Jahon | 12:31 / 23.08.2019
97598
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi Asqar Aqayev bo‘yicha bayonot berdi

Foto: RIA Novosti / Ruslan Krivobok

Agar Asqar Aqayev Qirg‘izistonga qaytib kelsa, u so‘roq qilinadi. Bu haqda ushbu mamlakat Bosh prokuraturasi xabar berdi, deb yozmoqda Knews.

Mahkama davlatdan qochib chiqib ketgan prezident va uning oilasiga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar haqida eslatgan.

Prezidentning rafiqasi Mayram Aqayeva rahbarlik qiluvchi «Meerim» xayriya jamg‘armasi faoliyati tekshiruvdan o‘tkazilgach, 30dan ortiq jinoiy ishlar ochildi, ular bo‘yicha davlatga 64 million som zarar yetkazilgani aytildi. O‘nlab imoratlar va boshqa mol-mulklar davlatga qaytarildi.

Asqar Aqayevning sobiq kuyovi Odil To‘yg‘onboyev mol-mulki musodara qilingan holda sirtdan 20 yil qamoq jazosiga hukm qilingan. Sud ayblanuvchidan «Manas» xalqaro aeroporti» OAJ foydasiga 677,291 million som (taxminan 10 million dollar) undirish haqida qaror chiqargan.

Sobiq prezidentning o‘g‘li Aydar Aqayevga qarshi to‘rtta jinoiy ish ochildi, ular bo‘yicha yetkazilgan zarar miqdori 3 million dollarni tashkil etadi. Yana 11ta jinoiy ishda uning aybdorligi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita dalillar mavjud.

Ma'lum voqealardan keyin Asqar Aqayev va uning oilasi Qirg‘izistonni tark etgani sababli, ular sodir etgan jinoyatlar doirasida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlanib, Aydar Aqayev, Odil To‘yg‘onboyev va boshqa qarindoshlari xalqaro qidiruvga berildi.

Aqayevning jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash uchun, agar u Qirg‘izistonga kelsa, tegishli tergov idoralari tomonidan so‘roq qilinadi, shundan so‘ng uning harakatlariga huquqiy baho beriladi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid