Sport | 19:50 / 25.07.2019
21805
12 daqiqa o‘qiladi

Grizmann Azarga qarshi va yangilangan «Atletiko»: Yozning eng asosiy transferlari

Navbatdagi transfer oynasi ham qizg‘in pallasiga yetib keldi va klublar o‘z saflarini to‘ldirish yo‘lida turli muzokaralarda qatnashmoqda. Ancha yorqin o‘tgan Yevropa Chempionlar Ligasi va ba'zi top-klublarning yangilanishga muhtoj ekanliklari ushbu jarayonni yanada qizdirib yuborgani shubhasiz. Xususan, bir necha yil oldin jahon rekordi sifatida qayd etilishi mumkin bo‘lgan qiymatlardagi o‘nga yaqin transferlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, o‘tgan yili yevrokuboklarga o‘z pozitsiyasini inglizlarga berib qo‘ygan La Liga yetakchilari faol ekanliklarini ta'kidlash joiz. Zero, shu yozda bugungi kungacha amalga oshirilib bo‘lgan eng qimmat yetti transferning 6tasida aynan ispan jamoalari ishtirok etishgan.  

7. Rodri — «Atletiko»dan «Manchester Siti»ga - 70 mln yevro

«Shaharliklar» ispaniyalik tayanch yarim himoyachisining transferini iyun oyi o‘rtalarida e'lon qilishgandi. Rodri «Manchester Siti» tarixidagi eng qimmatbaho futbolchilar reytingida 2-o‘rinni egalladi. To‘rt yil oldin klub Kevin De Bryuyne uchun «Volfsburg»ga 76 million yevro to‘lagandi.

Rodri bilan «Bavariya» va «Barselona» klublari ham qiziqqandi, ammo yarimhimoyachining o‘zi «Manchester Siti»ni tanladi. Pep Gvardiola ispaniyalik ushbu futbolchini 34 yoshni qarshilagan braziliyalik Fernandinoga o‘rinbosar sifatida ko‘rmoqda. 

6. Frenki de Yong — «Ayaks»dan «Barselona»ga - 75 mln yevro

«Ayaks» yulduzining «Barselona»ga o‘tishi qishdayoq aniq bo‘lib ulgurgandi, shunday bo‘lsa-da, transfer rasman 1 iyul kuni amalga oshdi. Mavsumning ikkinchi yarmida De Yong jamoasi bilan birgalikda Niderlandiya chempionatida g‘olib chiqdi, shuningdek, 22 yillik tanaffusdan so‘ng, «Ayaks»ning Chempionlar Ligasi yarim finaliga chiqishiga yordam berdi. Ya'ni, «Ayaks» oxirgi marta shu bosqichga yetib kelganida, Frenki hali tug‘ilmagan ham edi.

Shartnoma muddati 2024 yilning yozigacha belgilangan. Agar futbolchi Barselonada muvaffaqiyatli to‘p sursa, «Ayaks» transfer uchun belgilangan 75 million yevrodan tashqari, 11 million bonuslar ham oladi. Niderlandiyalik yosh havbek asosiy tarkib uchun Ivan Rakitich va Artur bilan raqobat qiladi.

5. Lyuka Ernandes — «Atletiko»dan «Bavariya»ga - 80 mln yevro

Shu oy boshida «Bavariya» JCh-2018 g‘olibini rasman tanishtirdi. Aslida kelishuv bahordayoq amalga oshgandi. Lyuka nemislar klubi bilan 5 yillik shartnoma imzoladi, transfer summasi esa bir qator jiddiy rekordlarni qayd etdi.

Masalan, 80 million yevro bu «Bavariya» uchun rekorddir. Qizig‘i, bundan oldingi ko‘rsatkich ikki barobar pastroq bo‘lgan. Shu paytgacha, «Bavariya»ning boshqa bir fransuz futbolchisi Korenten Tolisso uchun bergan 41,5 million yevro eng yirik transfer edi. Bundan tashqari, Ernandes eng qimmat himoyachilar ichida uchinchi o‘rinni qayd etdi. 

Katta ehtimol bilan Ernandes yangi mavsumda markaziy himoyada to‘p suradi. Agar «Barselona»ga o‘tishni istayotgan David Alaba niyatiga yetsa, balki sevimli chap qanotida ham to‘p surishi mumkin. Futbolchiga himoyada sherik bo‘lib, terma jamoadagi safdoshi Benjamen Pavar ham o‘ynaydi – nemis klubi uni qishda «Shtutgart»dan 35 million yevroga sotib olgandi. 

4. Matteys de Ligt — «Ayaks»dan «Yuventus»ga - 85,5 mln yevro

19 yoshli futbolchini sotib olish turinliklarga oson bo‘lmadi. Matteysga «Barselona» va «PSJ» qattiq qiziqdi, futbolchining o‘zi ham bir kun kelib, Kataloniya klubida to‘p surish niyatini yashirmagan bo‘lsa-da, oqibatda «Yuventus»ni tanladi. Turinliklar himoyachiga yaxshiroq shartlarni taklif qilishdi, shuningdek, asosiy tarkibda to‘p surish ehtimoli ham bu yerda yuqoriroq edi. 

Transferning amalga oshishida futbolchining agenti Mino Rayola katta rol o‘ynadi. U Turin klubi rahbariyati bilan juda yaxshi munosabatga egadir. Niderlandiyalik De Ligt o‘tgan yili «Liveppul»ga o‘tgan hamyurti Virjiyl van Deykdan keyingi dunyodagi eng qimmat ikkinchi himoyachiga aylandi. OAV ma'lumotiga ko‘ra, Matteys «Yuventus»da yiliga 12 million yevro maosh oladi.

3. Eden Azar — «Chelsi»dan «Real»ga - 100 mln yevro

Foto: realmadrid.com

«Real»ning Azarga jiddiy qiziqishi mart oyida, Zidan jamoani qayta qabul qilib olgach ma'lum bo‘lgandi. Iyun oyining boshida Azar madridriklar uchun rekord summa – 100 million yevroga «Real» futbolchisiga aylandi. Bu olti yil avval Garet Beyl uchun to‘langan puldan atigi 200 ming yevroga ko‘proq. Bundan tashqari, turli bonuslar shaklida «Chelsi» yana 45 million yevro pulga ega bo‘lishi ham mumkin. Umuman, Azar futbol tarixidagi transferlar orasida sakkizinchi pog‘onani zabt etdi.

«Real»dagilar u klubda Ronaldu ketishidan keyin bo‘shab qolgan yetakchilik pozitsiyasini yopishiga umid bildirishmoqda. O‘tgan mavsumda jamoada inqiroz kuzatildi – ichki chempionatda uchinchi o‘rinni band etgan «Qirollik klubi» Chempionlar Ligasida nimchorak finaldanoq kurashni to‘xtatdi. Muxlislar «Real» yana taxtga qaytishini istashmoqda va bu vazifani bajarishda Eden Azar eng muhim rollardan birini ijro etishi kerak bo‘ladi.

Darvoqe, aytishlaricha, Zidan «Real»ga qaytish asnosida, klub prezidenti Florentino Peresdan jamoaga Krishtianu darajasidagi uch futbolchini sotib olish shartini qo‘ygan ekan. Azardan tashqari, madridliklar Pogba, Neymar yoki Mbappe kabi futbolchilarga ham jiddiy qiziqishmoqda. Demak, yoz tugaguncha eng qimmat transferlar ruyxati yana kengayishi mumkin.  

2. Antuan Grizmann — «Atletiko»dan «Barselona»ga - 120 mln yevro

Foto: barcelona.com

«Barselona» fransiyalik hujumchi uchun 120 million yevro to‘ladi va Jozep Bartomeuning aytishicha, 35 millioni kredit yordamida qoplangan. Bu bilan kataloniyaliklar o‘tgan yili Filipp Koutino uchun to‘langan mablag‘ni takrorlashdi. Bu ikki futbolchi futbol tarixidagi «eng qimmat»lar orasida to‘rtinchi o‘rinni egallab turishibdi. Grizmanning «Barselona» bilan shartnomasi besh yilga tuzildi va klub uchun rekord darajadagi tovon puli yozildi – 800 million yevro. 

Grizmanning o‘tishi ushbu transfer oynasida eng janjalli voqeaga aylandi. Transfer amalga oshishidan bir necha kun oldin, «Atletiko» ayblov bilan chiqdi – emishki, barselonaliklar ancha avvalroq, klubdan xabarsiz ravishda Grizmann bilan muzokaralar o‘tkazgan va kelishib qo‘ygan. O‘sha paytda futbolchining «Atletiko»dagi tovon puli 200 million yevro edi va faqat iyul oyiga kelibgina, bu summa 120 million yevroga tushishi ko‘zda tutilgandi. Endi esa, «Atletiko» «Barselona»dan yana 80 million yevro talab qilyapti va bu haqida La Liga rahbariga arz qilindi. Xaver Tebas o‘z navbatida, bu masala bilan jiddiy shug‘ullanishi va tekshiruv uzoq davom etishi mumkinligiga ishora qildi. Hatto bir muddat Grizmann maydonga tusha olmay qolishi mumkin.

O‘rtoqlik o‘yinlarida esa, boshqa debyutant De Yong bilan birgalikda Grizmann maydonga tushib bo‘ldi. Hujumchi «Chelsi»ga qarshi uchrashuvda 45 daqiqa harakat qildi. Haqiqiy debyut esa, avgust oyi o‘rtalarida ro‘y berishi mumkin, shu kuni Ispaniya chempionatida yangi mavsumning 1-turi doirasida «Barselona» «Atletik»ka qarshi maydonga tushadi. Qizig‘i, Grizmann aynan Baskoniyaning boshqa bir klubida, «Real Sosedad»da tanilgandi.

1. Joau Felish — «Benfika»dan «Atletiko»ga - 126 mln yevro

Joauning «Atletiko»ga kelib qo‘shilishi Madrid jamoasi uchun 126 million yevroga tushdi va 19 yoshli futbolchi uchun to‘langan summa futbol tarixidagi transferlar qatorida uchinchi o‘rinni band qildi. «PSJ»ning Neymar (222 million) va Mbappe (135 million) uchun mos ravishda «Barselona» va «Monako»ga to‘lagan pullari bundan kattaroq, xolos.

«Atletiko»ning bu qadar katta pul sarflashiga, albatta, bir qator futbolchilarini yaxshigina pulga sotgani sabab bo‘lmoqda. Mana shu maqolaning ichidan «Atletiko»ning uch transferi o‘rin olgan – Rodri, Grizmann va Ernandes uchun 270 million yevro klub hamyonini to‘ldirdi. Shuningdek, Felish «Atletiko»ning transferlar rekordini yangiladi. O‘tgan yili klub «Monako» yarim himoyachisi Tomas Lemar uchun 85 million yevro to‘lagan edi.

Felish o‘sha yili katta futboldagi ilk to‘liq mavsumini o‘tkazdi. U barcha musobaqalarda 49 o‘yinda maydonga tushgan va 22 gol muallifi bo‘lgan. Yevropa Ligasining chorak finalida u «Ayntraxt» darvozasiga uch gol urib, turnirda het-trik qayd etgan eng yosh futbolchi sifatida tarixga kirdi. Shu yozda Felish bilan «Real», «Yuventus» va «Manchester Siti» ham jiddiy qiziqdi, ammo kelishuv amalga oshmadi.

Hujumchi «Atletiko» safida ilk o‘yinini 20 iyul kuni «Numansiya»ga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida o‘tkazdi. Debyutni muvaffaqiyatli deyish qiyin – Joau 27-daqiqada raqibning qo‘pol harakati natijasida kichik jarohat oldi va almashtirildi. Ammo «Xetafe»ga qarshi 18 avgustda bo‘lib o‘tadigan ochilish o‘yiniga Felish tayyor bo‘ladi.

Mavzuga oid