O‘zbekiston | 10:35 / 05.07.2019
7176
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat ulushlarini sotish tartibi soddalashtirildi

Foto: Dreamstime

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Baholash faoliyatini yanada takomillashtirish hamda past rentabelli va faoliyat yuritmayotgan davlat ishtirokidagi korxonalarni sotish mexanizmlarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining davlat aksiyalar paketi (ulushlari)ni sotish tartib-taomillarini soddalashtirish to‘g‘risida quyidagilarni nazarda tutuvchi taklifiga rozilik berildi:

a) davlat aktivlarini ular boshlang‘ich savdoga qo‘yilgan narxdan past nominal qiymatda sotish;

b) xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat aksiyalar paketi (ulushlari)ni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq, auditorlik tashkiloti tomonidan tasdiqlangan buxgalterlik balansi bo‘yicha 2019 yil 1 yanvar holatida jamiyat sof aktivlarining proporsional ulushiga teng boshlang‘ich narxda, jamiyat qatnashchilarining sotib olishdagi ustunlik huquqini qo‘llamagan holda ochiq savdolarga qo‘yish. Xo‘jalik jamiyatlari sof aktivlarining miqdori ularning ustav kapitali miqdoridan kamroq bo‘lgan taqdirda, davlat aksiyalar paketi (ulushlari) nominal qiymatda sotuvga qo‘yiladi;

v) investorlarga sotib olinayotgan davlat aksiyalar paketi (ulushlari) qiymatini investorlarning tovar-xomashyo birjalari hisob-kitob kliring palatalaridagi hisobvaraqlarida, respublikaning vakolatli banklarida ochilgan xorijiy banklarning “loro” vakillik hisobvaraqlarida bo‘lgan milliy valutadagi pul mablag‘lari bilan to‘lagan holda davlat aksiyalar paketi (ulushlari)ni sotib olish huquqini berish;

g) anderrayting faoliyatini amalga oshirish uchun, keyingi uch yil mobaynida faoliyatning ijobiy moliyaviy natijasini tasdiqlaydigan auditorlik xulosasi mavjud bo‘lishi to‘g‘risidagi hamda qimmatli qog‘ozlar bozorining malakali attestatini olish uchun ta'lim muassasasining qimmatli qog‘ozlar bozori mutaxassislarini qayta tayyorlash yoki ularning malakasini oshirish kurslarini tugatganlik haqida sertifikatini taqdim qilish to‘g‘risidagi talablarni bekor qilish.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga va davlat ulushlari ko‘proq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlariga Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bilan kelishilgan holda, istisno tariqasida, 2020 yilning 1 yanvariga qadar investitsiya maslahatchisi sifatida tashkilotlarni qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish litsenziyasini olmasdan va yangi rezident - yuridik shaxsni tashkil etmasdan yoki amaldagi yuridik shaxsning ustav kapitalida ishtirok etmasdan qimmatli qog‘ozlarni sotish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun jalb etishga ruxsat berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:

a) xo‘jalik jamiyatlarining ustav kapitalidagi jamiyatlar sof aktivlarining proporsional ulushiga teng boshlang‘ich narxda, ustun huquqni qo‘llamagan holda ochiq savdoga qo‘yiladigan davlat aksiyalar paketlari (ulushlari) ro‘yxati;

b) tugatish yoki bankrotlik tartib-taomillari qo‘llaniladigan past rentabelli va faoliyat yuritmayotgan tashkilotlar ro‘yxati tasdiqlanishini nazarda tutuvchi qaror qabul qiladi.

Mavzuga oid