O‘zbekiston | 17:27 / 09.07.2019
32520
2 daqiqa o‘qiladi

Ta'lim inspeksiyasi yoshlarning Qirg‘iziston va Tojikiston oliy ta'lim maskanlarini tanlayotganiga o‘z e'tirozini bildirdi 

O‘zbekistonlik oliy ta'limni olishni xohlayotgan yoshlarning aksariyati Qirg‘iziston va Tojikiston oliy o‘quv yurtlarini tanlamoqda. Ulardagi oliy ta'limning arzonligi, ta'lim sifatsizligiga e'tibor qaratmaslikka omil bo‘lmoqda. Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev Kun.uz muxbiriga shuni ma'lum qildi. 

«Mening katta e'tirozim yoshlarning oliy ta'lim olish uchun Tojikiston va Qirg‘izistonga borishi. U yerdagi oliy ta'lim narxi judayam kam, ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, 300-400 dollar to‘lashadi. Sifat ham shunga yarasha. Ular bitirib, bizga nostrifikatsiya bo‘yicha arizalarni topshiradi. Biroq ko‘plari o‘zlari tahsil olgan oliy o‘quv yurtining qayerdaligini bilmaydi. 

Bu borada muammo juda ko‘p. O‘sha respublikalarning oliy o‘quv yurtlaridan kelib, ko‘ngillilarni jalb qilgan holda, o‘zlarining OTMlarini abituriyentlar orasida targ‘ib qilmoqda. Men o‘ylaymanki, bizning mehnat bozorini yaxshi bilimli kadrlar egallashi kerak. Yuqorida aytilganidek, jahon reytinglaridagi yuqori mingtalikka kirgan oliy o‘quv yurtlarining diplomlarini tan olishda muammo yo‘q. 

Lekin, bugungi kunda davlat reyestrida mavjud bo‘lmagan yoki reytingi juda past bo‘lgan oliy o‘quv yurtlarining diplomlari nostrifikatsiya qilinishi uchun test va maxsus ekspertlar guruhining suhbatini tashkil etyapmiz. Shu boisdan, hozirda yangi qaror loyihasi tayyorlanmoqda. U qabul qilinsa, nostrifikatsiya jarayoni yanada soddalashadi va faqat test topshirish bilan diplomni nostrifikatsiyadan o‘tkazish mumkin bo‘ladi», - dedi Toshkenboyev. 

Mavzuga oid