O‘zbekiston | 18:45 / 21.08.2019
173517
3 daqiqa o‘qiladi

DTM test natijalari kechikayotganiga izoh berdi

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

O‘zbekistondagi oliy ta'lim muassasalarining kunduzgi, kechki va sirtqi ta'lim shakli uchun joriy yilgi test sinovlari 29 iyuldan 15 avgustga qadar o‘tkazildi. Mazkur jarayon Respublikadagi mavjud 60ta oliy ta'lim muassasalari va ularning 30ta filiallari bakalavriatiga talaba bo‘lish istagida hujjat topshirgan abituriyentlar o‘rtasida kechdi.

Bugun, 21 avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Davlat test markazi vakillari ishtirokida jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda ma'lum qilinishicha, bu yil 1 million 66 ming 925 nafar abituriyentdan ariza tushgan va ular ro‘yxatdan o‘tib, ma'lumotlar bazasiga kiritilgan. Bu yil hujjat topshirgan abituriyentlar soni o‘tgan yildagiga nisbatan 250 ming nafarga ko‘proq bo‘ldi. Tanlov bo‘yicha bir o‘ringa 10 nafardan ortiq abituriyent to‘g‘ri keldi.

Kunduzi va kechki ta'lim shakli bo‘yicha 731 ming 918 nafar, sirtqi ta'lim shakli bo‘yicha esa 335 ming 7 nafar abituriyentdan hujjat qabul qilindi. 979 ming 470 nafar abituriyent test sinovlarida qatnashishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 954 ming 75 nafari imtihonda bevosita ishtirok etdi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, jarayon vaqtida tartib-qoidalarni buzgan 465 nafar abituriyent sinovdan chetlashtirilgan, noo‘rin xatti-harakati orqali xatolikka yo‘l qo‘ygan 20 nafardan ortiq guruh nazoratchisi bilan tuzilgan shartnomalar bekor qilingan.

DTM boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov nima uchun joriy yilda mandat kechikayotganiga izoh berarkan, joriy yilda har bir abituriyent bir paytda uchta oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirishi ilk marta yo‘lga qo‘yilgani va shu bois ham mandat test jarayonlari yakunlanganidan so‘ng bir hafta ichida e'lon qilinishini ta'kidladi. Shuningdek, u haligacha ayrim imtiyozlarni uchta yo‘nalishda qo‘llash tartibi rasman ma'lum emasligi, Farg‘onadagi «Temurbeklar maktabi» bitiruvchilari alohida kvotada qabul qilinadimi yoki asosiy kvota ichidami, bu ham noaniqligini aytib, mazkur holatlar ham yakuniy natijalar kech chiqarilishiga sabab bo‘layotganini bildirdi.

Barno Rajabovning qayd etishicha, DTMda ikki kun mobaynida mandatni e'lon qilish imkoniyati mavjud.

Eslatib o‘tamiz, 14.05.2019 yildagi Prezident qarori bo‘yicha, test sinovlarining javoblarini e'lon qilishning oxirgi muddati - 22 avgust. Qonun hujjatlarida test sinovlari natijalarini ortga surish haqida birorta qoida yo‘q.

Mavzuga oid