O‘zbekiston | 22:23 / 30.07.2019
17921
3 daqiqa o‘qiladi

Deputat «snos»lar haqida: «Qonun hamma uchun bir xil, jazo esa mansabdorga ham istisnosiz bo‘lsagina qonunbuzarliklar kuzatilmaydi»

Kecha, 29 iyul kuni "O‘zbekiston" telekanalida «Munosabat» ko‘rsatuvining navbatdagi soni efirga uzatildi. 

Ko‘rsatuvning mazkur soni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 iyul kuni kichik biznes va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bildirgan fikrlari, jumladan, «Barcha hokimlarni qat'iy ogohlantiraman – asosli zarurat bo‘lmagan holda tadbirkorlarga tegishli mol-mulkni buzishga umuman yo‘l qo‘yilmasligi zarur va shart», degan topshirig‘ining ijrosi bo‘yicha joylarda amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlandi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdurashid Abduqodirov ko‘rsatuv boshlovchisining Prezident xalqni rozi qilish, tadbirkorning mulkiga tegmaslik haqida gapirayotganda mahalliy hokimlar nima uchun mazkur ikki omilga qarshi borishayotgani, xalqni buzilishlar tufayli norozi qilayotgani borasidagi savoli yuzasidan fikr bildirgan.

«Xalqning noroziligiga sabab nima? Birinchi navbatda xalqqa tushuntirish ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, ularning haq-huquqlari ta'minlanmayotganidan.

Jamoatchilik nazorati bo‘lishi kerak, deb ko‘p gapiryapmiz. Lekin jamoatchilik nazoratidan kuchliroq vakolatga ega organlar-chi? Har bir tumanda Prokuratura, Ichki ishlar, Adliya va Davlat xavfsizlik xizmatining bo‘limlari bor. Mazkur organlar faoliyatini tartibga soluvchi nizomida birinchi navbatda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, inson haq-huquqlari kafolatini ta'minlash asosiy vazifa ekanligi belgilab qo‘yilgan. 

Biz so‘nggi paytlarda internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali hokimlarning ko‘p bora qonunni buzishi va hattoki jinoyat qilishiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Audio, video materiallar hokimlarning harakatlari jinoyat ekanligini tasdiqlab turibdi, ammo ular jazosiz qolmoqda-ku.

Muammolarga faqatgina jamoatchilik nazorati va bunday ko‘rsatuvlar orqali yechim topib bo‘lmaydi, natija chiqara olmaymiz. 

Qachonki, ijro hokimiyati tepasida turgan hokimlar yoki mansabdor shaxslarning har bir harakati ustidan qonunda belgilangan jazo choralari istisnosiz amalda bo‘lsa bunday ishlarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Biror bir tuman yoki viloyatdagi prokuror, ichki ishlar rahbari hokimga "Siz qonun buzayapsiz, inson haq-huquqlarini toptayapsiz, uryapsiz, so‘kyapsiz", demaydi. 

To‘g‘ri, yarashtirish qonunchilikda bor, lekin buning teskari holati bo‘lsa-chi? Jismoniy shaxsga nisbatan oddiy fuqaro qonunbuzarlik qilsa yarashtiruv instituti qo‘llanmayapti.

Yakkabog‘dagi holat bo‘yicha ham tadbirkor qasddan odam o‘ldirish moddasi bo‘yicha ayblanyapti, bu modda bo‘yicha aybdor 15-16 yilgacha qamalishi belgilangan», deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdurashid Abduqodirov.

Mavzuga oid