Jamiyat | 19:30 / 23.08.2019
54038
21 daqiqa o‘qiladi

Bobotog‘dagi kovrak mojarosining yangi tafsilotlari. Yoxud «tanganing uchinchi tomoni» haqida hikoya

Kun.uz saytida joriy yilning 2 avgust kuni «Bizga investorlar kerakmi yo yo‘q: Hindistonlik investorni Surxondaryoda qiynayotgan muammolar haqida» sarlavhali material e'lon qilindi.

Unda «Bobotog‘» davlat o‘rmon xo‘jaligining mutasaddi xodimlari tomonidan o‘z xizmat vazifalarini yetarli darajada olib bormagani natijasida, xorijlik investorga qonuniy asoslarda ijaraga berilgan hududlarda mahalliy aholi va boshqa shaxslar tomonidan yetishtirilgan kovrak hosilini yig‘ib olishda turli xil to‘sqinliklar yuzaga kelayotgani haqida ma'lumotlar qayd etilgan edi.

Keyinroq, Surxondaryo viloyati Uzun tuman hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi Davlat qo‘mitasi mazkur materialga nisbatan o‘z munosabatini bildirishdi. Ushbu munosabat joriy yilning 20 avgust kuni Kun.uz sayti orqali «Haqiqiy investor kim? – Bobotog‘dagi kovrak mojarosi boshqacha tus olmoqda» sarlavhasi bilan e'lon qilindi (e'tirozlar sababli bu maqola hozircha saytdan olib tashlandi).

Kuni kecha tahririyatga O‘rmon xo‘jaligi Davlat qo‘mitasining mazkur munosabatiga nisbatan «FERULA SHIFOBAXSH» mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari va Jamiyat ta'sischilarining raddiyasi kelib tushdi. «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 34-moddasi talabiga muvofiq ushbu raddiyani e'lon qilishga qaror qildik. Quyida raddiya matni havola qilinadi.

* * *

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi Davlat qo‘mitasi va Rossiyaning «TK Kometa» kompaniyasi o‘rtasida 2018 yil 6 martda imzolangan memorandumga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida faoliyat olib borish uchun «FERULA SHIFOBAXSH» MChJ tashkil etilgan.

«FERULA SHIFOBAXSH» MChJ O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining a'zosi hisoblanadi.

Kun.uz sayti orqali 02.08.2019 yilda «Bizga investorlar kerakmi yo yo‘q: Hindistonlik investorni Surxondaryoda qiynayotgan muammolar haqida» sarlavhali maqola nashr etilgan edi.

Mazkur maqolada «Bobotog‘» davlat o‘rmon xo‘jaligining mutasaddi xodimlari o‘z xizmat vazifalarini yetarli darajada olib bormagani natijasida, jamiyatga qonuniy asoslarda ijaraga berilgan hududlarda mahalliy aholi va boshqa shaxslar tomonidan yetishtirilgan kovrak hosilini yig‘ib olishda turli to‘sqinliklar yuzaga kelayotgani xaqida ma'lumotlar qayd etilgan edi.

Keling, o‘sha maqoladan iqtibos keltiramiz:

«Xorijiy investor duch kelayotgan muammo yuzasidan mahalliy hokimlik va tegishli tashkilotlar mutasaddilari bilan uchrashdik. Dastlab Uzun tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Usmon Alimov bilan suhbatlashdik. «Bu masala yuzasidan investor bizga murojaat qilmagan. Muammodan xabarimiz yo‘q. Bu masala asosan «Bobotog‘» davlat o‘rmon xo‘jaligi bilan bog‘liq. Muammodan xabar topdik, endi biz ham zarur choralarni amalga oshiramiz», — deydi u. Ammo tuman hokimligiga bu masalada yordam so‘rab, xat bilan murojaat qilingan. Bizga ushbu xat nusxasi taqdim etildi. Tuman hokimi birinchi o‘rinbosarining «muammodan xabarimiz yo‘q», deyishi tushunarsiz holat».

Vaholanki, tadbirkorlik sub'yekti tomonidan uning faoliyatiga to‘sqinlik qilinayotgani haqidagi rasmiy ravishda yuborilgan «Aloqa xati»ni 20.07.2019 yilda tuman hokimligining vakili tomonidan imzo qo‘yib, qabul qilganini tasdiqlovchi rasmiy hujjat mavjud.

Shuningdek, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Usmon Alimovning «Muammodan xabar topdik, endi biz ham zarur choralarni amalga oshiramiz», degan va'dasining ijrosi yuzasidan hech qanday tashkiliy tadbirlar amalga oshirilmagan.

Yuqoridagi murojaat bo‘yicha Surxondaryo viloyati Davlat o‘rmon xo‘jaligi va «Bobotog‘» davlat o‘rmon xo‘jaligiga ham rasmiy ravishda ariza bilan murojaat etilgan. Biroq, mazkur davlat organlarining murojaatimizni ko‘rib chiqish va tegishli sharoit va tadbirlarni ta'minlab bermagan.

Tadbirkorlik faoliyatimizga to‘sqinlik qilayotgan ayrim fuqarolarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish haqidagi Uzun tumani IIBga qilgan murojaatimiz hamda murojaatimiz yuzasidan IIBning O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga yuborilgan ma'lumotnoma bunga yaqqol dalil bo‘la oladi.

Maqolada ta'kidlab o‘tilganidek, o‘rmon xo‘jaligining majburiyatlari, xususan, tasarrufidagi hududlar muhofaza qilinishi bevosita «O‘rmon to‘g‘risida»gi Qonun va Hukumatning 2017 yil 19 iyuldagi №530-sonli qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi to‘g‘risida»gi Nizom talablari bilan qat'iy belgilab qo‘yilgan.

Maqoladagi «Bobotog‘» davlat o‘rmon xo‘jaligi sobiq rahbari T.Mirzayevning Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida, «Biz bu borada yordam beramiz va bu bizning vazifamiz. Ertagayoq tegishli choralarni ko‘ramiz. Bunday holatga yo‘l qo‘yayotgan xodimlarimiz ham jazosini oladi. Hammasini hal qilamiz», — degan va'dalari hamda «Bobotog‘» davlat o‘rmon xo‘jaligi tasarrufidagi yerlarda xorijiy investor va shartnoma imzolagan MChJlar duch kelayotgan asosiy muammo, ya'ni ular ijaraga olgan hududlarda kovrak o‘simligi talon-toroj qilinayotgani, xo‘jalik tomonidan hududlarga qo‘yilgan nazoratchi va qorovullarning o‘zlari til biriktirib, shu qing‘irliklarda ishtirok etayotganini inkor etmagani investorga to‘siq bo‘layotganini tasdiqlovchi katta DALIL emasmi?

2. Endi esa, yuqoridagi maqola yuzasidan Kun.uz saytida joriy yilning 20.08.2019 yilda chop etilgan «Haqiqiy investor kim? – Bobotog‘dagi kovrak mojarosi boshqacha tus olmoqda» sarlavhasi ostidagi maqola chiqishiga sabab bo‘lgan, Uzun tumani hokimining birinchi o‘rinbosari U.Alimovning imzosi bilan ro‘yxatdan o‘tgan 03.08.2019 yildagi 299/01-31-sonli hamda O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi Davlat qo‘mitasining noxolis, asoslantirilmagan hamda mavzuga umuman aloqasi bo‘lmagan javob xatlaridagi ma'lumotlarga e'tibor qaratsak.

Jumladan, «Ammo o‘tgan davr mobaynida qo‘shma korxona tomonidan ushbu majburiyatlar bajarilmasdan kelinmoqda. Kovrak o‘simligi madaniy holda ekilganidan so‘ng, 6-7 yilda hosilga kirishi e'tiborga olinsa, ular o‘ziga ajratilgan yerda na o‘simlik ekdi, na investitsiya mablag‘i kiritdi», «... «FERULA SHIFOBAXSH» MChJ qo‘shma korxonasi 2019 yil davomida 2 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritish majburiyatini olgan. Ammo joriy yilning 7 oyi mobaynida Uzun tumanida kovrakni qayta ishlash zavodi qurish uchun bir so‘m ham sarmoya kiritilmagan. Demak, o‘z-o‘zidan, korxona Bobotog‘da tabiiy holda o‘suvchi qimmatbaho o‘simlikning shirasini yig‘ishtirib olib ketishni maqsad qilgani ayon bo‘lmoqda. Va bu ishi uchun tuman mutasaddilaridan qo‘riqlashni ham talab qilishmoqda».  

Xuddi shunga o‘xshash O‘rmon xo‘jaligi Davlat qo‘mitasining noxolis, yolg‘on mavzuga aloqasi bo‘lmagan ma'lumotlariga nisbatan quyidagilarni ma'lum qilamiz.

Birinchidan, jamiyat tomonidan 2018 yilning may oyidan buyon o‘rmon xo‘jaligi tizimi xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlaridan, ya'ni «FERULA SHIFOBAXSH» MChJga qonuniy asoslarda ajratilgan hududlarda boshqa tadbirkorlik sub'yektlari va boshqa shaxslarga ham berib yuborilgani yuzasidan ko‘p sonli murojaatlari va shikoyatlari oqibatsiz qoldirilgani natijasida investitsiya majburiyatlarini bajarishga erishilmasdan kelingan.

Mazkur shikoyat yuzasidan Savdo-sanoat palatasiga qilingan murojaat yuzasidan tegishli mutasaddi idora xodimlari ishtirokida rasmiylashtirilgan 26.08.2018 yildagi dalolatnoma buning isboti bo‘lishi mumkin.

Shunga qaramasdan tegishli murojaatlar natija bermaganidan so‘ng, jamiyat tomonidan o‘rmon xo‘jaligi tomonidan yetkazilgan zarar va boy berilgan foydani undirish haqida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga berilgan da'vo arizasi qanoatlantirilib, sudning 23.10.2018 yildagi 4-1001-1814/23267-sonli hal qiluv qarori bilan javobgar «Bobotog‘» davlat o‘rmon xo‘jaligidan «FERULA SHIFOBAXSH» MChJ hisobiga 1.258.476.980 so‘m boy berilgan foyda, 5.000.000 so‘m davlat boji va 16.000 so‘m pochta xarajati undirish belgilangan.

Vaholanki, sud majlisi jarayonlarida ya'ni, sud majlisini ko‘rib chiqishni boshqa kunga qoldirish haqida 12.10.2018 yildagi ajrimi bilan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari O.Hakimovdan qo‘mitaning 11.06.2018 yildagi 89-sonli buyrug‘i ijrosi bo‘yicha «Bobotog‘» davlat o‘rmon xo‘jaligida o‘tkazilgan o‘rganish natijasi yuzasidan tuzilgan 25.06.2018 yildagi dalolatnoma nusxasi talab qilinishiga qaramasdan, sudning mazkur topshirig‘i o‘rmon xo‘jaligi tomonidan ta'minlanmagan.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi IPK 69-moddasining tegishli bandini bajarmagan taqdirda, belgilangan tartibda jarima solinishi belgilangan. O‘rmon xo‘jaligi esa, mazkur dalolatnomani berishga qasddan bosh tortgan. Agar, talab qilingan dalolatnoma topshirilgan taqdirda, «Bobotog‘ davlat o‘rmon xo‘jaligi» faoliyatining 5 oy yakunlari o‘rganilgani, unga ko‘ra «FERULA SHIFOBAXSH» MChJ va unga o‘xshash qonuniy asoslarda faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub'yektlariga vaqtincha ijaraga berilgan hududlarda boshqa tadbirkorlik sub'yektlari va boshqa shaxslar tomonidan qonun-hujjatlarning qo‘pol ravishda buzilgani, shartnomalar qonun-hujjatlariga xilof ravishda rasmiylashtirilgani, natijada boshqa tadbirkorlik sub'yektlarining qonuniy huquq va manfaatlari qo‘pol ravishda buzilgani, shu bilan birga, davlat budjetiga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgani oshkor bo‘lib qolar edi.

Mazkur dalolatnomaning elektron nusxasi o‘rmon xo‘jaligi tomonidan jamiyatga taqdim etilgan.

O‘rmon xo‘jaligi tomonidan berilgan apellyatsiya shikoyati natija bermaganidan so‘ng, jamiyat bilan yetkazilgan zararni to‘lamaslik uchun «kelishuv bitimi» rasmiylashtirib, uni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan 2019 yilning 16 yanvar kuni tegishli ajrim bilan tasdiqlatib olgan.

Vaholanki, mazkur sudning ajrimi ham qonun talablariga zid ravishda rasmiylashtirilgan.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 18.12.2009 yildagi 204-sonli Qarorining 14-bandida, sudlar kelishuv bitimi huquqiy tabiatiga ko‘ra bitim ekanligini va kelishuvning qonun hujjatlariga muvofiqligini o‘rganishda uni tuzish tartibini ham tekshirishlari lozimligini hisobga olishlari kerakligi, agar kelishuv bitimining tarafi aksiyadorlik jamiyati yoki mas'uliyati cheklangan jamiyat bo‘lsa, mazkur kelishuv yirik bitim belgilariga javob berishini, u «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi va «Mas'uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibga muvofiq tuzilganini aniqlash talab qilinishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Shuningdek, o‘sha Qarorning 13-bandida, sud kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalani muhokama qilayotganida taraflar taqdim etgan kelishuv bitimi qonun hujjatlariga xilof emasligini va u boshqa biror shaxsning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmayotganini, agar kelishuv bitimi ko‘char yoki ko‘chmas mulkni berish to‘g‘risidagi shartni o‘z ichiga olsa, sud ushbu mulkka uchinchi shaxslarning huquqlari bor-yo‘qligini (xatlab qo‘yilganini, garovga qo‘yilganini va h.k.) tekshirishi lozim. Ko‘rsatilgan holatlar mavjud bo‘lganda, sud IPK 134-moddasiga muvofiq kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etishi va ishni mazmunan ko‘rib chiqishi belgilangan.

Biroq, birinchi instansiya sudi tomonidan yuqoridagi talablar o‘rganilmagan va tekshirilmagan.

Vaholanki, «Mas'uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida»gi Qonunning 44-moddasida, yirik bitimni tuzish to‘g‘risidagi qaror jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi tomonidan qabul qilinishi, shuningdek, ushbu moddada nazarda tutilgan talablar buzilgan holda tuzilgan yirik bitim jamiyatning yoki uning ishtirokchisining da'vosiga binoan sud tomonidan haqiqiy emas, deb topilishi mumkinligi belgilangan.

Bunday holatda, jamiyatning sobiq rahbari javobgar bilan Bitim tuzishda bitimning yirik bitim turiga kirishini inobatga olmasdan, jamiyat ta'sischilarning umumiy yig‘ilishini o‘tkazmagan.

Ma'lumot uchun: U.Idrisxodjayev mutaxassis sifatida faoliyat yuritayotgan shuningdek, «FERULA SHIFOBAXSH» MChJga ta'sischi sifatida qo‘shilgan «SHIFOBAXSH DORIVOR O‘SIMLIKLARNI YETISHTIRISH VA QAYTA ISHLASH MARKAZI» Davlat unitar korxonasining javobgar — «Bobotog‘» davlat o‘rmon xo‘jaligiga bitta tuzilma sifatida qarashli ekanligini hisobga olib hamda o‘zaro manfaatdorlik borligi nuqtai nazardan, javobgar bilan 17.12.2018 yilda «Kelishuv bitimi» rasmiylashtirib, jamiyat ta'sischilarining ruxsatini olmasdan 16.01.2019 yilda iqtisodiy sud orqali tasdiqlatib olgan.

Jamiyat rahbari U.Idrisxodjayevning o‘zboshimchalik bilan sodir etgan xatti-harakatlari natijasida, jamiyatning faoliyat ko‘rsatishiga imkon bermagan hamda uni jiddiy tarzda qiyinlashtirishga olib kelgan.

Shunga ko‘ra, jamiyat direktorining o‘zboshimchalik bilan hamda qonunga xilof ravishdagi xatti-harakatlari bilan da'vogar ta'sischilarning ishonchini yo‘qotayotgani yuzasidan uni jamiyat direktori lavozimidan ozod etish bo‘yicha 01.05.2019 yilda 2-sonli bayonnoma rasmiylashtirilib, uning o‘rniga San'at Xalilov jamiyat rahbarligiga tayinlangan.

Mazkur holat yuzasidan hozirgi kunda O‘rmon xo‘jaligi tizimida faoliyat yurituvchi qo‘shilgan «SHIFOBAXSH DORIVOR O‘SIMLIKLARNI YETISHTIRISH VA QAYTA ISHLASH MARKAZI» Davlat unitar korxonasini «FERULA SHIFOBAXSH» MChJ ta'sischiligidan chiqarib yuborish xaqidagi da'vo yuzasidan Toshkent shahar Iqtisodiy sudida (4-10-1923/252-sonli iqtisodiy ish) ko‘rib chiqilmoqda.

Shuningdek, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan plenum qarorining 7-bandiga ko‘ra, shartli tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlashga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilgan.

Biroq, birinchi instansiya sudi «Kelishuv bitimi»ni muhokama qilayotganida, uning 3-bandi qonun hujjatlariga xilof emasligini tekshirmagan.

Bundan tashqari, O‘zR FK 179-moddasining birinchi qismiga asosan davlat korxonasi o‘ziga biriktirib qo‘yilgan mol-mulkni mulkdorning roziligi bilangina boshqa shaxsga berishga yoki uni boshqacha usulda tasarruf etishga haqli ekanligi ko‘rsatilgan.

Shu bois, Qarorning 14.1-bandiga muvofiq, sudlar kelishuv bitimini tasdiqlash masalasini ko‘rib chiqishda kelishuv bitimi obekti davlat mulki bo‘lsa tasarruf etish huquqiga ega bo‘lgan vakolatli davlat organining roziligi olinganiga e'tibor qaratishi lozim edi.

Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi IPKning 30-moddasi 1-qismining 3-bandiga ko‘ra, yuridik shaxs ishtirokchilarining (muassislar va a'zolarining) yuridik shaxs tomonidan tuzilgan bitimlarni haqiqiy emas deb topish va (yoki) bunday bitimlarning haqiqiy emasligi oqibatlarini qo‘llash haqidagi da'volari bo‘yicha nizolar ko‘rib chiqilishi belgilangan.

Mazkur holat yuzasidan jamiyat bilan «Bobotog‘» davlat o‘rmon xo‘jaligi o‘rtasida tuzilgan kelishuv bitimini xaqiqiy emas deb topish haqida tegishli sudga shikoyat loyihasi tayyorlangan.

Shunga ko‘ra, jamiyatimiz tomonidan investitsiya majburiyatlari ko‘rsatib o‘tilgan vajlarga ko‘ra hamda ayrim davlat organlariga bo‘lgan ishonch yo‘qolib borayotgani sababli o‘z vaqtida kiritilishiga sabab bo‘lmoqda.

Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi Davlat qo‘mitasining chet el investori Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi Muhammad Ibrohim Muhammad Azimning 300 ming AQSh dollari miqdorida jamiyatning ustav fondiga kiritish sharti bilan 60 foiz ulush asosida ta'sischi sifatida kirgani, biroq, jamiyatning tegishli ta'sis hujjatlariga tegishli o‘zgartirish kiritilmagani va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganiga noxolis va noto‘g‘ri yondashilgan.

Jumladan, mazkur chet el fuqarosining ustav fondini shakllantirgani haqiqat. Biroq, u fuqaroning bevosita jamiyatning ta'sischisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan «SHIFOBAXSH DORIVOR O‘SIMLIKLARNI YETISHTIRISH VA QAYTA ISHLASH MARKAZI» Davlat unitar korxonasining manfaatlari uchun xizmat qilgani, qolgan ta'sischilarga nisbatan o‘zaro hurmat va kelishuv munosabatlarini shakllantirmagani sababli, 01.11.2018 yildagi ta'sischilarning umumiy yig‘ilish bayonnomasi asosida, u ta'sischi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan. Bu haqda, u tomonidan jamiyat ustav fondiga kiritilgan 300 ming AQSh dollarini qaytarib olishini so‘rab, joriy yilda ikki marta ogohlantirish xati yuborilgan.

Bundan tashqari, fuqaro Muhammad Ibrohim Muhammad Azimning shaxsan o‘zi tomonidan 26.02.2019 yildagi «SHIFOBAXSH DORIVOR O‘SIMLIKLARNI YETISHTIRISH VA QAYTA ISHLASH MARKAZI» Davlat unitar korxonasi rahbari A.Mamatkarimov nomiga yo‘llagan murojaatida, uning ta'sischilar safidan chiqishini ma'lum qilgani bayon etilgan.

Shunga ko‘ra, o‘rmon xo‘jaligining bergan asoslantirilmagan javobidagi jamiyatning boshqa ta'sischilari tomonidan kiritilgan AQSh valutasida kiritilgan ustav fondini oshirishdagi harakatlari o‘zaro kelishuv yo‘li bilan amalga oshirilganini, bu esa, fuqaro Muhammad Ibrohim Muhammad Azim tomonidan kiritgan 300 ming AQSh dollariga umuman aloqasi yo‘qligini, mazkur ma'lumot umuman olganda nufuzli davlat organining «g‘iybat gap»li ma'lumotidan o‘zga  narsa emas deb hisoblaymiz.

Shuningdek, maqolada O‘rmon xo‘jaligi Davlat qo‘mitasi tomonidan «TK KOMETA» MChJ va fuqaro Yakubov Rustam Dunayevichning o‘zaro til biriktirib, noqonuniy harakatlarni amalga oshirishgani, investitsiya mablag‘ini o‘zlashtirishni maqsad qilganliklari, jamiyatga tegishli bo‘lgan muhr va shtamplarni qalbakilashtirgani, bank va soliq inspeksiyasidagi ma'lumotlarga o‘zgartirish kiritishgani, jamiyatning bankdagi 104 ming AQSh dollar miqdoridagi pul mablag‘larini turli maqsadlarda sarflashga erishilgani, investitsiya firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilayotgani kabi, tegishli tergov yoki sudning qonuniy asoslantirilgan hujjatlari bo‘lmasdan, tuhmat asosida yuqoridagi ma'lumotlar ommaviy axborot vositasi orqali tarqatilgan.

Maqolaning yuqoridagi hamda shu bilan birga, oxirgi qismlarida ko‘rsatib o‘tilgan jamiyatga ajratilgan mahalliy aholi tomonidan ishlayotganlik holati yuzasidan 30ta dalolatnoma rasmiylashtirilgani haqidagi tuhmatga yaqin bo‘lgan ma'lumotlar bilan jamiyatning sha'ni, qadr-qimmatlari va ishchanlik obro‘siga salbiy ta'sir ko‘rsatilgan.

«FERULA SHIFOBAXSH» MChJ direktori S.Xalilov.

Jamiyat ta'sischilari: Narayan Sundaram («TK KOMETA» MChJ vakili),

Rustam Yakubov

Tahririyatdan: «FERULA SHIFOBAXSH» MChJ tomonidan keltirilgan fikrlar va taqdim etilgan dalillarning haqiqatga mos kelishi yoki kelmasligi bo‘yicha tahririyat javobgar emas.

Mavzuga oid