O‘zbekiston | 18:36 / 03.08.2019
36066
8 daqiqa o‘qiladi

Qaynoq hafta – «Avtotest»ning «ish tashlashi»dan tortib yuqori minbarlarga chiqqan «snos» mavzusigacha

Ommaviy axborot vositalari uchun auditoriyaga taqdim etiluvchi qiziqarli yangiliklar suv va havodek zarur. Ba'zan biror arzirli, aniqrog‘i yodda qoladigan xabarsiz butun hafta yakunlanib ketishi mumkin. Ammo davlat va jamiyat uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega xabarlar ham bot-bot yangrab turadiki, ular albatta axborot oqimida yetakchi maqomni egallaydi. Yakunlanib borayotgan hafta ham ana shunday voqealarga nihoyatda boy bo‘ldi.

O‘tgan hafta «qahramon»ining keyingi taqdiri

Hafta boshida Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymayevning ustiga benzin sepib yoqib yuborgan va shu bilan «snos» muammosiga eng yuqori darajada e'tibor qarata olishga erishgan, ammo kimningdir hayotiga suiqasd qilganlikda haqli ravishda ayblangan tadbirkor Bahriddin Isomov ustidan ekspertiza jarayoni boshlandi. Dastlab jabrlanuvchi maqomida bo‘lgan «zamhokim» ham shifoxonaga yotqizildi, keyinroq ishdan olinib, o‘z vakolatiga kirmaydigan xatti-harakatlarni amalga oshirgani sababli unga nisbatan ham Jinoyat kodeksining tegishli bandlari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Yangi narxlar

Yana haftaning ilk kunlarida hukumat 15 avgustdan boshlab yoqilg‘i, elektr energiyasi va tabiiy gaz iste'moli uchun narx va tariflarni oshirayotganini e'lon qildi. Garchi anchadan buyon bunday ma'lumotlar aylanib yurgan bo‘lsa-da, baribir narxlar oshirilishi kutilganidanda ko‘proq muhokamalarga sabab bo‘ldi. Umuman, bunday yangilik biror marta xursandchilik bilan kutib olinmasligi tabiiy. Faqat oldingi yillardan, narxlar hatto birdaniga 40-50 foizgacha oshirilgan davrlardan farqli ravishda bu safar narx oshish sabablari aytildi, oqibatlari atroflicha tahlil qilindi va eng muhimi – islohotdan maqsadni tushuntirishga harakat qilindi.

Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning «Energoresurslarga narxlar yana oshadi» deya bayonot berishi bu muhokamalarni yana qizitdi.

Lug‘atdagi yangi so‘z

OAV uchun, demak butun jamiyat ahamiyatiga molik yana bir muhim voqea yuz berdi. O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov OAV bo‘yicha selektor o‘tkazdi. Hukumat rahbari vazirlik, hokimlik idoralari va boshqa tashkilotlarda OAV bilan ishlash talab darajasida emasligini tanqid qildi. Ayni shu yig‘ilishda o‘zbek tiliga «snos» degan so‘z kirib kelayotgani ham ta'kidlandi. Aslida bu muammo ko‘pdan beri yechimini kutayotgandi. Yuqori minbarda ko‘tarilishi sababi ham tez orada ayon bo‘ldi. Bu haqda quyida yana to‘xtalamiz.

Abituriyent-2019

Uzoq kutilgan va katta islohotlardan so‘ng birinchi marta o‘tkazilayotgan test sinovlari ham boshlandi. Ilk kunlardanoq hisobotlarda ro‘yxatdan o‘tgan, ammo sinovlarga kelmagan minglab (birinchi kunning o‘zida 2 538 nafar) abituriyentlar haqida har kuni xabarlar chiqa boshladi. Lekin shunga qaramay bu holatni ochiqlovchi arzirli izoh topilmadi. Test sinovlari hamon davom etmoqda, ammo oldingi yillardan farqli ravishda ommaviy qoidabuzarliklar qayd etilmayapti. Balki shu bois abituriyentlar jamg‘argan o‘rtacha ballar past bo‘lmoqda.

Xalqaro hayotga oid yangiliklarning eng ko‘p muhokama qilingani O‘zbekiston Xitoyning uyg‘urlarga nisbatan siyosatini qo‘llab-quvvatladimi yoki yo‘q, degan savol bo‘ldi. Ammo bu borada uzuq-yuluq va tasdiqlanmagan xabarlar bilan kifoyalanishga majbur bo‘lindi. Biror vazirlik, jumladan TIV vaziyat bo‘yicha rasmiy bayonot bermadi, ijtimoiy tarmoqlarda uyg‘urlarga dindoshlar va hatto millatdoshlar deya maqom berib, ular himoyasiga aytilgan gaplar asta-sekin tina boshladi.

Shov-shuvli 23talik

Jinoyatchilikka moyil deya malakalangan 23 toifa ayollar ro‘yxati tuzilishi va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda Xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida e'lon qilinishi ijtimoiy tarmoqlarni «portlatdi» deb ta'riflash mumkin. Ro‘yxatga ko‘ra, O‘zbekiston ayollarining juda ko‘p qismi jinoyatga moyil deya baholanishi mumkinligi internetda qator mutoyibalar va g‘azabli izohlarga sabab bo‘ldi. Dastlab bu ro‘yxat Xotin qizlar qo‘mitasi tomonidan e'lon qilingan degan shubha tufayli qo‘mita raisi Elmira Bositxonova jamoatchilikka murojaat bilan chiqib, bu kartotekalarni shakllantirish masalasiga aloqador emasligini bildirdi.

O‘yindan chiqqan «Avtotest» o‘rniga — «Vatanparvar»

«Avtotest Report» MChJ yuridik shaxslar haydovchilarining malaka oshirishdan o‘tgani to‘g‘risidagi sertifikatni berishni to‘xtatayotganini e'lon qildi. Balki uzoq muhokamalar va qator tanqidlardan keyin «Avtotest» balki shu tarmog‘idan voz kechishni afzal bilgandir. Ammo shundan keyin ham yuridik shaxslar haydovchilarining malaka oshirishiga oid talab va jarimalar saqlanib qolaverdi.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, «Avtotest» o‘rniga, endilikda O‘zbekiston Mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti sertifikat berishni boshlaydi. Hozirgi kunda «Vatanparvar» tashkiloti malaka oshirish kurslarini ochish uchun litsenziya olish ishlarini nihoyasiga yetkazmoqda ekan.

Rishtonda «mehnat fronti»

Farg‘ona viloyatining Rishton tumani katta safarbarlik e'lon qilindi va viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning shaxsan o‘zi velosipedda yurib, ishchilardan xabar oldi. Ammo hashar deya baholangan bu tadbir keyinchalik majburiy tarzda uyushtirilgani ma'lum bo‘ldi va buni qator vazirliklar tasdiqladi. Bu mavzu keyinchalik ham eng yuqori doirada davom etdi.

Turob Jo‘rayevga hukm

Va nihoyat Samarqand viloyatining sobiq hokimi Turobjon Jo‘rayev va uning sheriklariga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Kabinetidagi seyfining o‘zidan 1 mln. dollar chiqqani ta'kidlangan hokim jinoyat kodeksining qator moddalari bilan aybdor deb topildi hamda 13 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, sud jarayonida Jo‘rayevga 2,5 mln dollarga yaqin pora ishi bo‘yicha mahkama o‘tkazilgan.

«Tonirovka»ning yangi narxlari

Haydovchilar uzoq kutgan «tonirovka» bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi va yangi narxlar belgilandi. Garchi ko‘pchilik kutganidek bu qulaylik butunlay bepul bo‘lmagan, hozir ham tuzukkina xarajat talab qiladigan bo‘lsada, shu paytga qadar amalda bo‘lgan bazaviy hisoblash miqdorining 90 barobari talabi ancha tushirildi. Endi BHMning 10 barobari miqdorda to‘lov orqali oynalar tusini o‘zgartirish mumkin bo‘ldi.

Yana «snos»

Haftaning eng muhim voqeasi shubhasiz prezident selektoridagi davlat rahbarining chiqishida o‘z ifodasini topdi. Shavkat Mirziyoyev «snos»lardagi adolatsizlik haqida so‘zlarkan «Zo‘ravonlik siyosatidan foyda bo‘lganida 30 yilda zo‘r bo‘lib ketgan bo‘lar edik» dedi. Bundan tashqari, Farg‘ona, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida buzish ishlari bo‘yicha hokimlarni keskin tanqid qilib, ularni davlat siyosatiga nisbatan xiyonatda, xalqni norozi qilishda aybladi hamda Bosh vazirga keskin chora ko‘rish haqida topshiriq berdi.

Prezident mazkur hokimlarga alohida tanbeh bermagani, so‘zlari ommaga oshkor qilingani bu boradagi maqsad qat'iyligi, qolaversa, yuqorida ta'kidlangan ochiqlik siyosati jiddiyligini anglatadi. Bu esa mahalliy rahbarlarga nihoyatda muhim signal bo‘ldi.

Abror Zohidov

Mavzuga oid