Jamiyat | 10:53 / 19.07.2019
13910
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda maishiy shovqinga qarshi kurashni kuchaytirish taklif etildi

Foto: Shutterstock

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida maishiy shovqinga qarshi kurashni kuchaytirish haqida petitsiya e'lon qilindi.

“Ko‘p qavatli uylarda istiqomat qilayotgan fuqarolarning dam olishlari uchun qulay sharoitlar yaratish lozim. Afsuski, turli bazmlar tashkil etish, kvartiralarda uzoq muddatli qurilish ishlarini olib borish orqali qo‘ni-qo‘shnilarning bir-birini bezovta qilish holatlari ko‘plab uchraydi. Odatda, mayli o‘tib ketar degan qabilda munosabatda bo‘lsang, shovqin-suron yanada avj olib ketadi”, - deb yozadi murojaat muallifi. 

Bildirilishicha, qonunlarda ushbu holatlarni tartibga solishga doir normalar belgilangan bo‘lishiga qaramay, ayrim fuqarolar ularga rioya qilmay, ham o‘zgalar tinchini, ham qonunlarda belgilangan taqiqlarni qo‘pol tarzda buzmoqda. Turli xil eslatmalarni ko‘chalarga o‘rnatish orqali ham bunday salbiy holatlarning oldini olib bo‘lmayapti.

“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 192-moddasi 1-qismida belgilangan “Tungi vaqtda — soat 23.00 dan 06.00 gacha” jumlasini “Tungi vaqtda — dam olish kunlari 22.00 dan 10.00 gacha, ish kunlari 21.00 dan 08.00 gacha” deb o‘zgartirishni taklif qilaman”, - deyiladi petitsiyada.

Mavzuga oid