O‘zbekiston | 14:35 / 27.07.2019
10433
2 daqiqa o‘qiladi

Myanma, Rossiya, Angola va Armaniston harbiy delegatsiyalari “Forish”ga yetib keldi

Xalqaro armiya o‘yinlarining “Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovida ishtirok etish uchun navbatdagi harbiy delegatsiyalar “Forish” poligoniga kelib joylashdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar bermoqda.

26 iyul kechasi Myanma davlatidan kelgan mehmonlar kutib olingan bo‘lsa, 27 iyul erta tongida Rossiya, Armaniston va Angola davlatlarining harbiy delegatsiyalari belgilangan manzilga yetib keldi.

Myanma davlatidan 17 nafar, Rossiya Federatsiyasidan 31 nafar, Armanistondan 18 nafar hamda Angoladan 9 nafar mehmon dastlab tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, shundan so‘ng poligonda yaratilgan sharoitlar bilan tanishib chiqdi.

Musobaqa oldidan mehmonlar uchun Samarqand shahrida joylashgan diqqatga sazovor qadamjolar bo‘ylab ekskursiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 26 iyul kuni Vetnam harbiy delegatsiyasi tanlovda ishtirok etish uchun birinchi bo‘lib yetib kelgandi.

Shuningdek, bugun Ozarbayjonlik harbiylarning ham “Forish”ga yetib kelishi kutilmoqda.

Mavzuga oid