Jahon | 07:36 / 23.07.2019
7459
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Hurmuz bo‘g‘ozini patrullash uchun koalitsiya tashkil etilishini e'lon qildi 

Foto: AP Photo / Tasnim News Agency

AQSh Hurmuz bo‘g‘ozini patrullash uchun koalitsiya tashkil etmoqda, unda butun dunyo davlatlari ishtirok etadi. Bu haqda AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo WFTV 9 telekompaniyasiga bergan intervyuda ma'lum qildi. 

Uning ta'kidlashicha, koalitsiya ishtirokchilari hududda dengiz yo‘llarini ochiq tutish uchun bo‘g‘ozni patrullaydi.

Pompeo Vashington Eron bilan urushishni istamayotgani, biroq Tehron o‘zini tutishni o‘zgartirishi lozimligini aytgan. “Biz ular butun dunyo bo‘ylab terrorchilik faoliyati bilan shug‘ullanishni bas qilishlarini istaymiz. Ular o‘z yadro quroli dasturini davom ettirmasliklari kerak”, deb qo‘shimcha qilgan AQSh davlat kotibi. 

U AQSh prezidenti Donald Tramp Eron yetakchilari bilan biror-bir dastlabki sharsiz uchrashishdan xursand bo‘lishini aytgan. Pompeoning aytishicha, Tramp ixtilofga yo‘l qo‘ymaslik uchun diplomatik muloqot zarurligini ta'kidlamoqda. 

Avvalroq Vashington ittifoqdoshlari bilan Fors ko‘rfazidan o‘tuvchi tankerlarni qo‘riqlash imkoniyatini muhokama qilayotgani ma'lum qilingandi. AQSh harbiy koalitsiya yordamida Eron va Yaman sohillari yaqinidagi tijoriy kemachilikni himoya qilishga umid qilmoqda.

Mintaqadagi vaziyat Ummon ko‘rfazida neft tankerlariga bir qator hujumlardan keyin taranglashdi. AQSh ushbu hujumlar uchun javobgarlikni Eron zimmasiga yuklamoqda.

Mavzuga oid