Jamiyat | 18:45 / 08.07.2019
30934
10 daqiqa o‘qiladi

Urganch Davlat Universitetida qabul jarayoni: sharoitlar, muammolar va qulayliklar

15 iyun kunidan boshlab O‘zbekistonning barcha oliy ta'lim muassasalarida qabul komissiyalari o‘z ishini boshladi.

Xususan, Xorazm viloyatining eng katta oliygohi Urganch Davlat Universiteti (UrDU) ham abituriyentlar uchun o‘z eshiklarini ochdi.

Bu yildan boshlab qabul jarayoniga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Endi abituriyentlar pasport (agar u yo‘q bo‘lsa 09-forma yoki tug‘ilganlik guvohnomasi), shahodatnoma (ilovasi bilan) yoki kollej diplomi, mabodo imtiyozi bo‘lsa uni tasdiqlovchi hujjatni taqdim qilgan holda, fanlar bloki bir xil bo‘lgan uchta yo‘nalishni tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishdi (kasbiy (ijodiy) imtihon topshiradiganlar bundan mustasno. Ular faqat 1ta yo‘nalishni tanlay oladilar). Hujjatlarni topshirish maktab yoki kollejni 2019 yilda tugatganlar uchun bepul, o‘tgan yillarda tugatganlar uchun esa pullik – 101 365 so‘mga teng.

Qabul jarayonining so‘nggi haftasi boshlangani va u qizg‘in pallaga kirgani munosabati bilan Urganch Davlat Universitetiga borib, jarayonning qanday ketayotgani, abituriyentlar va ota-onalarga yaratilgan sharoit va qulayliklarni o‘rganishga jazm qildik.

2019/20 o‘quv yilida Urganch Davlat Universitetiga bakalavriatning kunduzgi ta'lim shakli bo‘yicha jami 2770 talaba, bakalavriatning sirtqi ta'lim shakli bo‘yicha jami 890 talaba, magistrlar tayyorlash bo‘yicha 135 talaba qabul qilinishi rejalashtirilmoqda.

Hujjatlarni qabul qilish jarayoni UrDU o‘quv va ma'muriy binolarida mutaxassisliklar bo‘yicha emas, balki shaharlar va tumanlar bo‘yicha tashkil qilingan. Ya'ni abituriyentlar qaysi yo‘nalishni tanlashidan qat'iy nazar, o‘z tumani bo‘yicha hujjat topshirishiga to‘g‘ri keladi.

Hujjatlarni qabul qilish jarayonini o‘rganib, sharoitlar turlicha ekanini aniqladik.

Masalan, Hazorasp va Yangiariq tumani abituriyentlaridan hujjatlarni qabul qilish jarayoni Tarix fakulteti binosining yo‘lagida tashkil qilingan. Vaholanki, yo‘lakning ikki tomonidagi katta auditoriya bo‘sh turibdi. Natijada, kunning issig‘ida yo‘lak juda dim holatga kelgan, nafas olish og‘ir bo‘lgan darajada isib ketgan. Bu esa xodimlar, abituriyentlar va ota-onalar uchun juda noqulay vaziyatni yuzaga keltirgan.

Bog‘ot tumani abituriyentlaridan hujjatni qabul qilish jarayoni Jismoniy madaniyat fakulteti binosining foyesida tashkil qilingan. Bevosita hujjat topshirish jarayonidagi sharoitga e'tiroz yo‘q. Ammo binoga kiraverishda katta navbat tufayli tiqilinch yuzaga kelgan, juda issiq ob-havo sharoitida abituriyentlar va ota-onalar uchun bu sharoit og‘ir.

Xiva va Honqa tumani, shuningdek boshqa viloyatlardan kelgan abituriyentlar Jismoniy madaniyat fakultetining sportzalida hujjat topshirmoqda. Bu yerda taxminan 300ga yaqin abituriyent va ota-onalar juda issiq va dim bo‘lgan og‘ir sharoitda navbatda turishibdi. Qayd qilish joizki, vaziyatni o‘rganish jarayonida ba'zi xodimlar bu joyda suratga olish mumkin emasligini ta'kidlab, to‘sqinlik qilishga ham urinib ko‘rishdi. Abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish jarayoni ular uchun davlat siri shekilli. E'tibor qilmadik, bunday og‘ir mehnat sharoitida hammaning ham asabi dosh beravermaydi deb o‘yladik.

Gurlan tumani abituriyentlaridan hujjat qabul qilish jarayoni UrDU asosiy binosida birmuncha yaxshi tashkil qilingan. Operator xodimlarning ustida katta navbatlar yo‘q. Ammo yo‘lakda navbat kutib turganlarning issiq va dim havoda qiynalib ketishganini guvohi bo‘ldik.

Urganch tumani abituriyentlaridan hujjat qabul qilish jarayoni ham UrDU asosiy binosida tashkil qilingan. Bu yerda operator xodimlar bemalol ishlamoqda. Abituriyentlar soni nisbatan kam, navbatlar katta emas.

Qo‘shko‘pir tumani abituriyentlaridan hujjatlar UrDU asosiy binosining katta auditoriyasida qabul qilinmoqda. Navbatlar katta bo‘lsa-da, auditoriyada havo almashishi me'yorda, issiq va dim emas.

Urganch shahrining abituriyentlari hujjatlarni UrDU asosiy binosining katta foyesida topshirishmoqda. Shahar aholisining soni ko‘pligi tufayli, tabiiyki, bu yerda navbatlar katta, ish ham qizg‘in ekanini kuzatish mumkin.

Qayd qilish joizki, UrDU qabul komissiyasi tomonidan hujjatlarni topshirish jarayonidagi xatolarni tahrirlash xonasi ham tashkil qilingan. Aslida abituriyent hujjatni topshirganidan so‘ng pasport ma'lumotlari, yo‘nalishi, test topshirish manzili tizimga xato kiritilganini bilib qolsa, 30 daqiqa ichida operator oldida tahrirlatib olishi mumkin. Agar xatoni uyiga borganidan so‘ng aniqlasa yoki tanlagan yo‘nalishini o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, xatolarni tahrirlash xonasiga ariza bilan murojaat qilishi va ma'lumotlarni o‘zgartirib olish imkoniyatiga ega.

UrDU qabul komissiyasi qoshida abituriyentlarga turli masalalarda maslahat beradigan, ta'lim yo‘nalishlari, boshqa shaharlardagi oliygohlar, imtiyozlar bo‘yicha ma'lumot beradigan axborot maslahat markazi ham tashkil qilingan. Abituriyentlar bevosita markaz xodimlariga murojaat qilgan holda yoki telefon (+998622246617, +998622246618, +998622246619, +998622246635, +998622246605) orqali o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishi mumkin.  

Yangi tartibga ko‘ra, maktab yoki kollejni o‘tgan yillarda tugatgan abituriyentlar hujjat topshirish jarayonida 101 365 so‘m miqdoridagi to‘lovni amalga oshirishi shart. Qayd qilish joizki, UrDU binosida faqat Xalqbankining bitta kassasi ishlab turibdi. Oliygohga eng yaqin bankkacha bo‘lgan masofa taxminan 2 kilometrni tashkil qilishini inobatga oladigan bo‘lsak, fikrimizcha bu yetarli emas.

UrDU hududida abituriyentlar va ularning ota-onalariga dam olish va ovqatlanish uchun oshxona binosi ajratilgan.

Vaziyatni o‘rganish jarayonida maktab va kollejni o‘tgan yillari tugatgan abituriyentlarning hujjatlarini Davlat Test Markazi saytiga kiritishda muammolar yuz berdi. Tizimga ma'lumot kiritishning, undan to‘lov kvitansiyasi – invoysni chiqarib olishning imkoni bo‘lmay qoldi.

Natijada, ko‘plab abituriyentlar to‘lovni amalga oshirolmasdan, uzoq kutib qolishdi. Bundan tashqari, ba'zi operatorlar tizimda yuz bergan xatoliklar tufayli, abituriyent ma'lumotlarini takroran kiritishga majbur bo‘lgan holatlarga ham guvoh bo‘ldik. Bu esa shundog‘am issiq va dim ob-havo sharoitida hujjat topshirayotganlarda norozilik kayfiyatini uyg‘otdi, asabiylashish holatlarini keltirib chiqardi.

Urganch Davlat Universitetidagi qabul jarayoni, uning muammolari haqida Qabul komissiyasi mas'ul kotibi Jumanazar Ro‘zimovdan izoh oldik.

«Urganch Davlat Universitetida hujjat topshirish jarayoni qizg‘in pallaga kirdi. Bugun, 8 iyul kuni hujjat topshirish istagida bo‘lganlar sonining boshqa kunlarga nisbatan haddan ziyod oshganini ko‘ryapmiz. Hujjat topshirish jarayonining yakunlanishiga 1 hafta qolganini inobatga oladigan bo‘lsak, bu tabiiy hol.

Bu yil hujjatlarni qabul qilish jarayonini tumanlar kesimida tashkil qilishga qaror qildik. Chunki mutaxassisliklar soni juda ham ko‘p. Shu tufayli, o‘tgan 5 yilda topshirilgan hujjatlar sonini tahlil qilib, tumanlar kesimida hujjat qabul qiluvchi 11ta nuqtani tashkil qildik. To‘g‘ri, ba'zi joyda navbatlar juda ko‘p, ba'zi joylarda kamroq. Shularni inobatga olib, bu joylarni qayta tashkil qilishni rejalashtirib ko‘ramiz.

Hujjat topshiruvchilar sonining keskin ko‘payishi tufayli DTM saytiga yuklama oshgan. Shuning uchun ham tizim yaxshi ishlamayapti, kvitansiya – invoys chiqarib olishning imkoni bo‘lmayapti, bu haqda DTM ma'muriyatiga xabar berganmiz.

Bankning kassa shohobchalarini tashkil qilish bo‘yicha bir necha banklarga taklif jo‘natgan edik. Ammo faqat Xalq banki rozi bo‘ldi. Hozirgi vaqtda bitta kassa ishlayapti», - dedi Jumanazar Ro‘zimov.

Muhtaram abituriyentlar, shu o‘rinda Urganch Davlat Universitetiga hujjat topshirish bilan bog‘liq muhim ma'lumotlarga e'tiboringizni qaratamiz. Oliy o‘quv yurtlariga hujjatlar oliy ta'lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan 15 iyulgacha qabul qilinadi. Urganch Davlat Universitetida hujjatlar har kuni soat 8-00dan kechki 20-00gacha qabul qilinmoqda. Soat 13-00dan 14-00gacha tushlik uchun tanaffus ekanini inobatga oling, bu vaqtda DTM sayti hujjatlarni qabul qilmaydi.

Maktab va kollejni o‘tgan yili tamomlagan abituriyentlardan shanba va yakshanba kunlari hujjat qabul qilishda muammolar bor. Chunki bu kunlari banklar ishlamaydi, kassalar orqali to‘lovni amalga oshirishning imkoni yo‘q. Bu muammoning yaqin shanba va yakshanba kunigacha hal qilinishi noma'lum. Shu tufayli hujjat topshirishni dam olish kunlarigacha kechiktirmaganingiz ma'qul.

Urganch Davlat Universitetiga hujjat topshirish bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday savol bo‘yicha axborot maslahat markaziga bevosita murojaat etishingiz yoki qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin. Telefon raqamlarini yuqorida keltirganmiz.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid