Shavkat Mirziyoyev: Eksportbop mahsulotlar chiqarish mamlakatimizning rivojlanish nuqtalaridan biri bo‘lishi kerak
Bugun, 12 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini oshirish va ulardan samarali foydalanish, investitsiyalarni, avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va o‘zlashtirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko‘lamini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Davlatimiz rahbari bu masalalarga alohida e'tibor qaratib, doimiy muhokama qilib bormoqda. Ushbu sohalarga doir hujjatlar qabul qilinib, zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 dekabrdagi “Eksportga ko‘maklashish va uni rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Eksportni qo‘llab-quvvatlash milliy tizimi yaratildi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida Eksportni rag‘batlantirish agentligi tashkil etildi. Shuningdek, 205 nomdagi tovarlarni eksport qilishda transport xarajatlarining 50 foizini qoplab berish yo‘lga qo‘yildi. Bunday real, amaliy chora-tadbirlar albatta o‘z natijasini bermoqda. Eksport bilan shug‘ullanadigan sub'yektlar safiga 2 mingta yangi korxona qo‘shildi, eksport geografiyasi 42 ta davlatga kengaydi, 59 turdagi mahsulot birinchi marta eksportga yo‘naltirildi. Joriy yilning yetti oyida tovarlar va xizmatlar eksporti 7 milliard 331 million dollarni tashkil etgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23 foiz ko‘pdir”, deyiladi xabarda..
Yig‘ilishda “O‘zto‘qimachiliksanoati” uyushmasi, “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi hamda Toshkent shahri, Farg‘ona, Andijon va Toshkent viloyatlarida eksportni ko‘paytirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddi rahbarlar eksportyorlarning muammolari bilan tizimli shug‘ullanmayotgani, davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlarni tadbirkorlarga yetkazib, ularning tashqi bozorga chiqishiga ko‘maklashmayotgani tanqid qilindi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri boshchiligida tashkil etilgan Hududlar va tarmoqlarning eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasi korxonalar vakillari va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ularni eksport faoliyatiga jalb etishi, bu boradagi muammolarini hal etish, xalqaro standartlarni joriy qilish va sertifikatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha yordam berishi zarurligi ta'kidlandi.
– Eksport imkoniyatlarimiz ko‘p. Xususan, paxta tolasi va meva-sabzavotni qayta ishlab, eksportbop mahsulotlar chiqarish mamlakatimizning rivojlanish nuqtalaridan biri bo‘lishi kerak. Shu orqali eksportni ko‘paytiramiz va yangi ish o‘rinlariga ega bo‘lamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ma'lumki, yurtimizda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari butun dunyoda qadrlanadi. Bu tayyor “brend” eksport uchun katta imkoniyatdir.
Prezidentimizning shu yil 29 iyul kuni qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori mazkur imkoniyatdan samarali foydalanish, agrar sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishga qaratilgan.
Unga ko‘ra, 2019-2021 yillarda umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollar bo‘lgan 45 ta agrologistika kompleksi, qayta ishlash bo‘yicha 205 ta yangi quvvat, 36 ming gektar intensiv bog‘ tashkil etish rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda shu boradagi ishlarning ijrosiga ham to‘xtalib o‘tildi. Belgilangan chora-tadbirlarni muddatida bajarish va buning hisobiga meva-sabzavot eksportini 2021 yilda 2 barobar oshirish zarurligi ta'kidlandi. Takroriy maydonlarga eksportbop ekinlar ekish, ayniqsa, dukkakli mahsulotlarni eksportga ko‘proq chiqarish muhimligi qayd etildi.
Xorijga tashriflar hamda xalqaro ko‘rgazmalar doirasida imzolangan eksport shartnomalarining bajarilishi, oktabr oyida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” nomli xalqaro ko‘rgazma o‘tkazilishiga oid masalalarga ham e'tibor qaratildi.
Eksportyorlarning xorijdagi savdo uylari ustav kapitali miqdorini oshirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Mavzuga oid
15:58 / 16.12.2024
Iqtisodiy kompleksda 300 ga yaqin rahbar ishdan olindi - prezident
16:08 / 14.12.2024
“Bog‘cha to‘lovi qisman qoplanadi, uyda qarash xizmati yo‘lga qo‘yiladi” – videoselektordan va’dalar qanday?
13:18 / 13.08.2024
Soliq qo‘mitasi yirik korxonalarning mahalliy budjetga to‘lovlarini hisobga olish tartibini joriy qiladi
18:00 / 12.08.2024