Jamiyat | 20:00 / 01.08.2019
16807
3 daqiqa o‘qiladi

Urganchda test imtihonlari boshlandi – Kun.uz jarayonni kuzatdi

29 iyul kuni Xorazm viloyati markazi Urganch shahrida oliy ta'lim muassasalariga kirish uchun test imtihonlari boshlandi.

Abituriyentlar «Yoshlik» sport-majmuasining katta paviloni va 2 ta binosida, 2 ta smenada test imtihonlarini topshirmoqda. Jarayon har doimgidek huquq tartibot idoralari va Davlat test markazi tomoni xodimlari tomonidan qattiq nazorat ostida kechmoqda.

Abituriyentlar test topshiriladigan binoga kirishda uch bosqichli tekshiruvdan o‘tkazilyapti. Imtihonga shpargalka, telefonlar va boshqa texnik vositalarning olib kirilishiga yo‘l qo‘yilmayapti.

Bundan tashqari, har bir abituriyent shaxsi maxsus tizim orqali identifikatsiya qilinmoqda. Uning yuzi va zarur hollarda barmoq izlari orqali shaxsi tasdiqlanyapti. Bu esa begona shaxslarning test imtihoniga kirib ketishining oldini olyapti. Boshqa abituriyentning o‘rniga kirishga uringanlar esa test imtihonidan chetlatilmoqda.

Test imtihonlari o‘tkaziladigan bino 1200 abituriyentga mo‘ljallangan. Test topshiruvchilar alohida stol va stul, ruchka va test javob varaqasini to‘ldirish yo‘riqnomasi, shuningdek, ichimlik suvi bilan ta'minlangan. Bino ichi katta konditsionerlar orqali yetarli darajada sovutilmoqda.

Test imtihoni boshlanganidan so‘ng, katta ekranda taymer ishga tushiriladi. U abituriyentlarga test yakunlanishiga qolgan vaqtni ko‘rsatib turadi.

 

Bino ichida va uning atrofida, kirish-chiqish joylarida 50 ga yaqin videokamera o‘rnatilgan. Ular orqali test jarayoni maxsus xodimlar tomonidan kuzatib boriladi.

Bundan tashqari, maxsus uskuna orqali «blyutuz», «vay-fay» va mobil aloqa signali so‘ndiriladi. Test imtihoni o‘tkazilayotgandan binoda bunday signallardan foydalanishning imkoni yo‘qoladi. 

«Yoshlik» sport-majmuasi yonida joylashgan kasb-hunar kolleji binosida ota-onalar uchun «Kutish zali» tashkil qilingan. Bu yerda katta ekran o‘rnatilgan bo‘lib, ota-onalar onlayn rejimida test jarayonini kuzatib borish imkoniyatiga ega.

Test tugaganidan so‘ng, nazoratchilar abituriyentlardan kitob, titul va javob varaqasini qabul qilib olishadi. Ular maxsus quti va konvertlarga joylanib, plombalanadi va xaltaga solinadi.

Davlat test markazining maxsus feldegerlik xizmati xodimlari xaltalarni olib ketishadi. Shu kunning o‘zida ular samolyot orqali Toshkent shahriga, Davlat test markaziga yetkaziladi. Test topshirilgan kunning ertasi esa DTM veb-saytida abituriyentlarning ballari e'lon qilinadi.

Urganch shahrida test imtihonlari 13 avgustgacha davom etadi.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid