O‘zbekiston | 18:00 / 30.07.2019
14776
2 daqiqa o‘qiladi

Mehnat vazirligi: «Ayni shu vaqtda 1198 nafar vatandoshimiz Rossiya izolyatorlarida»

Bugun, 30 iyul kuni Toshkent shahrida Inson huquqlari milliy Markazi tomonidan Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi. Ushbu tadbirning ikkinchi qismida Mehnat vazirining o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov ham nutq so‘zladi.

«Odam savdosi, asosan, mehnat migrantlari orasida uchraydi. Huquqi toptalgan ushbu shaxslarga hozirgi kunda ko‘plab amaliy yordamlar berilmoqda. 2 yil ichida 86 nafar mehnat migrantining jasadi vatanga qaytarildi. Ular oilasi bilan xayrlashib, yaxshi niyatlarda yo‘lga chiqqan. Tan olamizmi yoki yo‘q, biz donor davlatimiz. Yurtimizdan ketgan migrantlarning 3.142.000 nafari Rossiya davlatiga to‘g‘ri kelmoqda. Ular peshona terisi bilan pul topib jo‘natadi. 2013 yilning o‘zida 7 milliard dollarga teng mablag‘ jo‘natilgan. Shu sababli, bu mavzu ham ijtimoiy, ham iqtisodiy jihatdan ham muhimdir.

Odam savdosining oldini olish maqsadida Rossiyaning bir necha joylarida vakolatxonalarimizni ochdik. Hozirda 1198 nafar vatandoshimiz Rossiya izolyatorlarida saqlanmoqda. Biz ularning ham holidan xabar olib turibmiz. O‘zga yurtda qiynalib ishlab, keyin vatanga qaytgan fuqarolarimizni kasblarga qayta tayyorlayapmiz. Rossiyada 300-400 dollar uchun og‘ir mehnat qilishgan bo‘lsa, biz qayta tayyorlaganimizdan so‘ng, “siti”lar qurilishlarida ishlashmoqda. Ularning daromadi 800-1000 dollargacha yetmoqda. Muhojirlikda ko‘cha supurishda yurgan yoshlarimiz bu yerga qaytib 18 xil yo‘nalishdagi kasblarga tayyorlanmoqda», - deydi vazir o‘rinbosari.

Ushbu brifing davomida ko‘plab fikr va mulohazalar bildirildi, xalqaro ekspertlar takliflari tinglandi.

Mavzuga oid