O‘zbekiston | 18:20 / 30.07.2019
51404
7 daqiqa o‘qiladi

Rishtonda hashar. Hokimlik barcha tumanlardan minglab ishchi-xizmatchilarni jalb qildi, vazirlik majburiy mehnatni to‘xtatishni talab etmoqda

27-28 iyul kunlarida Farg‘ona viloyatining Rishton tumanidagi obodonlashtirish va qurilish ishlariga viloyatning barcha shahar va tumanlaridan 13562 nafar hasharchi jalb qilindi. Bu haqda O‘zA saytida e'lon qilingan «Rishtonda uyi buzilishga tushgan har bir oilaga ko‘mak berilmoqda» sarlavhali maqolada ma'lumot berilgan.

Maqolada hasharni Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev, prokuror Sadriddin Turdiyev, ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Rahmat Mamatov kuzatib borgani, ular har bir qurilish obektiga kelib, aholi bilan muloqot qilgani qayd etilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda viloyat hokimi voqea joyiga velosipedda tashrif buyurib, odamlar bilan suhbatlashayotgani aks etgan suratlar tarqatildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ushbu maqolaga munosabat bildirib, bu kabi tadbirlar o‘tkazilishi mehnat qonunchiligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzish hamda ommaviy majburiy mehnatga jalb qilish hisoblanishini ma'lum qildi.

«29 iyul Milliy axborot agentligining Uza.uz saytida «Rishtonda uyi buzilishga tushgan har bir oilaga ko‘mak berilmoqda» nomli maqola e'lon qilindi. Maqolada 27-28 iyul kunlari Farg‘ona viloyatining qator tumanlarida yo‘llarni kengaytirish, obektlar qurish va obodonlashtirish ishlarini o‘tkazish uchun «Azot» AJ, «Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi», «Farg‘ona Issiqlik energo markazi» MChJning 4500 nafar xodimini jalb etish orqali hashar o‘tkazilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi shuni ma'lum qiladiki, bu xildagi tadbirlar mehnat qonunchiligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzish va ommaviy ravishda mehnatga majburlash hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 349-son Qaroriga muvofiq, hashar faqat ixtiyoriy asosda o‘tkazilishi belgilangan. Hasharni o‘tkazish uchun umumxalq hasharini o‘tkazish to‘g‘risida Prezidentning tegishli hujjati yoki Vazirlar Mahkamasining qarori bo‘lishi shart. Hasharlar unda ishtirok etadigan shaxslar mehnat qiladigan tegishli tashkilot hududida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik normalariga qat'iy rioya etilgan holda o‘tkaziladi. Hasharlar doirasida boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan, qurilish-ta'mirlash ishlariga majburiy jalb etishga qat'iy yo‘l qo‘yilmaydi.

27-28 iyul kunlari Farg‘ona viloyatining qator tumanlarida o‘tkazilgan hasharlar Prezidentning tegishli hujjatisiz yoki Vazirlar Mahkamasining qarorisiz o‘tkazilgan. Hasharlar doirasida budjet va boshqa tashkilot xodimlari qurilish va obodonlashtirish, shu jumladan, avtomobil yo‘llari bo‘yidagi ishlarga jalb etilgan.

Ko‘rsatib o‘tilgan tadbirlar doirasida majburiy mehnatga jalb qilish holatlarini o‘rganish uchun «Azot» AJ, «Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi», «Farg‘ona Issiqlik energo markazi» MChJ korxonalarida o‘rnatilgan tartibda tekshiruv o‘tkazish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 3ta guruh shakllantirildi. Tekshiruv natijalari bo‘yicha ko‘rilgan tegishli chora-tadbirlar haqida qo‘shimcha ma'lumot beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bu xildagi tadbirlarning o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmasligini tasdiqlaydi hamda joylardagi davlat hokimiyat organlari rahbarlaridan har qanday majburiy mehnat ko‘rinishlarini to‘xtatishni talab etadi», deyiladi vazirlik xabarida.

O‘zA maqolasida viloyatning 11ta shahar-tumanidan Rishtonga hasharchilar jalb qilingani, har bir tuman hokimi shtab tuzib o‘zi boshchilik qilib, bu yerdagi hasharchilarga sharoit yaratish, aholiga qurilishda yordam berish ishlariga bosh-qosh bo‘layotgani ma'lum qilingan.

«Farg‘ona shaharliklar 3ta obektdagi qurilish va obodonlashtirish ishlariga yaqindan yordamlashish maqsadida 4ta sektor rahbarlari tashabbusi bilan 4550 nafar hasharchi, 5ta avtomashina, 3ta ekskavator, 1 ta greyder va 2 ta traktor texnikalari bilan hasharda qatnashishdi. Ushbu obektlardagi qurilish va obodonlashtirish ishlarida «Azot» AJdan 1500 nafar, «Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi» MChJdan 2500 nafar,«Farg‘ona Issiqlik energo markazi»dan kelgan 550 nafar hasharchi qatnashdi.

Yozyovon tumanidan 587 nafar hasharchi kelgan. Ular qurilish materiallari bilan ham amaliy yordam berishdi. Jumladan, homiylik tariqasida 50 mingta g‘isht, 10tonna sement, 300 ta shifer olib kelindi. 15 ga yaqin turli qudratli texnikalar barcha ishlarga jalb qilindi», deyiladi maqolada.

Rishtondagi umumxalq hasharida Bag‘dod tumanidan 800 nafarga yaqin hasharchilar ishtirok etishgan.

Hashar ishtirokchilaridan biri, Qo‘shtepa tumani tuman elektr tarmoqlari korxonasi bosh muhandisi Baxtiyor Erkaboyev muxbirga bergan intervyusida o‘z korxona ishchilari buzish, obodonlashtirish va qurilish ishlarida ishtirok etayotganini ma'lum qilgan.

«Rishtondagi hasharda korxonamizdan kuniga 30 nafar ishchi-xizmatchilar qatnashyapti. Ishchi-mutaxassislarimiz tomonidan tuman hududida 4 km. beton stolbalarda demontaj ishlarini olib borish bilan birga obodonlashtirish, qurilish ishlarida bevosita ishtirok etyapmiz. Bizga biriktirilgan 3ta xonadonda qurilish ishlarini olib borish uchun keltirilgan 2 mashina g‘ishtni tashib, joylashtirdik. 2ta eski binoni buzib, joyini tekisladik, shag‘al tashidik», — degan u.

Farg‘ona tumani hokimi Ilhomjon Nosirov hasharda tuman mahallalari, tashkilotlaridan 630 nafar fuqaro qatnashayotgani, bundan tashqari, tuman «Obodonlashtirish» boshqarmasidan 100 nafar xodim ishlayotgani, shuningdek, kommunal xo‘jaligi, elektr tarmoqlari korxonasi, gazlashtirish idorasi, yo‘l qurilishi va «Toza hudud»ning aksar texnikalari hasharga jalb qilinganini ta'kidlab o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz saytida bundan avvalroq Rishtonda boshlangan obodonlashtirish ishlari munosabati bilan yuzaga kelgan mojaroli holatlar to‘g‘risida bir necha marta tanqidiy maqolalar e'lon qilingan, ularda aholi uy joylari va tadbirkorlarning do‘konlari ogohlantirilmasdan buzib tashlanayotgani, ularga kompensatsiya pullari berilmayotgani aytilgandi.

Kun.uz muxbiri Rishtondan xabar berishicha, bu yerda O‘zA maqolasida aytilganidek hashar faqat 27-28 iyul kunlari o‘tkazilmagan, keyingi kunlarda ham hashar davom etmoqda.

Mavzuga oid