Jamiyat | 17:44 / 09.08.2019
16602
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda jayronlarni otib o‘ldirgan brakonerlar hayvonot dunyosiga 100,3 mln so‘m zarar yetkazgan

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi

2019 yil 3 avgust kuni Taxtako‘pir tumani “Qo‘ng‘iratko‘l” ovul fuqarolar yig‘ini hududida, Taxtako‘pir tumanida yashovchi fuqaro X.Q. o‘zining “IJ-58” rusumli 12 kalibrli 2 stvolli ov miltig‘i bilan fuqarolar D.M., A.J. va M.T. bilan birga “Uaz-469” rusumli avtomashinada yoritqich uskunalar bilan foydalangan holda, noqonuniy ravishda O‘zbekiston Respublikasining “Qizil kitobiga” kiritilgan sut emizuvchilar turiga mansub bo‘lgan 3 dona jayronlarni ovlab, otib o‘ldirgan.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, natijada mazkur shaxslar «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonun hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida «Ov va baliq ovlash qoidalari» talablarini buzib, O‘zbekiston Respublikasi hayvonot dunyosiga jami 100,3 mln so‘m zarar yetkazishgan.

Mazkur holat bo‘yicha Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda, deyiladi xabarda.

Bundan oldin, Qoraqalpog‘istonda brakonerlar Qizil kitobga kiritilgan jayronlarni otib o‘ldirgani ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid