O‘zbekiston | 01:18 / 25.07.2019
18415
5 daqiqa o‘qiladi

Forishdagi harbiy tog‘ poligoni xalqaro harbiy-tibbiy estafetani o‘tkazishga shay - fotogalereya

Jizzax viloyatining Forish tumanida joylashgan Forish harbiy tog‘ poligonida V xalqaro armiya o‘yinlarining tashkillashtirilishiga bag‘ishlangan press tur bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizdagi bir qator OAV vakillari va blogerlar ishtirok etishdi.

O‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining o‘rinbosari, general-mayor Azizbek Ikromov xalqaro armiya o‘yinlari ishtirokchi davlatlar qurollik kuchlari bo‘linmalari va jamoalari o‘rtasidagi sportning harbiy-amaliy turlari bo‘yicha o‘tkaziladigan xalqaro kompleksi musobaqa hisoblanishini aytib o‘tdi.

«ARMY» xalqaro o‘yinlari 2015 yilda Rossiya Federatsiyasiga asos solingan. Dastlabki musobaqada 17 ta davlatdan 57 ta jamoa qatnashgan. 2-Xalqaro armiya o‘yinlari 2016 yilda o‘tkazilgan 19 ta davlatdan jamoalar qatnashishgan. 3-Xalqaro o‘yinlar «ARMY–2017» 5 ta davlat hududida tashkillashtirilgan va unda 28 ta davlatdan 82 ta jamoa qatnashgan.

O‘tgan yilgi «ARMY–2018» 4-Xalqaro armiya o‘yinlari 7 ta davlat hududida tashkillashtirilib, 32 ta davlatdan 189 ta jamoa qatnashgan bo‘lsa, bu yilgi «ARMY–2019» o‘yinlari 10 davlat hududida bo‘lib o‘tadi. Jumladan, O‘zbekistonda ham. Unda 85 ta davlat ishtirok etishi kutilmoqda. 6 mingdan ortiq ishtirokchi 32 komplekt medallar uchun kurash olib borishadi.

25 iyuldan 19 avgustga qadar o‘tadigan musobaqada O‘zbekiston Respublikasi qurolli kuchlari 14 ta yo‘nalish: «Qo‘shin razvedkasi a'lochisi», «Xavfsiz marshrut», «Elburs halqasi», «Yo‘l patruli», «Sodiq do‘st», «Merganlar marrasi», «Qurol ustasi», «Musaffo osmon», «Tank biatloni», «Artilleriya olovi ustasi», «Dala oshxonasi», «Harbiy ralli», «Rembat» bo‘yicha ishtirok etadi. Shuningdek, «Harbiy-tibbiy estafeta» musobaqasiga mezbonlik qilmoqda.

O‘zbekistonda o‘tadigan «Harbiy-tibbiy estafeta» harbiy vrachlar va tibbiy bo‘limlar o‘rtasidagi o‘q otish, maxsus tibbiy ko‘nikmalarni (birinchi yordam, yaradorni jang maydonidan olib chiqish va boshqalarni) bajarish bo‘yicha musobaqadir. Musobaqa individual mahorat va jamoa birinchiligi kabi ikki bosqichda olib boriladi.

Forish tog‘ poligonida tashkillashtiriladigan 12 ta davlat — Armaniston, Angola, Vetnam, Zimbabve, Myanma, Ozarboyjon, Tojikiston, Xitoy, Qozog‘iston va O‘zbekiston ishtirok etadi. Venesuela kuzatuvchi maqomida qatnashadi.

Press tur davomida poligonda yaratilgan sharoitlar, jumladan, yangidan barpo etilgan oshxona, yotoqxonalar va suzish havzasi, shuningdek, musobaqa o‘tkaziladigan maydonlar tanishtirildi. Butun poligon hududi tekin vay-fay bilan ta'minlangan. Kutubxona o‘zbek, rus va ingliz tilidagi kitoblar bilan ta'minlangan.

Eng qizig‘i, xorijdan tashrif buyuruvchi mehmonlar uchun respublikamizning har bir viloyati udumlaridan hikoya qiluvchi maxsus do‘konlar tayyorlab qo‘yilgan. Bu yerda mehmonlar milliy kiyim kechaklar va boshqa esdalik sovg‘alari xarid qilishlari mumkin.

Xorijiy mehmonlar va mahalliy askarlar uchun naqd pul chiqaruvchi, valuta ayriboshlovchi bankomatlargacha hozirlab qo‘yilgan.

General-mayor Azizbek Ikromov musobaqa g‘olibiga Chevrolet Gentra avtomobili berilishini ta'kidlab o‘tdi.

Press-tur davomida jurnalist va blogerlarni Rossiyadan xarid qilingan «Tayfun» harbiy mashinasida poligonni aylantirishdi. Harbiy mashinalar va harbiylar ishtirokida ko‘rgazmali chiqish namoyish etib berildi.

Qayd etib o‘tish joizki, o‘ta qisqa muddat ichida Forishdagi harbiy tog‘ poligonida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilganining guvohi bo‘ldik. Jahon andozalariga mos ravishda jihozlangan, yangidan barpo etilgan poligon binolarida har qanday darajadagi mehmonni kutishdan uyalmaymiz.

Shuhrat ShOKIRJONOV.

Mavzuga oid