O‘zbekiston | 11:59 / 15.07.2019
22448
5 daqiqa o‘qiladi

750 nomzod qatnashgan koreys tili imtihonlari qanday o‘tdi?

14 iyul kuni Toshkent xodimlarni boshqarish va mehnatni muhofaza qilish kolleji binosida Koreyada ishlash uchun o‘tkaziladigan EPS-TOPIC imtihonlariga kirish uchun koreys tilini bilish bo‘yicha saralash test sinovlari o‘tkazildi. Jami 750 kishi atrofida EPS-TOPIC imtihoniga kirish uchun da'vogar saralash test imtihonini topshirdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar qilmoqda. Qayd etish o‘rinliki, test imtihonlarida avvaldan ro‘yxati shakllantirilgan nomzodlardan tashqari, birinchi marta ro‘yxatdan o‘tayotgan nomzodlar ham bilimini sinab ko‘rdi.   

Imtihonga kiradigan nomzodlarning avvaldan shakllantirilgan ro‘yxatida har bir nomzodning test sinoviga kirish vaqti ko‘rsatilgani bois, ular ro‘yxat asosida shakllantirilgan guruh bo‘lib imtihonga kiritildi. Ta'kidlash lozim, imtihon barcha nomzodlar uchun bir xil shart-sharoit taqdim etish hamda kelgusida turli savollarni keltirib chiqarmaslik imtihon jarayonida shaffoflik va ochiqlikni ta'minlash maqsadida keng sig‘imli yagona auditoriyada tashkil etildi. Bundan tashqari, keng xonaga 30dan ortiq kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Qolaversa, imtihon jarayonini bevosita 3ta havola orqali onlayn kuzatish imkoni taqdim etildi. 

 Nomzodlikka talabgor koreys tilidan 40ta savolga javob berishi talab etildi. Savollarning 20tasi matnli, 20tasi ovozli variant bo‘lib, ularni bajarishga 45 daqiqa ajratildi. Imtihon 100 balli tizimda baholanib, har bir to‘g‘ri javob uchun 2.5 ball berildi. Test topshiruvchi savollarga javob berib bo‘lgach, monitor orqali qancha ball to‘plaganligini bilib oldi. Bundan tashqari, har bir nomzodning test natijalari qog‘ozda chop etilib, nomzodga berildi, shu bilan birga, nomzod o‘z natijalar tarixi bilan ham tanishib, to‘g‘ri va noto‘g‘ri bajargan savollarini tekshirib ko‘rish imkoniyati berildi. 

Eslatib o‘tamiz, 1995 yildan O‘zbekiston J.Koreya Inson resurslari departamenti bilan hamkorlikda mehnat migrantlarini ushbu mamlakatga markazlashgan holda yuborib keladi. O‘tgan davr mobaynida 50 ming atrofidagi o‘zbekistonlik J.Koreyada mehnat qilib, daromad ko‘rish imkoniga ega bo‘lgan. 

Biroq J.Koreya tomoni bir necha ming o‘zbekistonlik noqonuniy muhojir sifatida mamlakatda qolayotgani tufayli O‘zbekistonga dastur doirasida taqdim etgan kvota sonini keskin pasaytirib yuborgan edi. Bundan tashqari, koreyalik ish beruvchilar o‘zbek ishchilarining koreys tilini bilish saviyasi juda pastligidan shikoyat qilib kelgan. 

Shu bilan birga, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan koreys tili imtihonlarini o‘tkazish jarayoni noxolis, adolatsiz hamda shaffof emasligi ko‘plab fikr-mulohazalarga sabab bo‘ldi. Agentlik rahbariyati ish jarayonida tanish-bilishchilik, poraxo‘rlikka yo‘l qo‘yganlikda gumon qilinib, qo‘lga olingani haqida bir necha bor xabarlar e'lon qilindi. Shunga qaramay, hozircha, agentlikning rahbariyatiga nisbatan jinoiy ish ochilgani yoki yo‘qligi xususidagi savol hamon ochiq qolmoqda. 

14 iyul kungi test sinovlarini o‘tkazish zarurati esa, Samarqand shahridagi bilimni baholash markazi tomonidan koreys tilini bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikatlar berilishida korrupsiya alomatlari aniqlangani bois paydo bo‘ldi. Shundan so‘ng, o‘sha markazning vazirlik tomonidan berilgan akkreditatsiyasi bekor qilindi, ushbu markazda imtihon topshirganlar natijalari tan olinmasligi e'lon qilindi. Buning ortidan fuqarolardan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga shikoyatlar ko‘paygani sababli ularga o‘z bilimlarini tasdiqlash uchun yana bir imkoniyat berish maqsadida qaytadan imtihon o‘tkazishga qaror qilindi. 

Vazirlik vakilining ma'lum qilishicha, 14 iyul kuni imtihon topshirib chiqqanlar orasida ham o‘z natijasidan qoniqish hosil qilmaganlar yoki natija yuzasidan apellyatsiya topshirish istagida bo‘luvchilar mavjud bo‘lsa, bemalol murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi. 

Mavzuga oid