Jahon | 00:35 / 05.08.2019
11430
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya kompaniyasi dunyoning eng yaxshi aeroportlari reytingini e'lon qildi  

Foto: RIA "Novosti"

Britaniyaning yuklarni saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi Stasher kompaniyasi o‘z talqini bo‘yicha dunyoning eng yaxshi aeroportlari reytingini e'lon qildi.   

Aeroportlar 8 ta mezon bo‘yicha baholangan.

Reytingga ko‘ra, unda 1-o‘rinni eng yuqori ko‘rsatkich – 6,5 ball bilan Moskvaning A.S.Pushkin nomidagi Sheremetevo aeroporti egallagan. U ikki ko‘rsatkich – parvozlar jadvaliga amal qilish va parkovka arzonligi bo‘yicha sayyoramizdagi eng yaxshi aeroport deb e'tirof etilgan va bu mezonlar bo‘yicha eng yuqori ball – 10 ball bilan baholangan.

Tadqiqotda ko‘rsatilishicha, Sheremetevoda faqatgina 6 foiz parvozlar 15 daqiqadan ko‘proqqa qoldiriladi, bu esa dunyo bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichdir. Moskva aeroporti, shuningdek, kutish zallari soni bo‘yicha eng yaxshi aeroportlar uchligiga kirgan. 

Tadqiqotda, shuningdek, Google’ning baholashi, aeroportlardagi ovqatlanish sifati, aerovokzallar majmualarida do‘konlarning oz-ko‘pligi, aeroportlar qoshidagi mehmonxonalardagi xizmat darajasi va aeroportdan ular aholisi va mehmonlariga xizmat ko‘rsatuvchi shaharlar markazlarigacha masofaning qisqaligi kabi mezonlar hisobga olingan.

Reytingga qaytadigan bo‘lsak, unda 2-o‘rinni Londonning Xitrou, 3-o‘rinni Trinidad orolidagi Piarko aeroportlari egallagan.

Shuningdek, yetakchi o‘ntalikka Suvannapxum (Bangkok, Tailand), Kopengagen (Kopengagen, Daniya), Xose Mariya Kordova (Medelin, Kolumbiya), Adelaida (Adelaida, Avstraliya), Kalgari (Kalgari, Kanada), El-Dorado (Bogota, Kolumbiya) va Hamad (Doha, Qatar) aeroportlari kiritilgan. 

Mavzuga oid