Jahon | 12:39 / 19.08.2019
25652
2 daqiqa o‘qiladi

Feliks Qulov: Omurbek Babanov katta siyosatga qaytmoqchi emas

Omurbek Babanov / Foto: Aryba.kg

Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri Omurbek Babanov katta siyosatga qaytmoqchi emas. Bu haqda siyosatchi Feliks Qulov Elgezit.kg’ga bergan eksklyuziv intervyusida ma'lum qildi.

«Men Omurbek Babanov bilan Qirg‘izistonga uchib kelganidan keyin ikkinchi yoki uchinchi kuni uchrashdim. U bilan bo‘lgan suhbatdan shuni angladimki, Babanov hozircha katta siyosatga qaytmoqchi emas. Hozirda u faqat oilaviy ishlar bilan band: uzoq vaqtdan beri kenja qizi, boshqa qarindoshlari bilan ko‘rishmagan. U bosh vazir yoki boshqa qandaydir lavozimga da'vogarlik qilmayapti. Babanov hozir faqat shaxsiy ishlar bilan shug‘ullanmoqda, har holda mamlakatda bir yarim yil bo‘lmagan. 

Bundan tashqari, unga qarshi qo‘zg‘atilgan ikkita jinoiy ish bo‘yicha hal qilinmagan masala mavjud. U endi nima qilishi, boshqa protsessual masalalarni hal etish bo‘yicha advokatlar bilan maslahatlashishi kerak. Babanov siyosat bilan shug‘ullanmaslik haqida so‘z bergan, shuning uchun, mening fikrimcha, Babanov mavzusini muhokama qilishning foydasi yo‘q», - dedi Feliks Qulov.

Bundan oldin, Qirg‘iziston muxolifat partiyasi yetakchisi Omurbek Babanov mamlakatga qaytgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid