Jamiyat | 11:21 / 06.08.2019
82915
6 daqiqa o‘qiladi

Dalil ham, isbot ham bor. Buxoro hokimi oyni etak bilan yopmoqchimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahridagi qabristonda obodonlashtirish va turli qurilish ishlariga shahardagi mavjud tashkilotlar, jumladan, ta'lim tizimi, tibbiyot muassasalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari va harbiy qism askarlari majburiy jalb qilinayotgani haqida xabarlar hamon qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida Kun.uz muxbiri Buxoro shahridagi ushbu qabristonga bordi va mavjud vaziyatni joyida o‘rgangan edi.

O‘rganish asosida saytda «Buxorodagi qabristonni obodonlashtirishga tashkilotlar xodimlari majburiy jalb qilinmoqda» sarlavhali maqola e'lon qilingandi. Unda qabristondagi obodonlashtirish ishlariga haqiqatan ham turli tashkilotlar xodimlari jalb qilinayotgani dalillar bilan yoritilgan edi.

Shundan keyin Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyevning Facebook’dagi sahifasida shahardagi «Hazrati imom» qabristonidagi obodonlashtirish va turli qurilish ishlariga shahardagi mavjud tashkilotlar, jumladan, ta'lim tizimi, tibbiyot muassasalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari va harbiy qism askarlari majburiy jalb qilinayotgani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan post qoldirildi.

Unda marhumlar yotgan joylarni obod va ozoda saqlashga e'tibor qaratish farzligi, hech kim bu ishlarga majburan jalb etilmayotgani, barchasi hashar tarzida tashkil etilayotgani ta'kidlangan. Shu bilan birga, Kun.uz sayti surishtiruvida tasdiqlangan ma'lumotlar asosida berilgan holatlar inkor qilingan.

O‘ktam Barnoyev ushbu fikrlari bilan maqoladagi tasdiqlangan holatlar bilan yaqindan tanishmagan ko‘rinadi.

Maqolada hududi 17 gektarni tashkil qiladigan eng katta va qadimiy qabristonda olib borilayotgan ishlarda tashkilotlardan xodimlar borligi, shuningdek, harbiy qism askarlari ham ishlayotgani suratlari bilan berilgandi.

Qolaversa, obodonlashtirish boshqarmasining so‘zlari ham keltirib o‘tilgan edi.

«Biz obodonlashtirish boshqarmasida ishlaymiz. Bu yerda ishlar boshlanganiga bir oyga yaqin vaqt bo‘ldi. To‘g‘ri, bu yerda bizdan tashqari, turli tashkilotlar xodimlari, o‘qituvchilar ham, shifokorlar ham kelib ishlashmoqda. Bugun ham ertalabdan tush vaqtigacha ishlab ketishdi», – degan edi Buxoro shahar obodonlashtirish boshqarmasining ismini ochiqlashni istamagan ishchisi.

«O‘zim bog‘chada ishlayman. Bizga shu yerga kelib yordam berishimizni aytishgan. Bir necha kundan buyon ishlayapmiz. Shahardagi hamma bog‘chadan kelishyapti», — degandi maktabgacha ta'lim muassasasining ismi sir qolishini so‘ragan xodimi.

Shu o‘rinda Buxoro shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i I.Qurbonovning ham so‘zlarini keltirib o‘taylik.

«Qabristonlar bizning tasarrufimizda bo‘lgani uchun boshqarmamiz ishchi-xodimlari doimiy ishlayapti. Boshqa tashkilotlardan ham kelib yordam qilishmoqda. Mahalla raislari aholini jalb qilyapti. Tashkilotlar bo‘yicha sizga aniq bir gap aytolmayman. Bu ishlarni hokimiyat tashkil qilyapti, tashkilotlar xodimlari kelishini ham ular tashkil qilyapti. Lekin kelib ishlashayotgani rost», — degandi biz bilan suhbatda Qurbonov.

(Barcha suhbatlarning audioyozuvlari tahririyatda mavjud)

Ma'lum bo‘lishicha, tashkilotlarning aksariyati ertalabdan tush vaqtigacha ishlab ketishgan (biz qabristonga tushdan keyin bordik).

Yuqoridagilarning o‘zi holatga yetarli dalil va isbot emasmi?

Qolaversa, bloger Umid Gafurov ham Buxoroda budjet tashkilotlari xodimlari bir oydan beri qabristonni obodonlashtirishga jalb etilayotgani haqida xabar bergan.

Viloyat hokimi qariyb bir oyga yaqin vaqt davomida qabristondan olib borilayotgan ishlarni hashar tarzida tashkil qilinayotganini ta'kidlabdi. Hashar shuncha vaqt davom etishi mumkinmi?

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 349-son Qaroriga muvofiq, hashar faqat ixtiyoriy asosda o‘tkazilishi belgilangan. Hasharni o‘tkazish uchun umumxalq hasharini o‘tkazish to‘g‘risida Prezidentning tegishli hujjati yoki Vazirlar Mahkamasining qarori bo‘lishi shart. Hasharlar unda ishtirok etadigan shaxslar mehnat qiladigan tegishli tashkilot hududida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik normalariga qat'iyan rioya etilgan holda o‘tkaziladi. Hasharlar doirasida boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan, qurilish-ta'mirlash ishlariga majburiy jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qolaversa, jazirama issiqda mehnat qilayotganlar o‘z ixtiyorlari bilan kelganiga ham ishonish qiyin.

Albatta, qabristonlar obodligiga obodonlashtirish boshqarmasi ishchi-xodimlari mas'ul. Ammo qolgan tashkilotlar xodimlari-chi?

Buxoro viloyati hokimi oyni etak bilan yopmoqchimi?

Aslida qabristonlar doimo ozoda va obod bo‘lishini har bir inson istaydi. Shu o‘rinda biz ham. Bunga hech qanday e'tirozimiz yo‘q. Barchaning borar joyi, so‘nggi manzili. Ammo barchasi belgilangan tartibda, ixtiyoriy bo‘lgani ma'qul.

Buxoro shahridagi tashkilotlar rahbarlari va mahalla raislariga qabristondagi obodonlashtirish ishlarida xodimlar va aholi o‘rtasida targ‘ib qilingani ta'kidlanadi. Ammo «yuqoridan» kelgan bunday ko‘rsatmani tashkilot rahbarlari xodimlar o‘rtasida qanday «targ‘ib» qilishi barchaga ma'lum.

Ayni vaqtda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Buxoro shahrida budjet tashkilotlari xodimlarining obodonlashtirish ishlariga majburiy jalb qilingani to‘g‘risidagi xabarlar bo‘yicha tekshiruv ishlarini boshlagan.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,

Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid