O‘zbekiston | 14:48 / 30.07.2019
6754
2 daqiqa o‘qiladi

Quyosh stansiyasini qurish uchun 40dan ortiq kompaniya qiziqish bildirgan

Bugun, 30 iyul kuni Axborot va Ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ma'lum qilinishicha, Davlat-xususiy sherikligi doirasida Quyosh energetikasi sohasida ham qator loyihalar mo‘ljallangan.

Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘magida Navoiy viloyatida pilot 100 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasini qurish loyihasi tenderi yakunlanish arafasida.

Osiyo taraqqiyot banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘magida DXSh asosida quriladigan quyosh fotoelektr stansiyalar quvvatini 2000 MVtga yetkazish va 2030 yilga borib uni umumiy quvvati 5000 MVtga yetkazish rejalashtirilgan.

Muxbirimizning “quyosh fotoelektr stansiyasini qurish loyihasiga kimlar qiziqish bildirmoqda va bu loyihaga qachon kirishiladi?” degan savoliga javoban agentlik direktori G‘olib Xoljigitov:

– Navoiy viloyatida ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan bu loyihaga dastlab 40dan ortiq kompaniyalar qiziqish bildirgan edilar. Hozirgi kunga kelib tanlov asosida ularning 10tasi saralab olindi. Ularning nomlarini hozircha ayta olmayman, chunki tender tugagani yo‘q. Ammo aytishim mumkinki ular orasida dunyo miqyosida obro‘li hisoblangan Fransiya, Italiya kompaniyalar bor. Tender joriy yil oktabr oyida yakuniga yetadi va shundan keyin hukumat tasdiqlagan reja bo‘yicha ish boshlanadi, – deya javob berdi.

Mavzuga oid