O‘zbekiston | 18:04 / 16.08.2019
76549
8 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz xodimlariga tajovuz: AOKA, Jurnalistlar uyushmasi, Xalqaro press-klub va deputatlar hodisani qoralab chiqdi

Foto: KUN.UZ

Kun.uz sayti vakillarining jurnalistlik faoliyati davomida Toshkent shahar Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari tomonidan tazyiqqa uchragani haqida material e'lon qilingandi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ushbu holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

“Afsuski, bunday holatlar ayrim mansabdor shaxslarning qonunlardan bexabarligini ko‘rsatib qo‘ymoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasiga ko‘ra, ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi.

“Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasiga muvofiq, jurnalist o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida, jurnalist tekshiruvi o‘tkazish, mansabdor shaxs qabulida bo‘lish, ma'lumotlarni belgilangan tartibda yozib olish, shu jumladan, zarur texnika vositalaridan foydalangan holda yozib olish huquqiga ega.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mansabdorlarning OAV vakillariga nisbatan nomunosib harakatlarini qoralaydi. “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasiga ko‘ra, davlat idoralari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslari jurnalistga tazyiq o‘tkazganlik, uning jurnalistlik faoliyatiga aralashganlik, jurnalistning materiallari va zarur texnika vositalarini g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yganlik uchun javobgarlikka tortiladi.

Jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta'minlanish eng muhim va ustuvor vazifa sifatida yana kun tartibiga chiqmoqda. Zotan, u xoh mansabdor shaxs, xoh oddiy fuqaro, xoh jurnalist yoki bloger bo‘lsin, qonun oldida hamma barobardir.

O‘zbekiston Respublikasida so‘z erkinligini ta'minlash sohasida olib borilayotgan islohotlar jarayonida davlat organlari vakillarining jurnalist va blogerlar bilan konstruktiv munosabatda bo‘lishi, erkin axborot olish imkoniyatini ta'minlashi juda muhim. Chunki matbuot va so‘z erkinligi jamiyat taraqqiyotining eng muhim omilidir”, - deyiladi agentlik munosabatida.

Bundan oldin, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahabovni tahririyat xodimlariga davlat organi xodimiga xos bo‘lmagan tarzda muomalada bo‘lgani, bu bilan cheklanmay, ijodiy jamoa xodimlaridan videotasvirga olmaslikni talab qilib, operatorga tashlangani, tahririyatga tegishli texnik vositani sindirib tashlaganini keskin qoralab chiqqandi.

“Bu kabi illatlar ommaviy axborot vositalari vakillari – jurnalistlar erkin faoliyat yuritishi ta'minlanishiga putur yetkazib, ochiqlik siyosatiga, mamlakatimiz taraqqiyotiga raxna soladi. Shunday ekan, Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahabov qonun oldida javob berishi kerak va shart. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tegishli idoralar – mazkur masalaga mas'ullardan tezkor choralar ko‘rilishini va bu haqda OAV vakillariga ma'lumot berib borilishini so‘raydi”, - deyilgan uyushma bayonotida.

Shuningdek, Xalqaro press-klub ham hokim o‘rinbosari tomonidan tadbirkorlar va Kun.uz internet nashri muxbirlariga nisbatan amalga oshirilgan qo‘pol harakatlarini keskin qoraladi.

“Xalqaro press-klub Davlatimiz Rahbari o‘zining shu yaqin kunlarda qilgan qator nutqlarida ijroiya hokimiyat mutasaddilariga, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan hamkorlik qilish va ochiq bo‘lishni ta'kidlayotgan bir vaziyatda, janob Vahobovning ushbu harakatini nomaqbul deb baholaydi.

Umid qilamizki, vakolatli tashkilotlar Olmazor tumani hokimi o‘rinbosarining harakatlariga amaldagi qonunchilikka muvofiq huquqiy baho berib, ushbu noxush hodisani e'tiborsiz qoldirmaydi”, - deyilgan XPK munosabatida.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning fikricha, "Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablaridan kelib chiqib, Olmazorning zo‘ravon hokimi o‘rinbosari ma'muriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi, o‘zini ko‘cha zo‘ravonidek tutib, hokimiyat nomiga dog‘ tushirgani, rahbarlikka noqobilligi uchun lavozimini tark etishi kerak.

Xalq deputatlari Uchtepa tuman Kengashi deputati, O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari o‘rinbosari Nuriddin Zaynitdinovning aytishicha: “qanday holat bo‘lishidan qat'i nazar, davlat xizmatchisi hisoblangan mansabdor shaxs tomonidan axloq-odob qoidalari va amaldagi qonunchilik doirasida ish olib borishi, OAV vakillari bilan ochiq va oshkora muloqotni ta'minlashi lozim edi”.

“Mana shunday mansabdorlarning “xurmacha qiliqlari” va “donolarcha ish tutishlari” olib borilayotgan siyosatga dog‘ bo‘lmoqda va xalqimizning davlat xizmatchilariga bo‘lgan ishonchini yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Tegishli organlar va Halq deputatlari Olmazor tuman Kengashi ushbu holatlarga o‘z munosabatini bildiradi va belgilangan choralarni ko‘radi deb umid qilamiz.

Jurnalistlarga hujum holati yuzasidan tuman hokimining o‘rinbosari mansab vakolati doirasidan chetga chiqishi va boshqa holatlari bo‘yicha javob berishi va egallab turgan lavozimdan ozod etilishi lozim deb hisoblayman”, - deydi deputat.

Qonunga ko‘ra, jurnalist o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida ma'lumotlarni belgilangan tartibda yozib olish, shu jumladan, zarur texnika vositalaridan foydalangan holda yozib olish huquqiga ega.

Jurnalist jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanadi.

Jurnalist axborot to‘plash va tekshiruv o‘tkazish huquqiga ega.

Jurnalist o‘z tekshiruvlarining natijalarini ommaviy axborot vositalari orqali tarqatishga, ularni davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslarga ixtiyoriy ravishda taqdim etishi mumkin.

Jurnalist tekshiruvi davrida u ko‘lga kiritgan materiallar va hujjatlar olib qo‘yilishi yoki ko‘zdan kechirilishi mumkin emas. 

Davlat jurnalistga axborotni erkin olishi va tarqatishini kafolatlaydi, o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishida uning himoya qilinishini ta'minlaydi.   

Jurnalistning jurnalistlik faoliyatiga aralashish, undan o‘z kasbiga doir vazifalarni bajarish chog‘ida olgan biror bir ma'lumotni talab etish taqiqlanadi.  

Davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslari jurnalistga tazyiq o‘tkazganlik, uning jurnalistlik faoliyatiga aralashganlik, jurnalistning materiallari va zarur texnika vositalarini g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yganlik uchun javobgarlikka tortiladilar.

Jurnalistning belgilangan huquqlarini buzganlik, uning jurnalistlik kasbiga doir faoliyati bilan bog‘liq holda sha'ni va qadr-qimmatini haqorat qilganlik, uning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga tahdid, zo‘ravonlik yoki tajovuz qilganlik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid