Jahon | 23:04 / 08.07.2019
25086
2 daqiqa o‘qiladi

Atamboyev ichki ishlar vazirligiga so‘roqqa bormasligini ma'lum qildi 

Foto: Sputnik / Tabyldy Kadyrbekov

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev jurnalistlarga ichki ishlar vazirligi bosh tergov boshqarmasiga so‘roqqa bormasligini ma'lum qildi.

Avvalroq Qirg‘izistonning sobiq prezidenti 9 iyulga guvoh sifatida ichki ishlar vazirligiga chaqirtirilgani ma'lum qilingandi. Uning Koy-Toshdagi uyiga so‘roqqa kelish haqidagi chaqiriq qog‘ozi yetkazilgan. Hozircha Atamboyev qaysi ish bo‘yicha so‘roqqa chaqirtirilgani noma'lum.

Atamboyev chaqiriq qog‘ozini ko‘rmaganini va barcha hujjatlarni o‘zining huquqiy masalalar bo‘yicha vakili Sergey Slesarevga berishini aytgan.

“Hokimiyat huquqiy maydon tashqarisiga chiqib, ayblovlar bildirish bilan o‘yin uyushtirgan bir vaqtda nima uchun so‘roqqa borishim kerak? Men ularning qog‘ozlarini qo‘limga olmayman. Ular bu qog‘ozlarni Slesarevga jo‘natishlari mumkin. Ular uyushtirgan sirkda o‘ynash niyatim yo‘q”, deb aytgan sobiq prezident.

Ma'lumki, Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligi jinoiy avtoritet Aziz Batukayevning noqonuniy ozod etilishi ishi bo‘yicha tergov olib bormoqda. Bu Atamboyev aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan 5 ta jinoiy epizoddan biri hisoblanadi.

Qirg‘iziston Jogorku Keneshi 27 iyunda Atamboyevni sobiq prezident maqomidan mahrum etish haqidagi qarorni qabul qildi. Shu tariqa, sobiq prezident daxlsizlikdan va bir qator imtiyozlardan mahrum bo‘lgan.

Mavzuga oid