Jamiyat | 18:00 / 07.08.2019
123358
5 daqiqa o‘qiladi

Tibbiyot kollejlariga qabul tartibi o‘zgardi

O‘zbekiston Prezidentining 2018 yilning 25 yanvardagi «Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta'limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni hamda 2018 yil 3 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorlari o‘rta maxsus tibbiy ta'lim tizimidagi islohotlarni jadallashtirishga zamin yaratmoqda. Ayni paytda mazkur hujjatlar ijrosini ta'minlash yuzasidan keng ko‘lamli tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu hujjatlardan kelib chiqqan holda joriy o‘quv yilida tibbiyot kollejlariga o‘qishga qabul qilish tartibi qanday bo‘ladi? Qabul jarayonida qanday yangiliklar ko‘zda tutilgan? Sog‘liqni saqlash vazirligi Fan va ta'lim bosh boshqarmasi mutaxassisi Lutfiya Yusupova shu kabi savollarga javob qaytardi.

«Tibbiyot kollejlari faoliyati tubdan isloh qilinib, o‘qish muddati 3 yildan 2 yilga qisqartirildi. Ilgari tibbiyot kollejlariga o‘rta maktablarning 9 sinf bituvchilari qabul qilingan bo‘lsa, joriy 2019/2020 o‘quv yilidan maktablarning 11 sinf bitiruvchilari qabul qilinadi. Shuningdek, yangi «tibbiy-ijtimoiy ishi» yo‘nalishida ta'lim bir yarim yillik etib belgilandi. Endilikda yoshlarimiz tibbiyot kollejlarida hamshiralik ishi, farmatsiya, tibbiy profilaktika ishi, stomatologiya ishi, feldsherlik ishi, feldsherlik-laboratoriya ishi, tibbiy-ijtimoiy ishi kabi 7ta yo‘nalishda malakali mutaxassis bo‘lib yetishib chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldi», deydi u.

U tibbiyot kollejlariga yangi o‘quv yilida qanday kvotalar belgilangani va imtihon jarayoni qay tartibda o‘tkazilishiga oydinlik kiritgan.

«Ayni paytda bu haqda tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqildi. Unga asosan 2019/2020 o‘quv yili uchun ham hududlardagi tibbiyot kollejlarining ehtiyoji va qamroviga qarab davlat komissiyasi qarori asosida kvotalar ajratilishi rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, agar o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar soni belgilangan kvotalardan oshib ketsa, qabul jarayoni imtihon asosida o‘tkaziladi. Tayyorlangan loyihaga ko‘ra, bunday holatlarda o‘quvchilar ta'limning uchta fan yo‘nalishi — kimyo, biologiya, ona tili va adabiyot fanlaridan yozma shaklda imtihon topshiradi. Har bir fan uchun alohida-alohida imtihon kunlari belgilanadi. Yozma imtihon savollari davlat komissiyasi markazi xodimlari tomonidan tasdiqlangan bilet varaqalari ko‘rinishida bo‘lib, o‘quvchiga ushbu yozma ishlar uchun 2 soat vaqt ajratiladi. Imtihonning ertasi kuni javob varaqalari maxsus e'lonlar oynasiga ilib qo‘yiladi. Natijalarga ko‘ra, o‘qishga qabul qilingan o‘quvchilar davlat grantlari va to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olishadi.

Abituriyentlar mutaxassisligi va kasbi, o‘qitish tili, ta'lim muassasasini tugatgani to‘g‘risidagi ma'lumotni ko‘rsatgan holda ta'lim muassasasi rahbari nomiga ariza, pasport yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma nusxasi, umumiy o‘rta ta'limni tugatganlik haqidagi hujjatning asl nusxasi, 3,5-4,5 o‘lchamdagi 6ta fotosurat taqdim etishadi.

Bu yilda tibbiyot kollejlarida ikkinchi mutaxassislik uchun alohida o‘rin ajratish ko‘zda tutilmagan. Ammo ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha ta'lim olish istagidagi fuqarolar, barcha abituriyentlar qatori ajratiladigan kvotalar asosida belgilangan tartibda imtihon topshirishlari mumkin.

Joriy o‘quv yilidagi qabul jarayoni uchun barcha tibbiyot kollejlarida qabul komissiyalari tuzilgan. Ota-onalar hamda o‘quvchilar qabul bilan bog‘liq barcha savollarga qabul komissiyasi orqali batafsil ma'lumot olishlari mumkin. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligining Fan va ta'lim bosh boshqarmasining (71) 241-16-91 telefon raqamiga murojaat qilishlari mumkin», deya Lutfiya Yusupovaning so‘zlarini keltiradi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining telegramdagi kanali.

Mavzuga oid