Light | 12:10 / 14.07.2019
39063
6 daqiqa o‘qiladi

Shifokor: «Tug‘ma maymoqlikni noto‘g‘ri davolash nogironlikka olib kelishi mumkin»

Foto: Shutterstock

Xabaringiz bor, Kun.uz «Sog‘lom hayot» loyihasi orqali bugungi kunda ko‘p uchrayotgan, yosharib ketayotgan kasalliklar to‘g‘risida ma'lumot berib boradi. Bugun sizga tug‘ma maymoqlik kasalligi va uni davolash haqida zarur ma'lumotlar berishni maqsad qildik.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Bu xastalik eng ko‘p uchraydigan tug‘ma ortopedik kasalliklardan biri bo‘lib, o‘rta hisobda har 1000 nafar tug‘ilgan boladan 4 nafarida uchraydi. Tug‘ma maymoqlikning paydo bo‘lish sabablari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, aniq biror xulosaga kelinmagan, lekin ba'zi vaqtlarda qarindoshlarida kuzatilganligi, ona homiladorlik davrida kasallanganligi, jarohat olganligi kabi sabablar ko‘rsatiladi. Har bir inson kelajakda oila qurishni orzu qiladi va sog‘lom farzandlarni tarbiya qilishni xohlaydi. Ba'zida farzandi tug‘ma maymoqlik kasalligi bilan tug‘ilsa ota-onalar stress holatiga tushishi mumkin.

Tajribali ortoped Xushnud Rustamov bilan aynan bolalarda uchraydigan tug‘ma maymoqlik kasalligini davolash to‘g‘risida suhbatlashamiz.

Xushnud Rustamov

– Tug‘ma maymoqlik qanday kasallik?

– Ortopedik nuqsonlar ichida eng kup uchraydiganlaridan biri bu – tug‘ma maymoqliqdir. Bir yilda respublikamizda taxminan 3.000 nafarga yaqin chaqaloq shu kasallik bilan dunyoga keladi. Hozirgi kunda bu bemorlar turli xil usullar bilan davolanib kelinmoqda. Bemorlarning ko‘pchilik qismi kelajakda nogiron bo‘lib qolmoqda. Agar bu nuqsonga o‘z vaqtida, to‘g‘ri va zamonaviy standartlarga mos tashxislash va davo choralari ko‘rilmasa og‘ir nogironlikka olib keladi.

Davolash usullari.

Yigirma birinchi asr tibbiyoti bu kasallikni qisqa muddatda davolash imkoniga ega. AQShda bu nuqsonni davolash uchun Ponseti usuli kashf kilingan. Ponseti usuli rivojlangan davlatlarda standart usul hisoblanadi. Ponseti usuli o‘tgan asrimiz urtalarida asli Ispaniyalik va AQShda istiqomat kilgan shifokor Ignasio Ponseti tomonidan taklif qilingan.

U 3 bosqichdan iborat:

1-bosqich: Gipslash bosqichi – bolaning oyog‘iga barmoqlar uchidan to sonning yuqori uchligigacha tizza 90 gradus bukilgan holda etapli gips bog‘lamlari qo‘yiladi. Bunda maxsus zamonaviy tayyor tibbiy gips bintlaridan foydalaniladi. Bog‘lamlar har 5-7 kunda almashtiriladi. Jarayon uzluksiz bo‘lib, bir bog‘lam yechilgach, darhol keyingi gipslar qo‘yilishi zarur. Oyoqlar 30 daqiqadan ortiq bog‘lamsiz qolmasligi kerak. Bog‘lamlar soni 4 tadan 6 tagacha bo‘ladi.

2-bosqich: Axilotomiya bosqichi – maymoqlikda Axill payi kalta bo‘ladi. Bu bosqichda shu pay uzaytiriladi. Amaliyot mahalliy og‘riqsizlantirish ostida, terini kesmasdan va chok quymasdan amalga oshiriladi. Axilotomiyadan keyin terida chandiq qolmaydi. Pay kesishni toza bog‘lov xonasida bajarish mumkin. Axilotomiyadan keyin 3 haftaga gips bog‘lami qo‘yiladi.

3-bosqich: Breys bosqichi – Bu bosqichda bemorlar oyog‘iga maxsus moslama – Breyslar taqiladi. Breys bosqichi kasallik qaytalanish xavfini kamaytirish uchun xizmat kiladi. Breys taqish protokoli mavjud. Bunda dastlabki 3-oy bemorlar sutkada 23 soat davomida Breys taqishlari zarur. Bola katta bo‘lishi bilan, Breys taqish davomiyligi kamaytirib boriladi. Bemorlar mustaqil yurgach Breyslarni fakat uyqu davrida taqish tavsiya kilinadi. Bemorlar 5 yoshga to‘lguncha Breys taqish qoidasiga qat'iy rioya qilishlari kerak, aks holda kasallik qaytalanish xavfi yuzaga keladi.

Ponseti usuli afzalliklari:

1)   Yuqori samarali;

2)   Kam jarohatlovchi (Maloinvaziv);

3)   Oson;

4)   Arzon;

5)   Qaytalanish xavfi kam;

6)   Qisqa muddatli;

7)   Qulay;

8)   Ko‘pchilikka mos;

9)   Reabilitatsiyaga ehtiyoj yo‘q;

10) Nogironlik olinmaydi va h.k.

1 oylik chaqaloq «Ikki tomonlama idiopatik tug‘ma maymoqlik, og‘ir darajasi» davodan oldin va Ponseti kursi qo‘llanilgandan keyingi holat

20 kunlik chaqaloq «Ikki tomonlama idiopatik tug‘ma maymoqlik, og‘ir darajasi» davodan oldin va Ponseti kursi qo‘llanilgandan keyingi holat

Bunday farzand dunyoga kelgan oila dastlab «shok» xolatiga tushadi. Ayrim holatlarda afsuski «maymoq» farzandning dunyoga kelishi oilalarni buzilib ketishiga sabab bo‘lyapti (qaynonalar «kelinim nogiron bola tug‘di» deb ajralishlarga sabab bo‘lishyapti).

Bemorlar boshqa usul buyicha, uzoq vaqt davolanib to‘liq tuzalishmayapti, natijada nogiron bo‘lib qolishmoqda.

Ota-onalar Ponseti usulni qo‘llaydigan shifokorlarga juda kech murojaat qilishmoqda. Ponseti usulini targ‘ib qilish uchun ijtimoiy tarmoqlar va OAVdan qo‘ldan kelganicha foydalanyapmiz, shunday bo‘lsada ko‘p hollarda ma'lumotlar yetarli bo‘lmayapti. Bu usulning keng targ‘ib etilishi, maymoqlik bilan tug‘ilgan chaqaloqlarni o‘z vaqtida davolab, sog‘lom avlodni tarbiyalash va shu kasallik tufayli yuzaga keluvchi nogironlikni keskin kamayishiga sabab bo‘ladi.