Iqtisodiyot | 16:10 / 15.07.2019
26815
2 daqiqa o‘qiladi

Moliya vaziri o‘rinbosari: Maoshlar 7 foiz oshirilishi rejalashtirilgandi, prezidentimiz tashabbusi bilan 10 foizga oshdi

Foto: Xalqaro press-klub

Bugun, 15 iyul kuni «Xalqaro press klub»ning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida» Farmoniga bag‘ishlangan bu anjumanda farmonga doir o‘zgarishlar tushuntirib berildi, savollarga javoblar olindi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari Shohruh Shorahmetov mazkur farmon yuzasidan fikrlarini bildirdi.

«Maoshlarning navbatdagi oshirilishini moliyalashtirish uchun 2,2 trln so‘m mablag‘ ajratilgan. Endi 10 foiz oshirilish kammi yoki ko‘pmi degan savolga javob izlasak. Umuman hukumat rejasi va budjet parametrlariga ko‘ra maoshlar va pensiyalar 7 foizga oshirilishi ko‘zda tutilgan edi. Ammo prezidentimiz tashabbusi bilan bu ko‘rsatkich 10 foizga ko‘tarildi. Demak, ana shu oshishni qoplash uchun yil oxiriga qadar qo‘shimcha tarzda maoshlar uchun 361 mlrd so‘m, pensiyalar uchun esa 463 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Ayni shu maoshlar oshishi 2,5 mln aholining turmush darajasiga ta'sir qiladi», deya vazir o‘rinbosari so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

12 iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori oshirilishi to‘g‘risidagi farmonini imzoladi

Unga ko‘ra, 2019 yilning 1 avgustdan boshlab budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori o‘rta hisobda 1,1 (10 foiz) baravar oshirildi.

Mavzuga oid