O‘zbekiston | 13:00 / 06.08.2019
6784
4 daqiqa o‘qiladi

SSV: O‘zbekistonda qizamiq kasalligi bilan bog‘liq noxush vaziyat kuzatilmagan. Epidemiologik holat nazorat ostida

Sog‘liqni saqlash vazirligi Samarqandda qizamiq tarqalayotgani haqidagi xabarlarni o‘rganib, interntet nashrlarida tarqalgan xabarga munosabat bildirdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) xabariga ko‘ra, Yevropaning qator davlatlarida so‘nggi ikki yil davomida qizamiq kasalligi bo‘yicha epidemiologik noxush vaziyat saqlanib qolmoqda. Ushbu kasallikdan o‘lim ko‘rsatkichlari o‘tgan yilda mazkur hududda 72ta holatda qayd etilgan. Mutaxassislarning fikricha, ushbu holat yuzaga kelishiga asosiy sabab – bu emlashdan voz kechish va natijada aholi orasida emlash bilan qamrab olish darajasining kamayishidir. Shuning uchun ham, 2019 yilda qizamiq kasalligi bo‘yicha holat nafaqat Yevropa, balki dunyoning boshqa mintaqalarida ham noxush vaziyat kuzatilmoqda.

«2019 yil yanvardan 5 avgustgacha bo‘lgan muddatda Samarqand viloyatida 419ta holatda qizamiqqa gumon qilingan bo‘lib, ulardan 29 nafarida kasallik tasdiqlangan. JSST xulosasiga ko‘ra, mamlakatimizga qizamiq virusi boshqa davlatlardan kirib kelgani tasdiqlandi. 2018 yilda respublika bo‘yicha qo‘shimcha profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar natijasida 22 310 nafar kishi qizamiq kasalligiga qarshi emlandi.

Samarqand viloyatida kasallikning kelib chiqishining asosiy sababi ham qizamiqqa qarshi emlanmagan chet ellik fuqarolar bo‘lgan. Aholi orasida ushbu kasallik tarqalishining oldini olish va to‘xtatish maqsadida ular bilan muloqotda bo‘lgani gumonlangan 11101 kishi emlangan. O‘lim holatlari umuman qayd etilmagan.

Shuni ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasiga 2017 va 2018 yillarda JSSTning «Qizamiq va qizilcha kasalligining eliminatsiyasi», ya'ni, ushbu kasalliklarning mahalliy tarzda tarqalishi to‘xtatilgani to‘g‘risida xalqaro sertifikati berilgan. Unga muvofiq, mamlakatimiz uchun indikator ko‘rsatkichi 100 000 nafar aholi soniga nisbatan 2ta holatda kasallik tasdiqlanib, ro‘yxatga olinishi mumkin. Hozirda bizda bunday holat kuzatilmayapti. Qolaversa, ayni paytda eliminatsiyani, ya'ni qizamiq tarqalishining to‘xtatilganlik holatini saqlab qolish borasida barcha sa'y-harakatlar amalga oshirilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu kasallik tarqalishining oldini olish va o‘choqlarini to‘liq bartaraf etish maqsadida qo‘shimcha ravishda 100 000 doza qizamiq vaksinasi olinib, emlash uchun joylarga yetkazildi. Shuningdek, qizamiq kasalligini o‘z vaqtida aniqlash, tarqalib ketishining oldini olish va davolash hamda bolalarni vaksina profilaktikasi bilan qamrab olish maqsadida epidemiologik nazorat kuchaytirildi.

Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda qizamiq kasalligining profilaktikasi va epidemiyaga qarshi kurash tadbirlari izchil davom ettirilmoqda. Ushbu jarayonga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan alohida e'tibor, yillar davomida to‘plangan tajriba va aniq tahlillar mazkur kasallikni eng past ko‘rsatkichda ushlab turish hamda uni to‘liq bartaraf etish imkonini bermoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi va JSST tomonidan ushbu tizimli tadbirlarning bajarilishi qat'iy nazoratga olingan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining telegram kanalidagi xabarda.

Mavzuga oid