O‘zbekiston | 20:42 / 07.08.2019
30660
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Markaziy harbiy okrugiga tashrif buyurdi 

Bugun, 7 avgust kuni Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi general-leytenant Viktor Mahmudov, Mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov, DXX Chegara qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Ruslan Mirzayev Markaziy harbiy okrugi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda bo‘ldi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma'lum qildi.

Dastlab, harbiy okrugda yangidan barpo etilgan situatsion markazda Mudofaa vazirligi tarkibidagi harbiy okruglar qo‘mondonligi bilan videoselektor o‘tkazildi. Unda mustaqilligimizning 28 yilligini munosib kutib olish, aholini bayram kunlarida maroqli dam olishlarini ta'minlashda xavfsizlik masalalari va mudofaa qobiliyati haqida to‘xtalib o‘tildi.

Shundan so‘ng, harbiy qismlardagi mobil boshqaruv punktlari, jangovar tanklar, yanada kuchaytirilgan BTR-70 texnikalari hamda yengil zirhli mashinalar qurol-aslahalarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan ishlar bilan tanishdi.

Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi harbiy okrug tarkibidagi harbiy qismlarda texnika va qurol-aslahalarni modernizatsiya qilish hamda qayta ta'mirdan chiqarish bo‘yicha yangidan tashkil etilgan guruh faoliyatiga yuqori baho berdi.

Tashrif so‘ngida general-leytenant Viktor Mahmudov va mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov harbiy okrug jangovar texnikalar parkida “Men g‘olib” shiori ostida o‘tkazilgan musobaqa g‘oliblarini rag‘batlantirdi.

Mavzuga oid