Sport | 11:28 / 04.08.2019
10589
2 daqiqa o‘qiladi

Istomin va Zabelinskaya Olimpiya litsenziyasi uchun 100 mln so‘m bilan mukofotlandi

O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligida 2020 yilda Tokioda o‘tadigan yozgi Olimpiya  o‘yinlariga litsenziyani qo‘lga kiritgan sportchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov va jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev ishtirok etdi.

Bugungi kunga kelib o‘zbekistonlik sportchilar Tokioda o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlariga 2 ta va XVI Paralimpiya o‘yinlariga bitta litsenziya olishga muvaffaq bo‘lishdi. Shu munosabat bilan ushbu tadbirda uch sportchimiz taqdirlandi:  Denis Istomin (tennis), Olga Zabelinskaya (velosport) va Server Ibragimov (Paralimpiya o‘q otish sporti) 100 mln so‘mdan olishdi, ularning murabbiylariga esa 50 mln so‘mdan mukofot puli berildi. Sertifikatlar va pullarni sport faxriylari Komiljon Xudoyberganov va Vasiliy Korbut topshirishdi.

“Men uchun ushbu Olimpiadaga ilk yo‘llanmani olganim juda ahamiyatlidir. Endi Osiyo o‘yinlari oltin medalini Olimpiada medaliga aylantirish vaqti keldi. Olimpiadaga tayyorlanishning eng yaxshi usuli – turnirlarda ishtirok etish va tajriba orttirishdir. Tokio Olimpiadasi men uchun uchinchi Olimpiada va ehtimol oxirgisi bo‘ladi. Shu sababli men yuqori ko‘rsatkichlarga erishish uchun barcha uquv va malakalarimni namoyish etishga harakat qilaman. O‘z navbatida davlatimiz hukumatiga bunday e'tibor va qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirmoqchiman”, deb aytgan Denis Istomin.

Olga Zabelinskaya va Server Ibragimov xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rayotganlari sababli marosimda ishtirok eta olishmagan. Sportchilarga atalgan sertifikat va pullarni federatsiyalarning rasmiy vakillari topshirishadi.

Mavzuga oid