Jahon | 12:08 / 13.08.2019
123337
2 daqiqa o‘qiladi

Almazbek Atamboyevga qotillik ayblovi qo‘yildi

Foto: EUTERS/Vladimir Pirogov

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev qotillik va boshqa qator og‘ir jinoyatlarda ayblanmoqda. Bu haqda RIA Novosti Bosh prokuratura xodimiga tayanib xabar berdi.

Knews xabariga ko‘ra, Bosh prokuratura Qo‘y-Toshdagi voqealar munosabati bilan sobiq prezident Almazbek Atamboyevga qarshi ayblov e'lon qildi. Bu haqda bosh prokuror Otkurbek Jamshitov ma'lum qilgan.

«Bugun Atamboyevga tartibsizliklarni uyushtirish, qurol-yarog‘ning noqonuniy aylanmasi, tergovga to‘sqinlik qilish, odamlarni garovga olish, o‘ldirish va qotillikka urinish ayblovlari qo‘yildi», - dedi bosh prokuror.

Unga ko‘ra, Atamboyevga tashkilotchi sifatida Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining turli moddalari - «Hokimiyat vakiliga tahdid yoki zo‘ravonlik», «Prokuror, tergovchi, tergov idorasining vakolatli mansabdor shaxsi faoliyatiga to‘sqinlik qilish», «Ommaviy tartibsizliklar», «Qotillik», «Qotillikka urinish», «Odamlarni garovga olish», «Qurolning noqonuniy aylanmasi» moddalarida ko‘zda tutilgan bir qator jinoyatlar bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.

Avvalroq, respublika Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Orozbek Opumbayev Atamboyev maxsus kuchlarga qarata o‘q uzganini aytgan edi.

Qirg‘iziston sobiq prezidentining o‘zi «tarafdorlarida hatto cho‘zma (rogatka) ham bo‘lmaganini» iddao etgan. Shu bilan birga, uning tasdiqlashicha, o‘z qarorgohiga hujum boshlanganda o‘q uzgan.

«Men yigitlar uchinchi qavatga chiqishganida o‘q uzdim. Yigitlarga tegib ketmaslikka harakat qildim», - dedi Atamboyev.

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev sud qarori bilan 26 avgustgacha hibsga olingan. U 8 avgust kuni ushlandi.

Bundan oldin, Atamboyev Qirg‘izistonda davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rishda ayblangandi.

Mavzuga oid