O‘zbekiston | 07:47 / 31.07.2019
24723
3 daqiqa o‘qiladi

Senatda yangi qo‘mita tuzildi

Foto: Ramiz Baxtiyarov

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘ta muhim va dolzarb vazifalarni hal qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida yangi tuzilma – Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasini tuzishni taklif qilgandi.

Mamlakatda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, munosib turmush va mehnat sharoitlarini yaratish, tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi ustidan tizimli parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “O‘zbekiston  Respublikasi  Oliy  Majlisi  Senatining xotin-qizlarni  har  tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda gender  tenglikni  ta'minlash  bo‘yicha  faoliyatini takomillashtirish  to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, qo‘mitaning asosiy vazifalari qatorida mamlakatda gender tenglikni ta'minlashga va xotin-qizlarning davlat va jamiyat ishlarida faol ishtirok etishiga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishga doir tavsiyalar ishlab chiqish,gender tenglik masalalari va oila institutini rivojlantirishga oid qonunlarni mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga hamda xalqaro huquq normalariga muvofiqligi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqish va tegishli xulosalar berish kabi muhim yo‘nalishlar belgilandi.

Shuningdek, Qo‘mita zimmasiga ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish bo‘yicha umume'tirof etilgan xalqaro normalarni milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqish, gender tenglik masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilgan xalqaro hujjatlar normalarining amaliyotga joriy etilishi hamda unda belgilangan tavsiyalar ijro qilinishi yuzasidan monitoring olib borish vazifasi ham yuklatildi.

Joylarda aholi, jumladan xotin-qizlar bilan bevosita muloqot qilish orqali gender tenglik masalalariga oid haqiqiy ahvolni o‘rganish hamda bu borada aniqlangan dolzarb masalalarni parlament nazorati vositalarini qo‘llagan holda hal etish choralarini ko‘rishga ham Qo‘mita faoliyatida alohida e'tibor qaratiladi.

Bundan tashqari, Qo‘mita a'zolari reproduktiv salomatlikni, shuningdek onalik va bolalikni muhofaza qilish samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar tayyorlab, jismoniy va yuridik shaxslarning xotin-qizlar,gender tenglik va oila institutiga oid masalalar yuzasidan murojaatlarini ham ko‘rib chiqadilar.

Mavzuga oid