O‘zbekiston | 20:29 / 16.08.2019
141347
3 daqiqa o‘qiladi

KUN.UZ tahririyatining Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari A.Vahobov bilan bog‘liq voqea yuzasidan bayonoti

Kuni kecha Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari A.Vahobov KUN.UZ tahririyati xodimlariga tahdid qilgani haqida xabar berilgan edi.

Bugun Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati tomonidan A.Vahobovning videointervyusi e'lon qilindi. Ushbu intervyuda A.Vahobov KUN.UZ muxbiri Rahmatillo Isroilov muqaddam undan tamagirlik yo‘li bilan yer talab qilgani va buning evaziga katta miqdorda pora taklif qilgani haqidagi da'voni ilgari surdi.

Mazkur da'vo yuzasidan KUN.UZ zudlik bilan o‘z ichki surishtiruvini o‘tkazib, tahririyat muxbiri R.Isroilov va boshqa xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinladi.

Xizmat tekshiruvida muxbir R.Isroilov unga nisbatan A.Vahobov ilgari surayotgan ayblovlar biror asosga ega emasligini, A.Vahobov bilan muqaddam HeCh QAChON ko‘rishmaganini, hayotda ilk marta 14 avgust kuni uchrashganini va o‘z-o‘zidan A.Vahobovning gaplari tuhmatdan iboratligini ma'lum qildi.

Bundan tashqari, 15 avgust kuni Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xodimlari tomonidan aynan mazkur masala yuzasidan tashkil qilingan yuzma-yuz uchrashuvda A.Vahobov KUN.UZ muxbiri Rahmatillo Isroilovni tanimasligini va hodisa yuz bergan kuni (14 avgust) birinchi marta ko‘rganini bayon qilgan (buni tasdiqlovchi audioyozuvlar mavjud). 

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilayotgani sababli xizmat tekshiruvi davomida to‘plangan hujjatlar (tegishli audio va videomateriallar bilan birga) qo‘shib o‘rganish uchun Toshkent shahar prokuraturasiga yuborildi.

Bundan tashqari, muxbir R.Isroilov o‘ziga nisbatan og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilgani uchun Olmazor tuman hokimi o‘rinbosari A.Vahobovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali Bosh prokuraturaga shikoyat yo‘llaganini ma'lum qildi.

Toshkent shahar prokuraturasida olib borilayotgan tergovga qadar surishtiruv jarayonlariga xalaqit bermaslik, surishtiruv jarayonlari xolisligiga ta'sir va bosim o‘tkazmaslik maqsadida KUN.UZ tahririyati ushbu mavzuda boshqa ma'lumotlarni oshkor qilmaslikka qaror qildi.

 

Mavzuga oid