Sport | 19:28 / 31.07.2019
12588
20 daqiqa o‘qiladi

«Chempion hikoyalari». Patris Evra og‘ir bolalik, aqlsiz qiliqlari va Fergyusonning final oldidan nutqi haqida

Yaqinda fransiyalik mashhur futbol yulduzi, Angliya va Italiyaning bir necha karra chempioni, YeChL g‘olibi Patris Evra faoliyatni yakunlayotgani haqida e'lon qildi. E'tiboringizga ushbu yorqin futbolchining The Players Tribine portaliga aytib bergan hikoyasini havola qilamiz.

Hech narsam yo‘q edi. Hech narsamiz yo‘q edi. Lekin xuddi hamma narsam bordek yashaganman.

Agar senga hayotimdagi asosiy sirni aytishim kerak bo‘lsa, shunaqa degan bo‘lardim – «har kim baxtli bo‘la oladi, har kim bu o‘yinni yaxshi ko‘rishi mumkin». Do‘stim, agar boshqacha bo‘lganimda, bu yerda «Manchester Yunayted», «Yuventus» va Fransiya terma jamoasining sobiq qanot himoyachisi sifatida yoningda o‘tirmasdim. Balkim, Parijdagi biror magazin yonida, yegulik uchun pul tilanib turgan bo‘larmidim...

Behazil. Parij yaqinidagi Lez-Yulis shaharchasida ota-onam, aka-singillarim bilan yashaganman. Menda ular 24 nafar edi. Rostdan. Bir uyda katta bir jamoa bo‘lib yashardik. Otam elchi bo‘lib ishlardi, yaxshi pul topardi. Hammamizga yetardi. Shuning uchun ham Senegaldan Bryusselga, keyin Lez-Yulisga ko‘chib kelganmiz. Ammo o‘n yoshimda otam onam bilan ajrashdi va ketib qoldi. Televizordan tortib, divangacha, hatto stullarni ham olib ketdi.

Men otamni hozir ham juda yaxshi ko‘raman, lekin aytishim kerakki, u bizni o‘shanda juda og‘ir holatda qoldirgandi. Men ikki akam bilan bir matrasda yotardik, yana bir akam esa, boshini teskari qilgan holatda bizga sherik edi. Ovqat pishgan paytlarda o‘z ulushimni olish uchun yugurishimga to‘g‘ri kelardi. Aka va opalarim oilaga yordam berish maqsadida ishlashni boshlashdi, lekin ular ham o‘z juftlarini topishgach, boshqa uylarga ko‘chib ketishdi. Oxirida men, onam va bir singlim qolgandik, xolos. O‘shanda men ham ko‘chaga chiqdim.

«Bezori» deyishlarini yoqtirmayman, lekin, men ulg‘aygan rayonda, har kuni turli otishmalar, qotilliklar ro‘y beradigan joyda ulg‘aysang, boshqalarning fikri bir tiyin bo‘ladi, chunki tirik qolish uchun qo‘lingdan kelganini qilasan – shuning uchun ko‘p mushtlashganman, yegulik, kiyim o‘g‘irlashga to‘g‘ri kelgan, magazin oldida o‘tirib pul so‘rab o‘tirardim ham.

«Janob, sizda bir-ikki frank topiladimi?», – deyman men.

«Yo‘qol, yerdan supurib olyapmanmi?», – degan javobni eshitaman ko‘proq.

Bu mening bolaligim. Bu Lez-Yulis. Ammo bilasanmi, men baxtli edim. Men doim baxtli bo‘lganman.

Instagramdagi videolarimni ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Doim qanaqadir tentakona harakatlar qilaman, qo‘shiq aytaman – bu baxtimni o‘zgalar bilan ulashish vositasi xolos. Ammo bilasizmi, men mashhur va pulim ko‘p bo‘lganidan keyin shunday bo‘lib qolmaganman. Bu to‘qlikka sho‘xlik emas. Agar Lez-Yulisdagi xonadonimizga bir paytlar tashrif buyurganingizda, xuddi shunday bolakayni ko‘rar edingiz. Men doim raqsga tushar, turli kiyimlarni kiyib olib, opalarimni kuldirardim. Hozir ham ular videolarimni ko‘rib, «ey xudoyim, besh yoshingda ham shunday qilganing esimga tushdi», deb qo‘yishadi.  

Nega men bunaqa oson baxtli bo‘laman? Hammasi onam tufayli. U bizni boqish uchun qanchalik ko‘p ishlaganini ko‘rib turib, tushunib yetganman – nolishga haqqim yo‘q. Keyin, bundan nima foyda? Agar hammasi bir kun yaxshi bo‘lishiga ishonsang, albatta, hammasi yaxshi bo‘ladi.

Misol uchun. Maktabdagi ilk kunimizda sinfdagilarga katta bo‘lganda kim bo‘lmoqchi ekanimizni ko‘rsatishimiz kerak edi. Ko‘p sinfdoshlarim yurist yoki doktor deb yozishdi. Men esa, futbolchi bo‘lmoqchi ekanimni aytdim.

«Patris, rostdan ham 300 bola ichida sen futbolchi sifatida muvaffaqiyat qozonishingga ishonasanmi?»

«Ha» – dedim men.

Hamma kuldi.

Ancha vaqt o‘shanda o‘qituvchim haq bo‘lgandek tuyulaverdi. Menimcha, yomon o‘ynamasdim, lekin hech kim shartnoma taklif qilmayotgandi. Lekin 1998 yilda, 17 yoshimda, o‘rtoqlarim bilan qandaydir turnirda o‘ynab yurganimda, bir yigit oldimga kelib, o‘zimni sinab ko‘rishni maslahat berdi. Turinga, ko‘rikka borish kerak ekan. U yigit haqida bilganim, Parijdagi bir restoranning xo‘jayini edi. Unga ishonishim mumkinmi, ikkilandim. Oxiri ko‘ndim, u esa, ertasiga qo‘ng‘iroq qilishga va'da berdi.

U bilan Turinga bordim. To‘g‘ri, sinovdan o‘ta olmadim, lekin, u yerda bo‘lganlardan biri Italiyaning uchinchi divizionidagi «Marsala» klubi direktori ekan. Meni o‘z klubida o‘ynashga taklif qildi. Rad etmadim. Sitsiliyaning kichikkina klubi menga jannatga yo‘l bo‘lishi haqida xayol surib, Parijga qaytdim.

Boshlanishi oson bo‘lmadi. Jamoadoshlarim bilan Italiya shimolidagi tog‘li qishloqlardan birida uchrashishim kerakligini aytishgandi. Men hech qachon bir o‘zim chetga chiqmaganman. Italyanchani bilmayman. Uydan faqat bir telefon raqami yozilgan qog‘ozcha bilan chiqib ketgandim. Avvaliga Milanga borishim, u yerdan haligi qishloqqa qatnaydigan poyezdga o‘tirishim kerak edi. Milanda katta ekranda turli yozuvlar yonib, o‘chib turar ekan, bir monitorga, bir qo‘limdagi qog‘ozga qarayman – mening poyezdim qani?

Keyin oldimga bir notanish odam keldi. Uning bir ko‘zi ko‘r senegallik ekani esimda qolgan.

«Nima bo‘ldi, uka? Xafa ko‘rinasan?»

Men unga chiptamni ko‘rsatdim. Eh, poyezd bir soat oldin ketib bo‘lgan ekan.

Keyin men unga o‘z telefon raqamimni berdim. U raqamni terganida, go‘shakni onam ko‘tardi. O‘g‘li begona shaharda, notanish odam bilan qolib ketgani qo‘rqitib yubordi shekilli, haligi odamga «iltimos, shu bolani Parijga qaytadigan poyezdga o‘tkazib yuboring», deb yolvora boshladi.

U odam go‘yoki farishta edi – «Xavotir olmang, ertaga uni kerakli poyezdga o‘tkazib, yuboraman».

U meni uyiga olib bordi. Qornimni to‘ydirdi, yana notanish sakkiz bola bilan birga uxlash uchun joy qilib berdi, ertalab soat oltida uyg‘otib, yana vokzalga olib keldi, kerakli poyezdni topib, o‘tkazib yubordi.

Hozirgacha u inson nega bunchalik menga yordam berganini bilmayman, unga minnatdorchilik ham bildira olmadim. Xullas, men o‘z vagonimda edim.

Bekatda tushganimda...

Hech narsa, hatto birorta o‘rindiq ham yo‘q. Faqat shamol va uning ovozi.

Ana endi adashib qoldim shekilli. Telefon yo‘q. Farishta yo‘q. Endi nima qilaman? Kimdir kelib qolar, deb kuta boshladim. Besh daqiqa. O‘n. Yarim soat. Ikki soat. Hech kim kelmasdi. Qorong‘i tushdi. Olti soat o‘tdi.

Nihoyat uzoqdan mashina chiroqlarini ko‘rdim.

«Afsusdaman, biz seni poyezdga kech qolding deb o‘ylabmiz» – bu klub direktori ekan. 

Meni klub bazasiga olib borishdi. Forma berishdi. Oynaga qarasam, dunyodagi eng baxtli bolakay turardi.

«Oyi, ishonmasliging mumkin, lekin bu yerda menga ovqat berishyapti, hatto ishlatgani uch xil qoshiq bor ekan».

Oyim yig‘lab yubordi.

Sitsiliyadagi ilk kunimni esdan chiqarmadim. Kelishim bilan, bir bolakay otasi bilan oldimga keldi va rasmga tushmoqchi bo‘ldi. Zo‘r-ku, hali birorta ham o‘yinda maydonda tushmadim, lekin odamlar meni tanib olishibdi-da!

Undan rasm nega kerakligini so‘radim.

«Chunki biz hech qachon qora tanli odamni ko‘rmaganmiz».

Haha, Sitsiliyaga xush kelibman.

Jamoadoshlarim ham meni ko‘rib hayron qolishdi. Men jamoadagi yagona qora tanli futbolchi edim. Shahardagilar uchun ham bu holat biroz g‘alati tuyulgan, ammo bu rasizm emas, ko‘proq bilmaslikdan edi. Aslini olganda sitsiliyaliklar ancha mehribon edilar. Ko‘chada sayr qilib yursam, ular meni uylariga taklif qilishar, men ham ulardan biri ekanimni aytishardi.

Tushunarsiz holatlar safar o‘yinlarida ro‘y berardi. Odamlar maymunga o‘xshab qiliq qilishardi, ko‘rsatib banan yeyishardi. Oson emasdi, lekin bu yer Lez-Yulis emas, kuchli bo‘lishim kerak.

Bir yil o‘tib, V Seriyadagi «Monse» klubiga o‘tdim. Keyingi yili Fransiyaning quyi ligasida o‘ynab yurgan «Nitssa»ga bordim. U paytlarda men hujumchi bo‘lganman. Bir kuni chap qanot himoyachisi jarohat olganda murabbiy Sandro Salvioni meni himoyaga qo‘ydi. Juda jahlim chiqdi.

«Bunday qila olmaysiz, men hujumchiman», – dedim.

Yomon tomoni, men yangi pozitsiyada juda yaxshi o‘ynadim.

«Pet, bilasanmi, nega yaxshi o‘ynading? Chunki bu pozitsiyada o‘ynashni yoqtirmaysan», – dedi bir kuni murabbiy.

U to‘g‘ri gapirgandi. Men o‘zimni ko‘rsatish uchun tinmay oldinga borar, bor jahlimni o‘yindan olardim. Ikkinchi yili mavsumning eng yaxshilari qatoriga kirdim va «Monako» meni taklif qildi. Fransiyaning eng katta klublaridan biri. Nihoyat katta maosh ola boshladim, onamga uy sotib oldim. 

2005 yilni shunday o‘tkazdimki, keyingi yilning yanvarida meni «Manchester Yunayted» sotib oldi. Esingizdadir, Manchester derbisida debyut qilgandim. Katta o‘yin. O‘yin soat 12:45da boshlanishi kerak – men fransuz uchun noqulay vaqt. U yerdagi nonushtalar ham yoqmasdi, shuning uchun, o‘yinga tayyor bo‘lishga nima yeyishni bilmadim. Ko‘nglim ayniy boshladi. Xonamga chiqib, nima qilishni o‘ylay boshladim. 

Fergyusonning oldiga borib, mazam yo‘qligini aytaymi?

Yo‘q, Patris, unday qilma. Seni qo‘rqoq deb o‘ylashadi, o‘ynashing shart!

Avtobusda boshim aylana boshladi. Havo issiq, quyosh charaqlab turardi. Trevor Sinkler bilan havoda to‘p uchun kurashdim... va basharamga qattiq tirsak urildi. Hammayoq qon. Nimalar bo‘lyapti? Buncha kuchli bular, Monte Karloda xotirjam o‘ynab yurardim-ku, dedi ichki ovozim.

Tanaffusgacha 0:2 hisobida yutqazyapmiz. Fergyuson g‘azab otiga mingan.

«Patris, senchi? Tamom, yetadi. Endi, bir chetda o‘tirib, qanaqa o‘ynashni o‘rgan. Ingliz futboliga ko‘nikishing kerak», – deb baqirdi menga. 1:3 hisobida yutqazdik. Juda xafa edim.

Bir necha oy o‘tib, Fransiya jahon chempionatiga boradigan tarkibni e'lon qildi. U yerdan jamoadoshlarim – Lui Saa va Mikael Silvestrga joy topilgandi, lekin men yo‘q edim. Achchiq ustida edim. Butun yozni mashg‘ulot zalida va fransuzlarning finalga chiqib borishlarini tomosha qilib o‘tkazdim. Men u yerda bo‘lishim shart edi. Tentak kabi shug‘ullandim. Ko‘proq, yana ko‘proq. Og‘riqlarmi? Aynan shu kerak! Men hatto ta'tilga ham chiqmadim.

Men «Yunayted»da o‘ynash uchun nima qilish kerakligini bilmasdim. Bu yerga o‘zimni katta futbolchi hisoblab kelgandim, lekin «Yunayted» hammadan kattaroq edi. Siz kubok o‘yinida qandaydir beshinchi divizion jamoasiga qarshi o‘ynashingiz mumkin, lekin stadionga 76 ming muxlis tashrif buyuradi. Monakoda olti ming tomoshabin qarshisida o‘ynardik, hatto ba'zilarning telefoni jiringlaganini ham eshitish mumkin edi. Behazil.

Mavsumoldi yig‘inlarga kelganimda men ham doimgidan kuchliroq, hamda har doimgidan tezroq edim. Meni to‘xtatib bo‘lmasdi. Shuning uchun ham o‘sha «Siti» bilan o‘yin faoliyatimdagi muhim palla bo‘lganini ko‘p aytaman. Men o‘zimni hech kim emasligimni his qilishim kerak edi, bu ham bir tajriba edi – «nimagadir erishmoqchi bo‘lsang, mehnat qilishing shart».

Aytishim kerakki, men o‘zligimni «Yunayted»da topganman. Qarang, agar o‘yin oldidan kiyim almashtirish xonasiga kirib qolsangiz, ishonmasdingiz, hamma o‘yinga tushgan, ashula aytgan – men didjyey edim, rok, rep, hammasidan bor. Keyin Fergyuson kiradi, «qanaqa musiqa bu?» deydi ensasi qotib. Keyin men unga Sinatrani qo‘yib beraman. Katta o‘tirish bo‘layotganga o‘xshaydi. Ammo o‘yin vaqti yaqinlashib, Fergyuson oxirgi ko‘rsatmalarini berishni boshlaganda, musiqa o‘chadi, hamma jim – biz birdaniga bir-biri uchun o‘lishga tayyor jangchilarga aylanamiz.  

Xuddi mana shunday xarakter va professionalizm «Yunayted»da bizni chulg‘ab olgandi. Biz ko‘ngilxushlik qilardik, ammo ishlashga kelganda ishlardik ham. Bu DNKda bor, balki shuning uchun men «Yunayted»ga aylanganman. Ba'zida jamoaga haddan tashqari vaqt sarflab yuborayotgandek tuyulardim, haligi mashhur banner bor-ku: «Yunayted, bolalar, rafiqa – xuddi shu tartibda».

Bu qiziq. Lekin Manchesterda muvaffaqiyat qozonmoqchi bo‘lsang, shunday bo‘lish shart.

2014 yilda jamoani tark etishim men uchun eng og‘ir qaror bo‘lgandi. Bu haqida biror kun aytib berarman, aslini olganda, men u yerda faoliyatimni tugatishni istagan bo‘lardim. 

Lekin «Yunayted»dan ketishga qaror qilgach, aynan «Yuventus» a'zosiga aylanganimdan xursandman. Turindagi 18 oy vaqt menga «Yunayted»dagi hayot shunchaki, bayram ekanini ko‘rsatib berdi. Dahshat.

Biz juda ko‘p yugurardik. Agar gol o‘tkazib yubormasak, bizni raqibga juda ko‘p burchak to‘pi berganimiz uchun ayblashardi. Esimda, bir kuni «Torino»ga yutqazib qo‘ydik, lekin turnir jadvalida 15 ochko farq bilan peshqadamlik qilayotgandik. Ishonasizmi, ertasiga mashg‘ulotga chiqsam, xuddi kimdir vafot etgandek kayfiyat hukm surardi. Bir marta Markizio o‘zini yomon his qildi va bir muddat to‘xtadi. Lekin hamma mashg‘ulotini tugatgach, uni chaqirib, o‘sha mashqlarni qilishga majbur qilishgandi.

Hammasi jiddiy. Bu – «Yuventus».

«Yunayted» esa, yigitlar, bu - «Yunayted», shunchaki, xuddi o‘zim.

«Yuventus»dan ketgach, g‘oliblar ruhiyatini sog‘ina boshladim. Endi, o‘ttiz sakkiz yoshimda esa, nafaqaga chiqishim kerakligini anglamoqdaman. Yaxshi odam bo‘lmoqchiman.

Balki aytishim shart emasdir, Senegalda ikkita bolalar uyi ochdim, u yerda to‘rt yuzdan ortiq bolalar yaxshi yotoq va ovqat bilan ta'minlamoqda. Bu hayotimdagi eng yaxshi ishim. Yana boyagi kabi videolar olishda davom etaman, chunki doim baxtim bilan bo‘lishmoqchiman. «Patris, men otamdan ayrildim, lekin qo‘ygan videoni ko‘rib, yuzimga tabassum yugurdi», deb bir muxlis yozganida, o‘zimni qanday his qilganimda tasvirlay olmayman.

Ayniqsa, panda bilan videolar. Ko‘p lavhalarda men panda bilan o‘ynashayotgan bo‘laman yoki shunaqa libos kiyib olaman. «Pandadek bo‘l,u qora, oq, osiyolik va semiz. Rasist bo‘lma!», – deyman keyin.

Bu kuchli gap. Panda odamlarga hamma teng ekani, boshqalarning ko‘rinishi, rangi, sochi yoki ko‘zlariga qarab baho bermaslikni o‘rgatadi. Biz hammamiz bir oilamiz.

Panda menga Fergyusonning Moskvadagi YeChL finali oldidan aytgan gaplarini eslatadi. Boss kirib kelganida, biz kiyim almashtirish xonasida o‘tirardik. Pashshaning uchgani eshitiladi. «Men yutib bo‘ldim...» - dedi u.  

Biz bir birimizga qarab qoldik.

«Men yutib bo‘ldim» – dedi Fergyuson, - «biz endi bu o‘yinni o‘ynamasak ham bo‘ladi».

Nimalar deyapti u? O‘yin hali boshlanmadi-ku?!

Keyin Fergyuson men tomon o‘girildi.

«Patrisga qaranglar» – dedi u, - «uning 24 nafar aka-singillari bor edi. Tasavvur qil, uning onasi stolda yetarli ovqat bo‘lishi uchun nimalar qilgandi...»

Keyin Runiga qaradi. «Ueynga qaranglar, u Liverpulning eng qashshoq rayonlaridan birida katta bo‘lgan...»

Keyin Pak Ji Sunga qaradi. «Ana, Ji, u Janubiy Koreyadan kelish uchun naqadar uzoq yo‘l bosgan».

Boss shunday qilib, har birimizning o‘tmishimizga tega boshlagandi, tushuna boshladik, u bizning qardoshligimizga shama qilayotgandi. Biz shunchaki, futbol jamoasi emasdik, biz turli madaniyat, din, irqdan kelib, yig‘ilgan, endi Moskvaning bir xonasida umumiy maqsad uchun kurashayotgan aka-ukalar edik. Futbol tufayli.

«Bu mening g‘alabam», – dedi Fergyuson.

Etlarim jimirlab ketdi. Biz chiqib, Chempionlar Ligasini yutdik.

Mana nima uchun men futbolni yaxshi ko‘raman...

Patris Evra

Mavzuga oid