Jamiyat | 16:46 / 15.08.2019
29566
5 daqiqa o‘qiladi

Qo‘shtepa hokimi va fermer o‘rtasidagi nizo bo‘yicha Oliy sud munosabat bildirdi. Muammo esa yechimini topganicha yo‘q

Kun.uz sayti Farg‘ona viloyati, Qo‘shtepa tumanida faoliyat yurituvchi «Olimboy hoji» chorvachilik fermer xo‘jaligidagi mavjud muammolar haqida maqolalar e'lon qilgandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan «Farg‘ona tong otguncha...» yoki fermerning arz-dodlari o‘ziga «to‘qmoq» bo‘lib qaytgani haqida»gi maqolaga nisbatan  munosabat bildirilgan.

«Kun.uz saytida e'lon qilingan «Farg‘ona tong otguncha...» yoki fermerning arz-dodlari o‘ziga «to‘qmoq» bo‘lib qaytgani haqida»gi maqola Oliy sudda o‘rganib chiqildi.

Maqolada Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida faoliyat yurituvchi «Olimboy hoji» chorvachilik fermer xo‘jaligida yuzaga kelgan muammolar haqida so‘z yuritilgan.

Aniqlanishicha, «Olimboy hoji» chorvachilik fermer xo‘jaligi rahbari Abdumannob Qosimov 2018 yilda bankdan katta miqdorda kredit olib, Germaniyadan 99 bosh naslli qoramol xarid qilgan...

Qo‘shtepa tumani hokimi I.Novikov tuman IIB boshlig‘iga ariza bilan murojaat qilib,  «Olimboy hoji» chorvachilik fermer xo‘jaligi rahbari Abdumannob Qosimov naslli mollarining o‘limiga ozuqa yetishmasligi, unga qumloq joydan yer ajratilgani va boshqa vajlar bilan tuman hokimini aybdor etayotgani sababli ishni qonuniy ko‘rib chiqishni so‘ragan. Ish hujjatlari ma'muriy sudga 2019 yil 17 may kuni kelib tushgan.

Qo‘shtepa tumani ma'muriy sudi tomonidan mazkur ish 22 may kuni ish ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan.

A.Qosimovning huquqbuzarlik harakati sudda so‘ralgan jabrlanuvchi E.G‘ofurov, sudda surishtiruv davrida bergan ko‘rsatuvlari o‘qib eshittirilgan jabrlanuvchi I.Novikov (tuman hokimi) va guvoh U.Tursunovning ko‘rsatuvlari, Qo‘shtepa tumani veterinariya bo‘limining 2019 yil 9 martdagi 22-sonli xulosasi hamda sudda tekshirilgan ish bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillar yig‘indisi bilan o‘z tasdig‘ini topgan va A.Qosimovga eng kam ish haqining 2 baravari miqdorida (405 460 so‘m) ma'muriy jarima qo‘llagan.

Sudning mazkur qarori yuzasidan A.Qosimov tomonidan kassatsiya shikoyati berilgan bo‘lib, Farg‘ona viloyati ma'muriy sudida shu yil 7 avgust kuni ko‘rib chiqilishi belgilangan.

Tafsilotlar haqida qo‘shimcha ma'lum qilinadi», deyiladi Oliy sud matbuot xizmati xabarida.

Tahririyat tomonidan yoritilgan masalalarga, respublika darajasidagi tashkilotlar, hususan Oliy sud tomonidan bu kabi munosabat bildirilishi kishini quvontiradi, albatta. Demak, rahbarlar muammolarga befarq emas.

Biroq, bizni boshqa narsa tashvishga soladi. Xuddi tadbirkor kabi biz ham Qo‘shtepa tuman hokimligi tahliliy maqolalardan so‘ng, zarur choralarni ko‘rib, ahvolni o‘nglashga harakat qiladi, degan umidda edik. Afsuski, hammasi buning teskarisi bo‘lib chiqdi. Ya'ni, tuman hokimi I.Novikov tadbirkor fermerning og‘irini yengillatish uchun yeng shimarish o‘rniga unga bosim o‘tkazishga kirishib ketdi. Tekshir-tekshirlar boshlandi. «Pichoqqa ilinadigan» ayb topilmagach, shaxsan tuman hokimining o‘zi fermer ustidan sudga arz qildi.

Avgust oyida yana Qo‘shtepa tumanidagi yer maydonlarining qanchasiga paxta va yana qanchasiga g‘alla ekilishi rejasi ishlab chiqiladi. Fermerga tezroq chorva uchun yem-ozuqa yetishtirishga yer maydoni zarur.

Oliy sud munosabatida aytilgan 7 avgust kunidagi sud ham bo‘lib o‘tdi. Farg‘ona viloyati ma'muriy sudi kassatsiya instansiyasi dastlabki qarorni o‘zgarishsiz, o‘z kuchida qoldirdi. Shu adolatli qarordir balki... Biroq, afsuski tadbirkorning ahvoli kundan kunga og‘irlashib bormoqda. Qoramollarga ozuqa uchun beriladigan yer maydonidan esa darak yo‘q.   

Mavzuga oid