12,9 mlrd so‘mga tejalishiga erishilgan.

Mavzuga oid