O‘zbekiston | 22:25 / 31.07.2019
20443
26 daqiqa o‘qiladi

«Fan monopoliyaga aylanib qolgani uning tormozlanishiga olib kelmoqda». Mutaxassis bilan suhbat

Kun.uz tahririyati bugungi ilm-fan, ta'lim, innovatsion tadqiqotlar va ularning ahamiyati haqida tadqiqotchilar bilan suhbatlarni davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz biologiya fanlari doktori Baxtiyor Rasulov bo‘ldi. B.Rasulov hozirda O‘zRFA genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti mikroorganizmlar biotexnologiyasi laboratoriyasi mudiri sifatida faoliyat yuritadi.

Suhbatda bugungi ilm-fan muammolari, tadqiqotchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar jahon tajribasi bilan tahlil qilingan va takliflar bildirilgan. Shuningdek, mikroorganizmlar biotexnologiyasida amalga oshirilayotgan ishlar, mineral o‘g‘itdan afzalligi isbotlangan bioo‘g‘itlar, nanobiotexnologik tadqiqotlar haqida bilib olishingiz mumkin.

— Siz faoliyat yuritayotgan ilmiy muassasa qachon tashkil etilgan va bugun bu yerda olib borilayotgan ilmiy ishlanmalar nimaga yo‘naltiriladi?

— O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti 1992 yilda sobiq O‘rta Osiyo fitopatologiya instituti asosida tashkil etilgan. Fanlar Akademiyasining yirik institutlaridan biri hisoblanadi. Institutda seleksiya, genetika, o‘simliklar fiziologiyasi va bioximiyasi, mikrobiologiya sohalari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib boriladi. Bu ilmiy izlanishlarning asosiy natijalari, fan yo‘nalishlarining nomidan ma'lumki, asosan, qishloq xo‘jaligiga tatbiq qilinadi. Bevosita o‘z tadqiqot soham haqida gapiradigan bo‘lsam, laboratoriyamiz mikroorganizmlar biotexnologiyasi deb nomlanadi. Qishloq xo‘jaligi va tibbiyotda ahamiyatga ega bo‘lgan mikroorganizmlar, jumladan bakteriyalarni va ularning mahsulotlarini (ikkilamchi metabolitlari – polisaxaridlar, oqsillar, polipeptidlar, antibiotik tabiatli moddalar) o‘rganadigan laboratoriya hisoblanadi. O‘tgan o‘n yil davomida bir necha milliy va xalqaro loyihalar bajarilgan. Masalan, mineral o‘g‘itlar o‘rnini bosuvchi biologik o‘g‘itlar, biopreparatlar, ayrim organik birikmalar – biopolimerlar o‘rganilib amaliyotga tatbiq etilgan. Asosiy ilmiy hamkorlarimiz Xitoy Xalq Respublikasi Fanlar akademiyasining fizika-ximiya instituti va ekologiya-geografiya instituti va boshqa muassasalar hisoblanadi.

— Ilmiy tadqiqotlar, unga yaratilgan sharoitlar, laboratoriyalar holati qay darajada qoniqarli tadqiqotchi uchun?

— Afsuski, hozirda O‘zbekiston ilm-fani uchun xos bo‘lgan muammo bizning institutni ham chetlab o‘tmagan. Hamma yerda bir xil muammo: zamonaviy asbob-uskunalar yetishmaydi yoki umuman yo‘q. Sanoqli ilmiy muassasalarda zamonaviy ilm-fan bilan shug‘ullanish imkoniyati mavjud. Ko‘plab institutlarda bu juda katta muammo hisoblanadi.

Dunyoda hozir ilm-fan va unga bog‘liq texnologiyalar jadallik bilan rivojlanmoqda. Ularning asosida fundamental fan yotadi. Fundamental fan yutuqlari amaliy tadqiqotlarga ko‘chadi va innovatsion loyiha sifatida tatbiq etilishi o‘rganilib, yakunlanadi. Bu uch muhim jarayon bizda boshidayoq uzilib qoladi, chunki fundamental muammolar o‘rganilmaydi. Fundamental fansiz uning keyingi bosqichlarini gapirish foydasiz.

Biologiya boshida tasnifiy fan sifatida yuzaga kelgan. Klassik biologiyaning vazifasi biror bir organizm yoki hujayrani tavsiflash edi. Zamonaviy biologiya esa eksperimental fan. Ya'ni biologik obektlar ustida tajribalar qilinyapti: masalan, ularning DNKsi o‘zgartirilyapti, genlari manipulyatsiya qilinyapti, boshqa organizm genlari ko‘chirilyapti yoki «o‘chirilyapti». Molekulyar biologiya, hatto, minimal genomni yaratishga imkon beradi. Mana shu ishlarni olib borish uchun o‘ta zamonaviy, ultra aniqlikda ishlaydigan jihozlar kerak. Tabiiyki, bu jihozlar o‘ta qimmat turadi. Ming afsuski, hozirda bizga suv va havodek kerak bo‘lgan jihozlar institutimizga yetib kelmagan.

Muammoning yana bir tomoni shundaki, aniq va tabiiy fanlarda faqat nazariya bilan cheklanib bo‘lmaydi. Nazariyani ma'lum bir amaliyot, eksperiment bilan isbotlab berish kerak. Bizda salohiyatli kadrlar ko‘p, lekin moddiy-texnik baza bo‘lmagandan keyin ular o‘z iqtidorini ko‘rsatish uchun chet elga chiqib ketishga majbur. Masalaning boshqa salbiy tomoni – xorijga ketgan olimdagi ilmiy g‘oyaga chet eldagi ish beruvchi, ishga taklif qiluvchi ham sherik bo‘ladi. Xohlaymizmi-yo‘qmi — bu achchiq haqiqat. O‘z tajribamdan qiyos, Xitoyda fizika-ximiya institutida ishlaganman, nimaiki g‘oyani o‘ylab topgan bo‘lsam, uni xitoyliklar bilan bo‘lishganman. Qaysi ma'nodaki, avval ilmiy maqola yozamiz, unda ish beruvchining ism-sharifini qo‘shamiz. U yerdagi ish beruvchilar pragmatik xalq, agar qo‘lingizdan ish kelsa, yana o‘zlarining moliyaviy manbalarini taklif qiladi. Ilm-fan, tadqiqotlarni moliyalashtiruvchi alohida vazirliklari bor. Tajribamdan ma'lumki, ilmiy g‘oya rahbarga yoki moliyalovchi tomonga yoqsa, albatta, buni qabul qiladi, qo‘yib yubormaydi. Va chetdan kelgan olimdan maksimal darajada foydalanishga harakat qiladi. Bizda buning teskarisi, ya'ni sharoit cheklangan, faqat o‘ta muhim, keraklilari olinadi. Keyin moliyaviy jihatdan ham chegarasi bor, unga qarab loyihaning nechadir foizidan voz kechishga to‘g‘ri keladi. Bu bor narsa, tan olish kerak!

Bularning barchasi bo‘shliqni vujudga keltirgan, bo‘shliqni to‘ldirish uchun ko‘pgina iqtidorli olimlar yetakchi ilmiy muassasalarga ketishga majbur bo‘lmoqda. Kelishga shoshilmayotganining ham sababi shunda. Agar bizda ham sharoit yaratilsa, O‘zbekistonga qaytib, ilmiy ishini davom ettiradi. Masalan, o‘zimdan qiyos, Xitoydagi ilmiy faoliyatim mikrob asosli biopolimerlarni o‘rganish bo‘lgan. Tabiatda mavjud biopolimerlarni olishning yana bir yo‘li bakteriyalar orqali sintez qilish hisoblanadi. Masalan, o‘simlikdagi polisaxaridni bakteriya hujayrasi ham hosil qiladi. Men u yerda polisaxaridlarni hosil qiluvchi bakteriyalarni topdim va o‘sha biomateriallarni sintez qilib ko‘rsatdim. Hamkorlarim ximik edi va bu ularga yoqib qoldi. Yana qo‘shimcha shartnoma taklif qilishdi, hatto magistr va PhD doktorantlardan shogird olib ishlashni ham tavsiya qilishdi. Keyin o‘sha olingan biomateriallarga kumush nanozarralari biriktirib, yangi nanobiomateriallar oldim. Bu ishlarni Xitoyda qilishimizga sabab u yerda sharoit, asbob-uskuna, muhit bor. Buni nima uchun aytyapman, agar jihozlar, asbob-uskunalar O‘zbekistonda bo‘lsa, shu yerda ham qilsa bo‘ladi. Buni bemalol uddalay olamiz.

— Sizningcha, ilm ilm uchunmi yoki ilm — inson, umuman, jamiyat, davlat farovonligi uchunmi?

— Ilmni xoslar uchun deyish ham mumkin. Chunki ilmning murakkabligini bor bo‘yicha tushungani uchun ham olim olim-da. Shu bilan birga olimning, ilmning hozirgi vazifasi, mas'uliyati iqtisodni, jamiyatdagi ko‘plab muammolarni hal qilishga qaratilgan bo‘lishi kerak. Masalan, bizning laboratoriyamizning bir yo‘nalishi qishloq xo‘jaligidagi mineral o‘g‘itlar sarfini kamaytirish, iloji bo‘lsa, yo‘qotish va o‘rniga yangi turdagi biologik o‘g‘itlarni taklif etish hisoblanadi. Biz «Bioazot» biopreparatini (bioo‘g‘iti) taklif qilganmiz ham. Biologik o‘g‘it bu yil ham sinovdan o‘tdi va mineral azot o‘rnini yuz foiz bosa oldi. Buning vazifasi tuproqda ko‘payib o‘simlikka mineral emas, biologik holatdagi azotni yetkazib berish.

«Bioazot» biopreparatining tarkibi, foydali xususiyatlarini tavsiflab bersangiz.

— «Bioazot» biopreparatining asosini azot o‘zlashtiruvchi Azotobacter chrooccoccum bakteriyasi va uning o‘simliklarga foydali tabiiy birikmalari – polisaxaridlari, vitaminlari, aminokislotalaridan iborat. Bakteriya o‘simlik ildizlarida ko‘payib, havodagi azotni olishga o‘tadi. Ma'lumki, havoda 78 foiz azot bor. Bakteriya havodagi azotni o‘zlashtirib biologik azotga, misol uchun, oqsilga, polipeptidga, aminokislotaga aylantiradi. Bu narsalar o‘simlikka o‘zlashadi. Sodda qilib tushuntirilsa, havodagi azot bilan dehqonchilik qilinadi. Taqqoslash uchun keltiraman, mineral azot bu — o‘lik materiya, biologik azot — tirik materiya, o‘simlik ham tirik materiya. O‘simlikka tirik materiya kerakmi, o‘ligimi? Albatta tirigi, tirik materiyadan ko‘proq naflanadi. O‘simlikning biologik azotga sezgirligi, moyilligi juda yuqori.

Bir narsani ta'kidlab o‘tishim kerak, qishloq xo‘jaligida, dehqonchilikda mineral o‘g‘itlar sarfi juda pala-partish yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgacha eski metodlar bilan ishlanadi. Shuningdek, mineral o‘g‘itlar bilan o‘g‘itlashda yo‘qotish, isrof juda katta. Masalan, 100 kg mineral azotni tuproqqa bersak, uning teng yarmi havoga chiqib ketadi. Tuproqning tabiiy azot balansi ham bor. Ya'ni tuproqda azotsizlantiruvchi bakteriyalar ham yashaydi. Bu tabiiy jarayon bo‘lib, buni biologiyada denitrifikatsiya – azotsizlanish deyiladi. O‘simlik maksimum o‘zlashtirsa 15 foiz mineral azotni o‘zlashiradi. Bu degani, 100 kg azotdan faqat 15 kilogrammidan foydalanyapmiz, xolos. Mana shu kabi isrofni yo‘qotish uchun, qishloq xo‘jaligidagi sarf-xarajatni kamaytirish uchun ham yuqoridagi biopreparatlar yaratilgan va taklif qilinmoqda.

— Mazkur «Bioazot» biopreparatidan qishloq xo‘jaligida sinab ko‘rildimi, natijalar qanday?

— Bu ishlanma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 iyundagi PQ-3855 qaroriga kiritilgan. Shunga ko‘ra, «Aloqabank» va institutimiz ta'sischiligida «BIOAZOT IGBR» MChJ tuzildi. Uning vazifasi «Bioazot» biopreparatini ishlab chiqarish va sotishdan iborat. Ya'ni ilmiy ishlanmani tijoratlashtirish. «Bioazot»ning tatbiq etilganiga kelsak, o‘tgan yili Buxoro viloyati Romitan tumanidagi agroklasterning 2 ming ga maydonda qo‘llandi. Bu yil shuningdek, Pskent tumanidagi «Nature Cotton» MChJ klasteriga ham yetkazib berdik. An'anaviy mineral o‘g‘itlardan farqi ularning o‘ta arzonligida. Mineral o‘g‘itdan kamida 10 marta arzon tushadi. Ikkinchidan, tez ta'sir etadi va hosildorlik 10 foizdan 25 foizgacha oshadi. «Bioazot» tarkibidagi bakteriyalar tuproqlarni sog‘lomlashtiradi, unumdorligi va g‘ovakligini keskin oshiradi.

— Isroilda magistraturada tahsil olgansiz va bir muddat Xitoyda ilmiy ish qilgansiz. Tizim, shart-sharoit, imkoniyat jihatdan O‘zbekiston bilan taqqoslaganmisiz?

— Men 2006-2007 yillarda Isroilda Ben Gurion universitetining Albert Kartz International School da o‘qib, Zuckerberg Institute of Environmental Microbiology da ilmiy ish qilganman. U yerda sharoit, muhit boshqacha, eng asosiysi, mehnatga, ishga, faoliyatga munosabat boshqacha edi. Shuning uchunmi — kun bo‘yi laboratoriyada vaqtimiz qanday o‘tganini bilmay qolardik. Keyin asbob-uskuna, reaktiv masalasida muammo bo‘lmasdi, operativ ishlanardi. Hozirgi davrda zamonaviy fanni tashkil qilish, boshqarish bo‘yicha Xitoy tajribasi menga ma'qul keldi. Sababi, Xitoyda olim olimligini qiladi. U g‘oya muallifi va o‘z g‘oyasini qanday qilib amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilovchi kishi hisoblanadi. Olim g‘oya beradi, uni amalga oshirish yo‘llarini ko‘rsatadi. Masalan, men o‘zim qidirgan moddani sintez qilsam, uning fizik-kimyoviy xususiyatlarini aniqlash uchun loyiha rahbari tegishli laboratoriya yoki kompaniyalarga yuboradi. Yoki DNK – gen – gen klasterini manipulyatsiya qilmoqchisiz. Jarayonning simulyatsiyasi yoki dizaynini ishlab chiqib tegishli kompaniyaga yuborasiz. O‘sha konstruksiyalarni qilish, tajribada tekshirish endi kompaniya zimmasida. Olim texnik ishlar bilan shug‘ullanmaydi, balki ilmiy g‘oyaning amalga oshishini boshqaradi, boshqacha aytilsa, o‘ziga xos menejyer.

Bizda fanga yondashuv ham o‘ziga xos-da. Xorijdagi olim butun kunini fanning bitta muammosi bilan o‘tkazsa, biz esa qayerdan yana pul topish mumkin, kim bilan qanaqa ish qilish mumkin, olingan moddani qayerga analizga berishim kerak, kim bilan kelishishim, kim bilan shartnoma tuzishim kerak kabi narsalarni o‘ylab yuramiz. Biz «universal»miz: ham marketing, ham menejment bilan shug‘ullanamiz, ham bozor qidiramiz — xullas, yondashuvni o‘zgartirish kerak-da.

Dunyo tajribasida olim o‘z nomini brend darajasiga chiqarishga harakat qiladi. Masalan, ilmiy bir muammo bo‘yicha o‘sha ism-sharif brend bo‘lishi kerak. Bu narsa xorijda har bir olimning qon-qoniga singib ketgan. Har bir maqolasiga, ilmiy tajribasi natijasiga shu jihatdan yondashadi, jiddiy qaraydi. Impakt faktori yuqori bo‘lgan jurnallarda maqola chiqarishga harakat qiladi. Olimning darajasi, kategoriyasi, tasnifi impakt faktoriga, Hersh indeksiga (H-index) qarab belgilanadi. Afsuski, bizda haligacha bunga e'tibor berilmaydi. Boshqa tomondan, e'tibor berilishi uchun olimning o‘zi ham tayyor bo‘lishi kerak. Agar loyiha berishda loyiha rahbarining, a'zolarning impakt faktoriga, Hersh-indeksi asosiy mezon qilib olinsa, talab bo‘lsa, hamma shunga qarab harakat qiladi.

Shunday olimlar, ilmiy guruhlar borki, 20-30 yil ishlagan, loyiha olgan, million-million pul olgan, lekin birorta impakt faktori bor jurnalda maqola chiqarmagan.

Nima uchun impakt faktoriga birinchi o‘rinda qarash kerak deyapman? Bunday jurnallarda maqola e'lon qilish oson emas. Ming bir chig‘iriqdan o‘tadi, ilmiy yangiligi bo‘lsa, nashr qilinadi. Olimlarimiz shunga harakat qilishsa, ilm o‘z-o‘zidan rivojlanib ketadi.

Bizda yana bitta muammo bor: ilm monopoliyaga aylanib qolgandek tuyuladi menga. O‘zim misolimda tushuntirsam. Masalan, men bakteriya ekzopolisaxaridi bilan shug‘ullanaman. Boshqa hech kim shug‘ullanmaydi, deylik. Men bilan kim raqobat qiladi? Kim mening ilmiy faoliyatimga baho beradi? Shunday bo‘lgandan keyin, ishimga bahoga berishga, aytaylik, fermentlar bilan shug‘ullanadigan olimni taklif qilishadi. O‘sha olim ishimning past-balandligini qayerdan biladi? Men uning ishini qanday tushunaman? Fan monopoliyaga aylanib qolgani ham uni tormozlanishiga olib kelmoqda. Agar bir soha bilan bir necha kishi yoki bir necha ilmiy guruh shug‘ullansa, bir-birini taftish qilish kuchayadi. Bizda mikrobiologiya bo‘yicha ishni mikrobiolog ko‘rsa bo‘ladi, deyiladi. Bu xato fikr. Chunki tibbiyot mikrobiologiyasi, qishloq xo‘jalik mikrobiologiyasi kabi ko‘p yo‘nalishlar bor. Tabiiyki, oziq-ovqat mikrobiologiyasi bilan shug‘ullanadigan olim tibbiyot mikrobiologiyasi bo‘yicha qilingan ishga baho berolmaydi.

— Impakt faktorli jurnallarga yuborilgan maqola qanday tekshiriladi?

— Deylik, Chexiyada chiqadigan Folia Microbiologica jurnali, impakt faktori 1.5. Jurnalga bakteriya polisaxaridi haqida maqola yuborsam, jurnal muharrirlari dunyoda qaysi davlat, institutda bakteriya polisaxaridi bo‘yicha shug‘ullanadigan olimlarga taqriz uchun jo‘natadi. Ular tekshirib ijobiy yoki salbiy bahosini beradi. Ilmiy yangilik shunday saralanadi. Bizdachi? Bitta jurnalga maqola olib boramiz. Taqriz olib keling, deydi. Taqrizchining oldiga taqrizni yozib olib boramiz. O‘zimiz haqimizda rosa maqtaymiz, ba'zi kamchiliklarini ko‘rsatgan bo‘lamiz... Bu narsa ayni ilmga xiyonat! Bu bilan na fan, na davlat rivojlanadi. O‘z-o‘zini aldashdan boshqa narsa emas bu. Shogirdlarimga doim aytaman, yolg‘on ish qilma, yolg‘on gapirma. Iloji boricha jihozda bilan ishla, natija ol, jadval yozma, grafik chizma, deb maslahat beraman. Chunki impakt faktorli jurnal tajribalar o‘tkazilgan jihoz bergan ma'lumotni so‘raydi. Soxtalik aniqlansa, olim «qora ro‘yxat»ga tushadi. Elsevier yoki Springer kabi nufuzli nashriyotlar natijalarni soxtalashtirgan yoki plagiatda ayblangan olimlarning maqolalarini 5 yilgacha nashr qilmasligi mumkin. Shuning uchun ham o‘zini hurmat qilgan olim ikkita narsadan qochadi: plagiat va ilmiy natijalarni soxtalashtirishdan. Ikkinchisi, doim yuqori impakt faktorli jurnallarga intiladi. Mana shu narsaning o‘zi saralab beradi saragini sarakka, puchagini puchakka. Buni ilmiy darajalar beruvchi tashkilotlar, muassasalar e'tiborga olsa, nur ustiga nur bo‘ladi.

— Xitoy va O‘zbekistonda ilmiy ish himoya qilish orasidagi farq qanday?

— Xitoyda ilmiy ish yoqlash O‘zbekistondagidan yer bilan osmoncha farqi bor! Men o‘zim u yerdagi himoyalarda qatnashganman. Ilmiy ishni baholash uchun asosiy vosita, mezon ilmiy maqola va dissertatsiya. Shu asosda baholanadi. Boshqa hujjatlar, qandaydir shakllar va boshqa narsalar talab qilinmaydi. Ilmiy daraja berish ularda juda oson, ortiqcha hujjatbozliksiz kechadigan jarayon. Bu narsa qachondir, albatta, bizga ham kirib keladi.

— Shu savolni berishim tabiiy, o‘sha joylarning o‘zidan ishlash uchun takliflar bo‘lganmi?

— Takliflar ko‘p bo‘lgan, hattoki, oilaviy borishga ham taklif qilishgan. O‘sha yerlarda yursam ham bo‘lardi, ammo insonni ichida bir ilinji, tuyg‘usi bo‘ladiku, ko‘proq o‘z yurtiga tortib turadigan. Bir tomondan menga alam qilardi ham, nega men o‘z salohiyatimni bular bilan bo‘lishishim kerak!? Shularni ham hisobga olib 2018 yilda qaytishga qaror qilganman. Bizning avlodga katta bir mas'uliyat — yo‘l yaratish mas'uliyati tushgan. Hamma o‘zini chetga olib qolaversa, bu mashaqqatlar bizdan keyingilarga tushadi. Amerikalik, rossiyalik, xitoylik qilgan ishni aqlim yetib turib nega qilmasligim kerak? Olimda milliy g‘urur bo‘lishi kerakmasmi? Qaytish kerak, qiyinchilik bo‘lmaydi emas, bo‘ladi, lekin ilm-fan rivojiga hissamizni qo‘shishimiz kerak.

— Yaqinda ijtimoiy tarmoqdagi «post»laringizdan birida dissertatsiya himoya qilganingiz to‘g‘risida ma'lum qildingiz. Ilmiy tadqiqotingiz nima haqda bo‘ldi?

— Yaqinda himoya qilgan doktorlik dissertatsiyam mavzusi: «Diazotrof rizobakteriyalar ekzopolisaxaridlari asosida kumush nanozarralari olish va ularning antimikrob xususiyatlari mexanizmlari tadqiqi». Mana shu qo‘limdagi narsa azot o‘zlashtiruvchi bakteriyalarning polisaxaridi. Bu polisaxaridga men kumush nanozarra ulaganman. Buni qishloq xo‘jaligidagi kasalliklarga qarshi qo‘llaganman, sinaganman.

— Siz tadqiqot natijasida olgan nanobiomateriallarning amaliy ahamiyati qanday?

— Biz o‘rgangan biomateriallarni dastlab, tuproqlarimizdagi tuzlarni erimaydigan holga o‘tkazish uchun qo‘llaganmiz. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligidagi eng katta muammo tuproq sho‘rlanishi hisoblanadi. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, 80 foizdan ortiq sug‘oriladigan maydonlarimiz sho‘rlangan. Sho‘r dalada dehqonchilik qilish qiyin. O‘simlik yaxshi o‘smaydi, hosil past bo‘ladi. Dunyo miqyosida sho‘rga qarshi kurashish uchun ko‘plab tajribalar qilinyapti. Umumiy bitta xulosaga kelinganki, tuproqdagi tuzni yo‘qotib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, suv bilan yuviladi, lekin suv tanqisligini hisobga olsak, bu ilojsiz bo‘lib boraveradi. Yechim sifatida bir usul taklif qilinmoqda – o‘simlik o‘sayotgan vaqtida tuzni ma'lum muddat tuproqda qotirib qo‘yish kerak. Tuz eriganda salbiy ta'sir qiladi. Erigan holdagina tuz o‘simlik hujayralariga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Biz taklif qilayotgan modda tuzni yutadi va erimaydigan kompleksga aylanadi. Bizning biomaterialimiz qo‘llanganda tuz erimaydigan holatga o‘tadi. O‘simlik o‘sadigan, rivojlanadigan, hosil beradigan davrida tuz bog‘langan bo‘ladi, erimaydi. Suv o‘zi o‘simlikka kiradi, tuz tuproqda qolib ketadi.

Ikkinchi foydali jihati, vaqt o‘tishi bilan biomaterial parchalanadi va o‘simlik uchun ozuqaga aylanadi. Bu ushbu biomateriallarimizning birinchi qo‘llanish sohasi. Ikkinchisi qum va tuzlarni qotirish. O‘tgan yili Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘istonda tuz va qumning uchishi kuzatildi. Bundan o‘sha yerda foydalanilsa, tuz va qumni qotiradi, uchuvchanligini yo‘qotadi.

Uchinchi asosiy jihati esa, shu biomateriallar asosida kumush nanozarrasi saqlagan nanobiomaterial hosil qilish mumkin. Doktorlik ishim aynan nanobiomateriallar olishga qaratilgan edi. Bu nanobiomateriallardan hozirda xorijda tibbiyotda qo‘llanmoqda.

— Suhbatlaringizning birida nanotexnologiyalar bizga begona emasligini aytgansiz. Shu haqda to‘xtalsangiz?

— Kumush nanozarralarining foydasi qadimdan ma'lum bo‘lgan. Milliy tabobatimizda qo‘llangan. Qadim turkiylarning bir odati bo‘lgan, kumush taqinchoqlarni, giyohlarni suvga solib, o‘sha suvga chaqaloqlar yuvintirilgan, yaralar tozalangan. Iste'mol ham qilingan. Lekin odamlar foydalanayotgan modda nanozarra ekanini bilishmagan. Kumushning shifobaxsh xususiyati deb bilishgan. Zamonaviy nanotexnologiya kumush suvda ma'lum miqdorda erishi – ionlar (zaryadlangan zarralar) holida ajralishi va o‘simliklar tarkibidagi moddalar ta'sirida nanozarralarga aylanishini isbotlagan. Bu haqda yuzlab ilmiy maqolalarni topishingiz mumkin. Kumush nanozarralari bo‘lgan suvlar yordamida kasallik qo‘zg‘atuvchi bakteriyalar yo‘qolgan.

— Nanotexnologiya kelajak asri. O‘zingiz ham buning bir yo‘nalishida tadqiqot olib borasiz. Mutaxassis sifatida nanotexnologik tadqiqotlarning O‘zbekistondagi ustuvor vazifalari sifatida nimani ko‘rasiz?

— Hozirgi zamonaviy materialshunoslikda nanokompozitsiya va nanobiokompozitsiyalar olish borasida ishlar ketyapti. Oldin bizga ma'lum bo‘lgan moddalarning nano ko‘rinishlari olinyapti. Undan foydalanish sohalari juda keng. Elektronika, fotoximiya, tibbiyot, oziq-ovqat, kosmetika, harbiy sanoatgacha bor. Ilg‘or davlatlar ilmiy tadqiqot institutlari ilmiy ishlarni patent qilib qo‘ymoqda. Tez orada u patentlarga ehtiyoj tug‘iladi. Hozir nanotexnologiyalarni yirik masshtabda ishlab chiqarish imkoniyati bo‘lmasligi mumkin. Lekin rivojlanish bir yerda turmaydi. Bugun bo‘lmasa, ertaga o‘sha nanozarrani keng miqyosda konveyer uslubida ishlab chiqaradigan liniyalar, jihozlar, asbob-uskunalar chiqadi. Ana shunda tayyorlab qo‘yilgan patentlar birinchi planga chiqadi.

O‘zbekistonga kelsak, nanotexnologiya endi rivojlanyapti. Yadro fizikasi, Umumiy va organik kimyo, Mikrobiologiya, Ion-plazma va shuningdek, bizning institutimizda dastlabki ishlar qilinyapti. Fikrimcha, O‘zbekistonda nanotexnologiya bilan shug‘ullanayotganlarni uyushma yoki ilmiy guruh qilib yig‘ish kerak. Dunyoda hozir nanotexnologiyaning qaysi muammosi bilan ishlayapti, buni o‘rganish kerak. Hech bo‘lmasa nazariyasini. Chunki shunday tadqiqotlar olib borayotgan davlatlar hech bo‘lmasa bozor maqsadida kiradi. Bizga taklif etiladigan nanomahsulotlar yoki ular asosidagi xizmatlarning ortidagi xavf-xatarni baholay olish, ko‘ra olish darajasida bo‘lishimiz lozim. Oddiy misol, hozir nanozarra singdirilgan paypoqlar kirib keldi. Foydali xususiyatini bildik. Yuvilganda paypoqqa singdirilgan nanozarra suvga ajraladi. Oqova suv orqali tabiatga chiqib kelyapti. Natijada, tabiatda nanozarraning ekotoksiklik xususiyati paydo bo‘lmoqda. Biz bunga qarshi qanday kurashish kerakligini izlab topishimiz kerak. Shunga qiyosan ular haqida bilishimiz va o‘zimizning himoya tizimlarni shakllantirish kerak deb o‘ylayman.

— Kelajak rejalaringiz?

Rejalarimiz katta. Birinchisi, fundamental ahamiyatli ilmiy loyihalarimizni davom ettirish. Xitoyda ishlayotganimda bir loyihani boshlaganman. Gen ma'lum bir yuklama bilan ishlaganda (ekspressiyalanganda) uning mahsuloti (o‘sha gen sintezlaydigan) kimyoviy tarkibining o‘zgarishini aniqladik. Biz o‘rgangan mikrob biopolimerlarida birinchi marta kuzatildi bu holat. Dastlabki natijalar olingan. Yirik ilmiy maqola ham tayyorlab qo‘ydik. Shu ishning qolgan qismlarini ham davom ettirishimiz kerak. Ikkinchisi, qanchadan-qancha tayyor ishlanmalarimiz bor. Ularni ishlab chiqarishga joriy qilmoqchimiz. Niyatimiz O‘zbekistonda mikrob biotexnologiyalariga asoslangan biologik dehqonchilikni yo‘lga qo‘yish. Buni isbotladik. Masalan, Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani Kalgan massividagi bug‘doy dalalarida mineral o‘g‘it ishlatmay biologik o‘g‘it yordamida 50 ts/ga bug‘doy hosili olindi. 2013 yilda esa Pskent tumani «Oltin qir ne'mati» fermer xo‘jaligida biologik usulda 63 ts/ga bug‘doy (lalmi yer bo‘lganidan majburiyati 27 ts/ga) olindi. Bioo‘g‘itlar yordamida biologik dehqonchilik O‘zbekistonning boshqa viloyatlari, jumladan Namangan, Jizzax va Samarqand viloyatlari dalalarida ham sinovdan o‘tgan. Ushbu ishlarni amalga oshirsak, Respublikamiz iqtisodiga, fanga arzimagan bo‘lsa ham hissamizni qo‘shgan bo‘lardik.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi
Fotolar muallifi Muhammadjon G‘aniyev

Mavzuga oid