Sport | 10:25 / 01.08.2019
10452
3 daqiqa o‘qiladi

«Lokomotiv» Ignatiy Nesterovni qaytarmoqchi

Foto: KUN.UZ

Doping sabab futboldan ma'lum muddat chetda qolgan O‘zbekiston milliy termasi posboni Ignatiy Nesterov yana 12 kundan keyin mashg‘ulot boshlashi mumkin. Bu haqda PFL bosh direktorining sport ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Diyor Imomxo‘jayev ma'lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, shu yil boshida bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogi vaqtida olingan tahlillar natijasida Nesterovning qonida taqiqlangan modda topilgani tufayli OFK uni 2019 yilning 12 oktabr sanasiga qadar futboldan chetlashtirgan edi.

«O‘zPFL 4 avgustdan 5 avgustga o‘tar kechasi yozgi transfer bozorini yopadi. Mazkur oraliqda Ignatiy Nesterov Superliga uchun ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bu borada O‘FA OFK bilan bog‘lanib, barcha masala reglamentga asosan hal qilinishi yuzasidan ishladi», – deb yozadi Imomxo‘jayev shaxsiy Telegram-kanalida.

Uning ma'lum qilishicha, 36 yoshli posbon ayni vaqtda «Lokomotiv» qiziqish doirasida bo‘lib turibdi. 

Qoidaga ko‘ra, futbolchi qaytish sanasidan ikki oy muqaddam jamoaviy mashg‘ulotlarga qo‘shilish huquqiga ega. Agar u 12 oktabr kuni jamoasining qaydnomasiga kiritilsa, Superliganing 22-turidan boshlab maydonga tushish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Qo‘shimcha qilinishicha, Nesterov JCh-2022 saralashining Falastin, Yaman, Singapurga qarshi o‘yinlarida ishtirok eta olmaydi. Murabbiylar shtabi lozim topsa va o‘z formasini tez orada tiklab olsa, noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan guruhning markaziy o‘yini – O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni uchrashuvida va Falastinga qarshi Toshkentdagi javob bahsida ishtirok etishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Ignatiy Nesterov 2014 yildan BAAdagi Osiyo kubogiga qadar «Lokomotiv» sharafini himoya qilgan, qit'a birinchiligidan keyin Saudiya Arabistonining «Uhud» jamoasiga o‘tgan edi. U faoliyati davomida «Bunyodkor», «Paxtakor» va Samarqandning «Dinamo» klublarida ham o‘ynagan.

«Tribuna.uz» yanvar oyida 10 mingdan ortiq respondent ishtirokida o‘tkazgan so‘rovnomada tajribali darvozabon O‘zbekiston milliy jamoasining Osiyo kubogidagi eng yaxshi futbolchisi deb topilgan edi.

Mavzuga oid