Iltimos, suvni o‘chiring!..
Tish yuvayotganda suvni o‘chirib qo‘yasizmi yoki oqizib? Idish-tovoq yuvayotganda-chi?
Birgina tish yuvish uchun qancha suv sarflashingiz haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Aslida tish yuvish uchun 1 stakan (200 ml) suv kifoya. Lekin aksariyat tish tozalash chog‘ida suvni o‘chirib qo‘yishni xayoliga ham keltirmaydi. Tishlaringizni hafsala bilan cho‘tkalagunga qadar o‘rtacha 7 litr suv behudaga oqib ketishga ulguradi. 7 litr! Buncha suvga yana 35 kishi tish tozalashi mumkin. Agar butun O‘zbekistonning 33 millionlik aholisi bir marta tish yuvishda suvni oqizib qo‘yadigan bo‘lsa, naq 231 tonna suv isrof bo‘ladi. Vaholanki, qaysidir tumanlarda poytaxtdagidek sharillagan suv ─ orzu!
Yer yuzida chuchuk suv resurslarining chegaralanganligi haqida yaxshi bilamiz. Yer sayyorasining 70 foizini qoplagan 1,5 milliard kub kilometr (1,54 kvintillion tonna)ning 97 foizini okean va dengizlarning iste'molga yaroqsiz sho‘r suvlari, 2 foizini muzliklarning suvlari tashkil etadi. Insoniyat zaxirasida atigi 1 foiz iste'molga yaroqli chuchuk suv mavjud va u ham tobora qisqarib, global muammoga aylanib bormoqda. Bir kunda bir kishi o‘rtacha 200 litr (yuvinish, ovqat qilish, ichish, idish yuvish va h.k) suv sarflaydi. Lekin bu ko‘rsatkichni 30 foizgacha qisqartirish mumkin.
Suvni tejash kerakligi bolalikdanoq singdiriladi. Behuda maqsadda ishlatilgan suv isrof, isrof esa gunoh. Uni tejash uchun allaqanday innovatsion uskuna o‘ylab topish, sho‘r suvni chuchuk suvga aylantirish haqida bosh qotirish shart emas. Shunchaki birgina qo‘l harakati bilan jo‘mrakni yopish orqali ancha-muncha suvning tejalishiga sabab bo‘lish mumkin. Global suvsizlikkka qarshi kurash har kim o‘z kundalik hayotida elementar asosda suvni tejashidan boshlanadi.
Tish yuvishda, soqol olishda, soch yuvishda, yuzni sovunlayotganda shunchaki jo‘mrakni yopib qo‘ying. Ko‘p qavatli uylarda ko‘p kuzatiladigan issiq suv kelgunicha sovug‘ini oqizib qo‘yishda ham suvni biron idishga to‘ldirib olish orqali yechim topish mumkin.
Idish yuvadigan va kir yuvadigan mashinadan to‘g‘ri foydalaning. Bunday mashinalar 2tagina kiyim/idish uchun ham 20ta kiyim/idish uchun ham bir xil hajmda suv sarflaydi. Shuning uchun ularning kuchidan to‘liq hajmda foydalanishga harakat qilish kerak. Ya'ni belgilangan miqdorda idish/kiyim-kechakni solib, suvdan unumli foydalanish mumkin. Yana bir kichik nyuans: avtomat kir/idish mashinalarining “Eko” rejimlisini tanlash maqsadga muvofiq. Ular eski modeldagi mashinalarga qaraganda 50 foizga kamroq suv sarflaydi.
Idish yuvishda suvni oxirigacha ochib qo‘ysangiz ham, shildiratib ochib qo‘ysangiz ham, bir xil natijaga erishasiz. Faqt ikkinchisida ancha suv tejaladi. Yoki avval namlangan idishlarni ko‘pikli gubka bilan ishqalab chiqib, keyin chayib olish ham suv sarfini kamaytiradi. Idish yuvish jarayoniga xonadon kunlik suv sarfining 15 foizi to‘g‘ri keladi.
Buzuq jo‘mraklarni ta'mirlang. Igna teshigidek joydan muttasil suv oqib tursa, bir sutkada 15 litrgacha suv isrof bo‘ladi. Shuning uchun oxirigacha yopilmaydigan buzuq jo‘mraklarni o‘z vaqtida ta'mirlating, unga qadar esa oqayotgan suv ostiga idish qo‘yishga erinmang.
Qog‘ozdan unumli tarzda foydalaning. Qog‘oz tayyorlash eng ko‘p suv sarfini talab qiladigan jarayonlardan biri hisoblanadi. 1 kilogramm qog‘oz tayyorlash uchun 50 litrgacha suv sarflanadi. Shu bois qog‘ozdan foydalanishda tejamkor bo‘ling, makulatura yig‘ib topshirishga erinmang.
Agar baribir tish tozalashda jo‘mrakni yopib qo‘yishga erinsangiz, dunyoning qaysidir nuqtasida bolalar loyqa suv ichayotganini xotirlang. O‘z tajribamdan aytishim mumkinki, eng yaxshisi, mana bu suratni yuvinish xonasiga yoki oshxonaga yopishtirib qo‘ying.
Suvni tejashga nisbatan erinchoqligingizni yengishga yordam beradi.
Saodat Abdurahmonova
Mavzuga oid
18:05 / 20.12.2024
Sadir Japarov: Qirg‘izistonda tejalgan har bir litr suv qo‘shnilarimizga yordamdir
12:10 / 20.11.2024
O‘zbekistonda foydalaniladigan suv resurslari 90 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelyapti
08:48 / 08.11.2024
Suv tannarxi oshib ketayotgan hududlar ma’lum qilindi
21:48 / 28.10.2024