Jamiyat | 14:39 / 03.08.2019
26031
4 daqiqa o‘qiladi

IIB binosi oldida «hashar», MIB yig‘imlariga safarbarlik, majburiy obuna – mahalla raislari yana nimalarga jalb qilinmoqda?

Foto: mahallakengashi.uz

Fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining 1-yarimyillik yakunlariga bag‘ishlangan videoselektori o‘tkazildi. Uni olib borgan kengash raisi Shavkat Javlonov ko‘plab kamchiliklarni sanab o‘tdi. Selektorda jumladan mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlari qanday ishlarga jalb qilingani ham ochiqlandi.

Selektorda aytilishicha, ortda qolgan yarimyillik davomida mamlakatdagi 6 107 ta mahallada umuman jinoyat sodir etilmagan. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 4 378 ta bo‘lgani taqqoslash uchun aytildi. Mahallalardagi umumiy jinoyatlar soni esa 12 171 tani tashkil etib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30,4% kamaygan. 1 138 ta mahallalarda esa jinoyat soni oshgan.

Kengashning tahlillariga ko‘ra, prezident farmoniga ko‘ra 2 aprelda MFY xodimlari maoshlari ikki marta 1,25 hamda 1,2 barobarga oshirilganiga qaramay, 54 ta MFY xodimlari oshirilmagan maosh olib ishlashgan.

Selektorda mahalla xodimlarining o‘z xizmat vazifasidan tashqari bo‘lgan faoliyatlarga jalb qilish holatlari bo‘yicha ham gapirildi. Bunday holatlar Samarqand, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Toshkent va Xorazmda ayniqsa avj olgani aytildi. E'tiborlisi, selektorda mahalla raislari keraksiz majlisbozlik sabab qancha zarar ko‘rayotgani ham hisoblab chiqildi. Masalan, Xorazmdagi mahalla raislari majlislarga kelib ketish uchun kuniga 16, 18, 20, 22 va 25 ming so‘mgacha faqat yo‘l xarjlari uchun ishlatishgani aytildi va bu MFY xodimlari budjetiga salbiy ta'sir qilayotgani qoralandi.

Bundan tashqari ko‘plab MFY xodimlari majburiy mehnatga jalb qilingani ma'lum qilindi. Masalan, Toshkent viloyat Quyichirchiq tumanidagi mahalla raislari o‘qishga jo‘natish o‘rniga obodonlashtirish ishlariga jalb qilingan. Toshkent tumanidagi mahalla raislari har kuni o‘z hisobidan 50 ming so‘m xarajat qilib, prokuratura va IIB binolari oldida «hashar»da qatnashishgan. Bu ishlar uchun har bir mahalla raisi 900 ming so‘mdan ortiqcha xarajat qilgan.

Andijon (Oltinko‘l, Ulug‘nor, Shahrixon), Farg‘ona (Marg‘ilon, Oltiariq) va Toshkent viloyati (Quyi Chirchiq, Parkent, Chinoz), Jizzax viloyatidagi (Baxmal, Do‘stlik, Zarbdor, Zafarobod, Paxtakor, G‘allaorol, Forish, Yangiobod, Jizzax shahri) ko‘plab MFY xodimlari safarbarlik chaqiruv rezervi (bir oylik harbiy xizmat) tushumlarini yig‘ishga jalb qilingan.

MIB ham mahalla xodimlaridan foydalanishga aralashgan. Xususan, Farg‘ona (Marg‘ilon, Quvasoy, Yozyovon), Andijon (Ulug‘nor, Shahrixon, Oltinko‘l) va Toshkent viloyati Chinoz tumanida MIB komunnal to‘lovlarni yig‘ishni mahalla xodimlariga yuklagan. Toshkent, Andijon, Farg‘ona, Jizzax, Namangan viloyatlarida MFY xodimlari metallolom yig‘ishga jalb qilingan. Mahalla xodimlari hamon majburiy obunaga undalayotgani selektorda qoralandi. Misol tariqasida Chinoz tumanida mahalla xodimlari partiya gazetalariga 1,5 million so‘mlik majburiy obuna qilingan.

Namangan shahar hokimining o‘rinbosari 12 iyun kuni soat 20:30 dan 23:30 gacha mahalla raislari uchun majlis o‘tkazib, 102 ta mahalla safarbarlik chaqiruv rezervi hamda fitr sadaqa pullarini tushirmaganligi uchun qattiq tanqid qilingan. Oqibatda mahalla raislarida o‘z ishidan norozilik kuchaygan.

«1 million 250 ming so‘m oylik oladigan mahalla raisi shuncha ishga jalb qilingan», deyildi selektorda mahalla raislari doimiy majburiy ishlarga jalb qilinishi haqida gapirilib. 2016 yilda 3 yilga saylangan mahalla raislarining 35 foizi o‘z arizasiga ko‘ra ishdan ketgani achinish bilan ta'kidlandi.

Mavzuga oid