Jamiyat | 18:00 / 26.07.2019
115626
3 daqiqa o‘qiladi

Pensiya yoshi oshirilishiga oid masalaga oydinlik kiritildi

Bugun, 26 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar Agentligida Pensiya jamg‘armasi tomonidan «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi farmon mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.

Tadbirda taqdim etilgan ma'lumotlarga ko‘ra, shu vaqtga qadar pensiya tayinlash uchun yetarlicha ish stajiga ega bo‘lmagan nafaqa oluvchilarning nafaqa miqdorlariga qo‘shimchalar umuman belgilanmagan bo‘lib, joriy yilning 1 avgustidan boshlab ilk bor I guruh nogironlik nafaqasi oluvchi, shu jumladan 16 yoshdan katta bolalikdan I guruh nogironlariga jami 23 mingdan ortiq shaxslarga eng kam ish haqining 25 foizi miqdorida, ya'ni 55 750 so‘m miqdorda oylik qo‘shimcha to‘lovlar joriy qilinadi.

Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqalari mehnatga layoqatsiz oila a'zolarining soniga nisbatan amaldagi foiz hisobida yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan kelib chiqib hisoblanishi belgilangan. Masalan, hozirgi kunda ikki nafar mehnatga layoqatsiz oila a'zosi uchun har oyda 182,5 ming so‘m nafaqa olayotgan oila, joriy yil avgustdan boshlab har oyda 327,1 ming so‘m yoki 144,6 ming so‘mdan (79,2 foiz) ko‘p nafaqa olishadi. Buning natijasida respublika bo‘yicha 100 mingdan ortiq pensiya va nafaqa oluvchilar hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi.

Anjumanda jurnalistlar pensiya yoshining oshirilishi oid rejalar bo‘yicha berilgan savolga Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori o‘rinbosari Shuhratjon Davronov javob berdi.

«Hozirgi kunda pensiyaga oid islohotlar bo‘yicha konsepsiya ustida ishlanyapti va unda pensiya yoshini oshirish masalasi kun tartibiga qo‘yilmagan. Ammo aytishim mumkinki, O‘zbekiston pensiya yoshi eng past davlatlardan biri hisoblanadi va bu yosh sobiq ittifoqning 1956 yildagi qonunchiligiga ko‘ra qabul qilingan. Qiziq jihati, o‘sha paytlarda aholining o‘rtacha yoshi 47 yoshni tashkil qilgan», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid